www.ziyouz.com kutubxonasi
62
paytlari. Begim oy desa oydek, kun desa kundek, oqilayu foziladirlar. Shu vaqtgacha
munosib kuyov uchramay dog‘da edik. Volidangiz ham, tog‘oyingiz ham vaqt o‘tib
ketayotganidan iztirobda edik.
— Yana bir-ikki yil uyda o‘ltirib qolsa, «qari qiz» deb kulurlar, — dedi Qutlug‘ Nigor
xonim.
Opasining taqdiriga oid bunaqa gaplarni Bobur ilgarilari ham eshitgan edi. Ammo bugun
Do‘stbekning gaplariga qaraganda, qandaydir kuyov topilganga o‘xshardi. Bobur shuni
bilgisi kelib, o‘smirlarcha qiziqish bilan so‘radi:
— Kim bizga pochcha bo‘lmoqchi?
Ro‘yirost berilgan bu savol, Do‘stbekni shoshirib qo‘ydi. U yana gapni aylantirdi:
— Sizdek oliy zotga «munosib pochcha bo‘lurmen», deb hech kim jur’at qilib aytolmas.
Ammo umarolaringiz orasida asilzoda beklar bor. Chunonchi, Sulton Ahmadbek. Yigirma
besh yoshga kirgan norg‘ul yigit. Chopqunga borib, bahodirona zafar bilan qaytdi. Beklar
orasida obro‘si baland. Yonida uch zabardast inisi bor. Uch yuz navkari bilan hammasi
sizga to o‘lguncha sodiq xizmat qilmoqchilar.
Bobur hali oila nimaligini, kuyov-kelin qanday bo‘lishini bilmasa ham opasi Xonzoda
begimni Ahmad Tanbalning yoniga qo‘yib tasavvur qildi-yu, ikkovini bir-biriga to‘g‘ri
keltirolmadi. So‘ng onasiga qarab:
— Siz rozimisiz? — dedi.
Qutlug‘ Nigor xonim og‘ir tin olib:
— Nachora! — dedi. — Xonzoda begim tojdor, taxt-dor kuyovlarga munosib qiz. Ammo
hozirgi notinch zamonada qani biz istagan kuyov? Biz tog‘oyingiz bilan surishtirib bildik.
Sulton Ahmadbekning avlod-ajdodi asilzodalardan ekan. Bobokalonlari Jo‘jixon, Chin-
gizxonlarga qon-qarindosh bo‘lgan sultonlar ekan. Hozir Tilba Sulton nomlik og‘asi
Toshkentda tog‘oyingiz Mahmudxonda sohibixtiyor eshik og‘a ekan. Endi bu Ahmadbek
kuyov bo‘lsa, oraga og‘asi tushib, tog‘oyingiz Mahmudxon bilan sizni
yaqinlashtirarmikin? Shunday nufuzli bek sizga kuyov bo‘lib, butun urug‘lariyu navkarlari
bilan qanotingiz tagiga kirsa, ishingizning rivoji yaxshiroq bo‘lurmikin?
— Shubhasiz, shunday bo‘lur! — dedi Do‘stbek chuqur e’tiqod bilan.
Bobur nima deyishini bilmay yelka qisdi: yosh o‘smir o‘zidan katta opasini kimga erga
berish haqida o‘ylashdan ham tortinar edi. Ammo onasi va tog‘asi bu ishni uning
podshohlik hukmi bilan amalga oshirishni istardilar.
— Begimning o‘zlari uchun ham yaxshi bo‘lur, — deb davom etdi Do‘stbek. — Agar
boshqa bir yurtdagi tojdorga tushsalar, onalaridan yiroqda bo‘lurlar, amirzodamday
suyukli inilarining himoyalaridan uzoqlashurlar.
— Ha, undan ko‘ra yonginamda bo‘lgani afzal, — dedi Qutlug‘ Nigor xonim. — Xonzoda
mening to‘ng‘ich qizim, maslahatgo‘yim, Ahmadbekka bersak, ko‘z o‘ngimda mening
yolg‘izligimni bilintirmay yurur.
Bobur bu borada o‘zi bilmaydigan ko‘p narsalarni onasi yaxshi bilishini o‘yladi-yu:
— Onam rozi bo‘lsalar, bo‘ldi, — dedi.
Do‘stbek quvonib ketdi:
— Haq gapirdingiz, amirzodam, juda haq! Ona ro-zi— xudo rozi, deb bejiz aytmaganlar!
Qutlug‘ Nigor xonim hamon xomush edi. Bobur buning sababini sezganday bo‘lib:
— Begimning o‘zlari nechuk? — deb so‘radi.
Qutlug‘ Nigor xonim og‘ir tin olib:
— Begim rozi emaslar, — dedi. — Eshitib ko‘p yig‘ladilar.
— Bunday paytlarda yig‘lash qizlarning azaliy odati,— deb kulib qo‘ydi Do‘stbek.
— Ammo, Xonzoda begimning ahvolidan men xavotirdamen, amirzodam, — dedi Qutlug‘
Nigor xonim. — «O‘zimni o‘ldiramen», degan so‘zlarini eshitib qoldim.