www.ziyouz.com kutubxonasi
92
ko‘zlariga yosh quyulib kelardi.
Yaqindagina og‘ir xastalikdan turgan o‘n olti yoshlik o‘g‘lining bunchalik ezilib
qiynalishlari Qutlug‘ Nigor xonimni iztirobga soldi.
— Boburjon, bolam, shukurki, sog‘-salomat ko‘rishdik! Xayriyat, tuzalib ketibsiz.
— Baraks, tuzalmay turganim ma’qul edi! Samarqandni tashlab chiqmas edik!
Bunday og‘ir kayfiyat bilan yolg‘iz o‘g‘li yana uzlikib yotib qolishi mumkin. Xavotirlangan
ona Boburga taskin beradigan, uning ko‘nglini ko‘taradigan chora izlay boshladi.
Shunda qizi Xonzoda begim yordamga keldi:
— Onajon, amirzodamni mamnun qiladigan noyob bir sovg‘amiz bor edi-ku!
— Qaysi sovg‘a?
— Shaxnishinning orqasidan topilgan maxfiy sandiq-chi?
— Ha, aytmoqchi! — Qutlug‘ Nigor xonim o‘g‘liga yuzlanib, ovozini sirli tarzda pasaytirdi:
— Boburjon, sizga atalgan buyuk bir meros topildi. Yuring, ko‘rsatay!
Qutlug‘ Nigor xonim Boburni va qizini o‘zi joylashgan narigi tomondagi xonaga boshladi.
Bobur onasi bilan yonma-yon borar ekan, uning bo‘yi shu o‘n oy ichida xiyla o‘sganini,
Bobur tez ulg‘ayib o‘n olti yoshida devqomat, pahlavon yigit bo‘layotganini sezgan
Qutlug‘ Nigor xonim ichida yaratganga yana bir shukrona aytib qo‘ydi. Ayvoni
Sirdaryoga qaragan bahavo, keng xonaga kirdilar. Gilamlar, beqasam ko‘rpachalar
to‘shalgan xonaning to‘rida silliq charm qoplangan sandiq ko‘rindi. Uchovlari shu
sandiqqa yaqinlashganlarida Qutlug‘ Nigor xonim Boburga qarab dedi:
— Esingizdami, otangiz sizga «Bobakalonimiz Amir Temurdan qolgan noyob meros bor,
asrab-avaylab yuribmen, katta bo‘lganingizda berurmen» der edilar?
— Ha, otam bizga sohibqiron bobomiz haqida ko‘p g‘aroyib hikoyalar ham aytib
berganlar.
— Bobokalonlariga ixloslari zo‘r edi-da. Vafotlaridan keyin o‘shal merosni Axsidan
izladim, topolmadim. O‘tgan hafta Andijonda ko‘ch yig‘ishtirgan paytimizda xonayi
xosning devoriga osilgan turkman gilamini olsak, usti shuvalgan tuynukning izi ko‘rindi...
Tuynuk orqasidagi maxfiy joyga mana shu sandiq berkitilgan ekan!..
Qutlug‘ Nigor xonim namoz o‘qigan paytidagi kabi ezgu bir tovush bilan sekin:
— Bismillohir rohmanir rohiym! — dedi-da sandiqni ochdi. Undan nafis ipak matoga
o‘ralgan oltin sopli qilichni ikki qo‘llab olib, o‘g‘liga ko‘rsatdi:
— Sohibqiron Amir Temurning qilichlari!
Bobur quloqlariga ishonmay, ko‘zlarini katta-katta ochib qilichga tikildi:
— Rostdanmi, a?
— Yozuvlari bor! Oling, bolam, o‘qib ko‘ring!
Qilichning qini yengil bir ma’dan qotishmasidan quyma qilib yasalgan, ustidan oltin suvi
yugurtirilgan edi. Qinning yuz tomoniga ikkita yirik yashil zumrad toshi qadalgan,
ularning oralig‘ida chiroyli xattotlik harflari bilan bitilgan arabcha yozuv bor edi.
Bobur qilichni onasining qo‘lidan ikki qo‘llab oldida, yozuvini ko‘zlariga yaqin keltirib
o‘qidi:
«Bizkim, maliki Turon, podshohi Turkiston Amir Temur Ko‘ragon farzandimiz Mironshoh
Mirzoga To‘xtamish bilan muhoribada ko‘rsatgan jasorati uchun o‘z qilichlarimizdan birini
in’om etdik».
Bobur bu qilich dastasiga Amir Temurning qo‘li tekkanini, balki Sohibqiron uni janglarda
ishga solganini ko‘z oldiga keltirib hayajonlanib ketdi. To‘xtamishxon va boshqa
chingiziylar bilan qilingan dahshatli janglar xayolida gavdalandi.
— Qilichning o‘zida ham bitik bor, — dedi past tovush bilan Xonzoda begim.
Bobur qilichning oltin sopidan sekin tortib, uni bir qarichcha qinidan chiqardi. Shun-da
olmosday yaltiragan qisqa bir yozuv ko‘ziga jilvalanib ko‘rindi. Amir Temurning