www.ziyouz.com kutubxonasi
90
Bobur boshini ko‘tardi. Ko‘z yoshidan yuzi nam. Tabib uning yelkasini siladi.
— Amirzodam, shukur, onangiz, egachingiz salomat ekanlar. Ko‘p kuyunmang, boshingiz
omon bo‘lsa, davlat topilur... O‘zingizni ehtiyot qiling, yana xastalanib qolmang!
Bobur darvozaxonaga osilgan ustozini esladi-yu, ko‘ziga yana yosh quyilib keldi:
— Pirim, meni kimlarga tashlab ketdingiz? Shunday odamni osib o‘ldirsalar?! Men
ustozim uchun qasos olmog‘im kerak! Qasos!
O‘rtanib gapirayotgan Boburning tili tutilmayotganidan tabib chol hayratga tushib, unga
tikilib qoldi.
— Oxirgi nafasim qolguncha olishurmen!
Boburning yuzi qahru g‘azabdan bir oqarib, bir qizarib ketayotgan bo‘lsa ham so‘zlari
ravon edi. Samarqandda Boburni tildan qoldirgan kasallik — g‘oyat kuchli bir ruhiy
larzaning oqibati edi. Endi undan ham kuchliroq ruhiy larza Boburning tilida qolgan
duduqlikni birdan yo‘q qilib yubordi. Dushmanlariga qarshi cheksiz bir nafrat va g‘azab
unga kuch-quvvat bermoqda edi.
— Xoinlar jazosini olur! Chekinish yo‘q! Odamlarni to‘plang! Hammaga ayting! Andijonga
borurmiz!
Bobur otini keskin burdi-yu, parishon bo‘lib tarqayotgan odamlarga qarab ketdi.
XO‘JAND, MARG‘ILON, ANDIJON AMIR TEMUR SABOQLARI 1 Bobur mingan yoldor saman ot egasining iztiroblarini sezganday yugan suvlig‘ini asabiy
chaynaydi, jilovni tortib, oldinga uchmoqchi bo‘ladi. Qosimbekning to‘riq qashqasi saman
bilan yonma-yon yo‘rg‘alab boradi. Yo‘l Sirdaryoning baland qirg‘og‘idan kunchiqish
tomonga qarab ketadi. Bobur tezroq Andijonga borib, ota yurtini Ahmad Tanbal
istilosidan xalos qilishga oshiqadi. Qosimbek uni Xo‘jandda to‘xtab, kuch yig‘ishga, vazi-
yat yetilishini kutishga undaydi.
— Amirzodam, Samarqanddan bemavrid yo‘lga chiqqan ekanmiz. Andijon choparini
kutsak bo‘larkan. Endi shoshilmaylik!
— Ustozim Xo‘ja Abdullani osib o‘ldirgan Tanbal onam bilan egachimni sog‘ qo‘ygaymi?
Ularni kim qutqargay?
— Parvardigor o‘zi qutqaribdir. Hazrat onangiz bilan egachingiz Andijondan Qo‘qonga
kelibdirlar.
— Kim aytdi?
— Tohir ularni Qo‘qondan berida yo‘lda ko‘ribdir. Bir kecha Konibodomda tunab, keyin
Xo‘jandga borurmiz deyishibdir.
— Qo‘qon hali bizga tobe’mi?
— Ha, shukur. Xo‘jand ham sizga xayrixoh!
Bu xabarlar Boburga xiyol taskin berganday bo‘ldi. Qosimbek so‘zida davom etdi:
— Onayizor sizni behad sog‘ingandirlar. Mulozimlar bilan peshvoz chiqib kutib olsangiz
qanchalik shod bo‘lg‘aylar. Ungacha men Xo‘jand dorug‘asi bilan so‘zlashib, sizlarga joy
hozirlagaymen.
Boburning o‘zi ham o‘n oydan beri ko‘rishmagan onasi va egachisining iliq mehrlariga
juda tashna edi. Qosimbekning so‘nggi taklifi ma’qul tushib, mulozimlari va ikki yuztacha
qo‘riqchi navkarlari bilan Xo‘janddan Konibodom yo‘liga chiqdi.