88. Allohning hidoyati shudir. U bilan xohlagan bandalarini yo'lga soladi. Agar mushrik bo'lganlarida qilgan (savobli) amallari yo'qqa chiqqan bo'lur edi. 89. Ana o'shalar Biz Kitob, hukm (Hikmat) va payg'ambarlik bergan zotlardir. Agar ularni ana ular (Makka mushriklari) inkor etsalar, ularni inkor etmaydigan qavmni ularga vakil qilib qo'yganmiz. Izoh: Ya'ni payg'ambarni vakil qilib qo'yishimiz mumkin. Ikkinchi tafsiri - barcha mo'min-musulmonlarga, uchinchi tafsiri - arab bo'lmagan xalqlarga, to'rtinchi tafsiri - farishtalarga vakolat berurmiz, so'ngra ular o'z ishlarini qilurlar. 90. Aynan o'shalar Alloh hidoyatiga musharraf bo'lgan zotlardir. Bas, (Siz ham) ularning yo'liga iqtido qiling! Ayting: "Sizlardan uning (payg'ambarlik xizmati) uchun haq so'ramayman. U faqat olamlar uchun eslatmadir". 91. Allohni qadriga loyiq qadrlamadilar, dedilarki: "Alloh bashar (zoti)ga hech narsa nozil qilgan emas"*. Ayting: "Odamlar uchun nur va hidoyat sifatida Muso keltirgan, sizlar uni sahifa-sahifa qilib olib (bir qismini) oshkora, ko'pini esa maxfiy tutgan va (unda) o'zlaringiz va ota-bobolaringiz bilmagan (ilm)larni bildirilgan Kitob (Tavrot)ni kim nozil qilgan edi?" (Yana o'zingiz:) "Alloh (nozil qilgan edi)", - deb ayting! So'ngra ularni o'z ravishlariga qo'yib bering - o'ynab (adashib) yuraversinlar. Izoh: Bu oyatning nozil bo'lishi sabablaridan biri, tafsirlarda aytilishicha, Muhammad (a. s.)ning huzuriga Molik ibn as-Sayf degan bir yahudiy dinining peshvosi kelib, ahmoqona bahs boshlaydi. Rasul (a. s.): "Tavrotda Alloh taolo semiz ulamoni yoqtirmaydi, deyilmaganmi?" - deb so'raydilar. U: "(Ha, shunday) deyilgan", - deb javob beradi. Rasul (a. s.): "Unda sen nechun buncha semizsan?" - deganlarida, u darg'azab bo'lib: "Alloh hech bir insonga (shu jumladan Musoga ham) ilohiy kitob (Tavrot) tushirgan emas", - deb hatto
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur
www.ziyouz.com кутубхонаси
87
o'z diniga ham shakkoklik qilgan ekan.