www.ziyouz.com kutubxonasi
88
Egar-jabduqlaridagi oltin bezaklari quyosh nurida yalt-yalt qilayotgan bo‘z otni jilovdor
yetaklab keldi.
Qosimbek unga:
— Qayt! — dedi-yu, Boburga mahofada tinchgina ketaverishni maslahat berdi.
U bilan tabib Boburning yana uzlikib qolishidan astoydil qo‘rqmoqda edilar. Ammo Bobur
otni orqaga yetaklab ketayotgan jilovdorga kulib qaradi-yu:
— Yo‘-yo‘q, otni k-kell-tiring! — dedi.
So‘ng Qosimbekka ham kulimsirab gapirdi:
— X-xa-vo-otir olm-mangiz!
Jilovdor otni yana mahofa oldiga yetaklab keldi. Mahofa to‘xtadi. Bobur uning zinasiga
oyoq qo‘yib, bo‘z otning egaridan oldi-yu, bir sakrab otga mindi. Jilovdor bundan zavqi
kelib jilmaydi va jilovning uchini Boburning qo‘liga tutqazdi.
Qosimbek Boburni ortdan sinchiklab kuzatib boradi, agar uning behol bo‘lgani sezilsa,
darhol yordamga yetmoqchi bo‘ladi.
Ammo Jizzaxga yetib bordilar hamki, ot ustidagi Boburning behol bo‘lgani sezilmadi.
Kichikligidan ot minib suyagi qotgan chavandoz so‘nggi kunlarda suvorilikni juda
sog‘ingan edi. Mahofaning yumshoq parqullari unga xastalik to‘shagini eslatardi.
Tagidagi bo‘z otning sho‘x qadam olishi va sog‘lom bir qudrat bilan o‘ynoqlashi esa
Boburning a’zolarida anchadan beri mudrab yotgan yoshlik kuchlarini uyg‘otganday
bo‘lardi. U otliq yurgan sari badani yayrab, bahri-dili ochilib borardi.
Jizzaxdan naridagi ko‘kalam adirlarga o‘tib tunash uchun to‘xtadilar va ikki joyga chodir
tikdilar. Boburning bugun otliq yurgani va o‘zini juda sog‘lom sezayotgani haqidagi xabar
xolasi bilan qallig‘iga ham yetib borgan edi.
Mehr Nigor xonimning kuyovga xola, ayni choqda, qizga ona ekani sovg‘a-salom
yuborish va bordi-keldi qilish uchun qulay edi. Namozshom paytida Mehr Nigor
xonimning eshik og‘asi Bobur mirzoga sovg‘a olib keldi: chiroyli zarbof to‘n, oltin kamar,
kumush dastali qimmatbaho qamchi. To‘n — Boburning tuzalish shodiyonasi. Kamar —
«kuyovning beli yana ham baquvvat bo‘lsin», degan tilakni bildiradi. Qamchi — bugun
Bobur otliq yurgani tufaylimikin? Yoki «Podshoh otini qamchilab, tezroq Andijonga
yetsinu yog‘iylarni savalasin!» degan ma’nosi ham bormikin? Nima bo‘lganda ham Bobur
bu sovg‘alardan juda ta’sirlanib ketdi.
Ertaga ular xayrlashishlari kerak. Toshkent yo‘li shimolga burilib ketadi. Bobur
tomonidan ham sovg‘a yuborilishi lozim. Biroq ayollarga yoqadigan qimmatbaho
matolaru taqinchoqlarni ular qayerdan topishadi? Hammalari erkaklar. Qo‘ngan joylari
ham cho‘l. Qosimbek shuni Boburga aytib:
— Kumush laganlarda oltin pul yubora qolsakmikin?— dedi.
Bobur esa shu lagan va oltinlarni bugun bo‘sh qolgan mahofaga solib yuborishni taklif
qildi.
— Mahofa ham sovg‘a bo‘lsinmi? Balki ertaga o‘zingiz mahofada yurursiz, amirzodam?
— Xu-xudo xohl-lasa, yur-masmen. 3-zaifalar yurs-sinlar.
So‘nggi gapni Bobur buyruq ohangida aytdi, shuning uchun Qosimbek boshqa e’tiroz
qilolmadi.
Ertasi kuni ertalab ikki muhtasham mahofa ko‘ch ortilgan tuyalaru aravalari bilan birga
shimol tomonga burilib, Mirzacho‘l orqali Toshkentga yo‘l oldi.
Bobur o‘z qo‘shinidan yuz kishini qo‘riqchilikka ajratgan edi ular ham mahofalar bilan
birga uzoqlashib keta boshladilar.
Andijon yo‘lidan chetroqda katta bir qorovultepa ko‘rindi. Bobur yolg‘iz o‘zi shu tepaning
ustiga ot qo‘yib chiqdi-da, egardan tushdi. Otining jilovidan tutganicha cheksiz cho‘lda
tobora kichrayib borayotgan mahofalarga ancha vaqt tikilib turdi. Go‘yo u shu turishda