www.ziyouz.com kutubxonasi
67
boshlagan bo‘lsa kerak. Aks holda, No‘yon borgan zahoti tikib ulgurmas edi. Demak, u
Boburning najot keltirishiga ishongan!
— Amirzodam, qo‘lingizdagi gavharlarning tarixini eshiting, — deb davom etdi No‘yon. —
Bular Sulton Ahmad mirzoning sallalariga qadalgan asl gavharlardan ekan. Uning
mungliqlari tilak bildirdilarki, Sulton Ahmad mirzoning shu gavharlari siz bilan birga yana
Samarqand taxtiga chiqsinu, sizning aziz boshingizda yuz yil bezavol porlab tursin!
Sulton Ahmad mirzo tilga olinganda Boburning ko‘ngli bir xira tortdi. Ammo uning
qo‘lidagi gavharlar shunday musaffo tovlanar ediki, ularda porlagan go‘zal nur
qallig‘ining ko‘zlaridan nishona berib turganga o‘xshardi.
— Mayli, mungliqlar tilagandek bo‘lsin! — dedi Bobur No‘yonga.
So‘ng sekin qarsak chalib, dastorpechni chaqirtirdi.
Dastorpech bu gavharlarni Boburning tantanali marosimlarda o‘raydigan sallasiga qadab
qo‘ydi.
Shu oqshom Bobur g‘oyibona mehr qo‘ygan qallig‘ini ko‘rgisi kelib, g‘azal yoza boshladi:
Jamoling vasfini, ey oy, necha eldan eshitgaymen
Ne kun bo‘lg‘ay visolingga meni dil xasta yetgaymen?
___________
* S u b h o n i o‘ r i k — danagi o‘rniga mag‘iz solingan o‘rik.
* L a v z i n a — bodom qo‘shib ishlangan shirinlik.
* O sh l i q — bu yerda don, un ma’nosida.
2 Qish chillasi avjida. Izg‘irinli yellar esadi. Qo‘l-oyoqlariga kishan solingan, kiyimlari yirtiq
mahbuslar Samarqandning Registon maydonida sovuqdan qaltirab, shahar qozisining
hukmini tinglaydilar.
Ishonchli amaldorlarning aniqlashlariga qaraganda, bular Bobur mirzoga xiyonat
qilganlar — qamal paytida unga maxfiy odam yuborib, «kechasi kelinglar, darvozani
ochib berurmiz», deganlar. Boburning bir dasta botir navkarlari G‘ori Oshiqon oldidan
qal’aga oshib o‘tganda, xiyonatchilar ularni dushmanlariga tutib berganlar.
— Biz emas! Tutib berganlar qochib ketmishlar! — yig‘lamsirab qichqirdi mahbuslardan
biri.
Ammo uning so‘ziga hech kim e’tibor bermadi. Farmoni oliyga binoan jallod ularning
qo‘llarini or-qalariga bog‘lab, maxsus chuqur oldiga cho‘kkalatib qo‘ydi-da, bo‘g‘izlariga
xanjar tortdi. Qatl etilganlarning issiq qoni maydonning toshlariga sachrab, sovuqda
hovur chiqarib bug‘lanar edi.
Kechasi bo‘ralab yoqqan qor buning hammasini bekitib, borliqni oppoq qilib ketdi. Ertasi
kuni tushdan havo yumshab, gumbazlarning qorlari erib tusha boshladi.
Peshin namozidan keyin Bobur mirzo otlanib Samarqand rastalarini aylanishga chiqdi.
Yonida eshik og‘a Qosimbek, Ahmad Tanbal va Xonquli degan yana bir bek orqaroqda
navkarlar bilan kelishmoqda. Shaharning qayerida nima borligini yaxshi biladigan sa-
marqandlik keksa shoir Javhariy ularga yo‘l ko‘rsatib, oldinda boryapti.
Ulug‘bek qurdirgan ulkan gumbazli xonaqodan o‘tganlaridan keyin Javhariy kunchiqish
tomondagi ko‘chani ko‘rsatdi.
— Amir Alisher Samarqandga kelganlarida mana shu ko‘chadan ko‘p o‘tar edilar. Mazkur
ko‘chaning oxirida Alisherbekning ustozlari faqih Abdullays istiqomat qilur edi. Uylari hali
ham bor.
— Siz Mir Alisherning suhbatlarida bo‘lganmisiz? — so‘radi Bobur.