Patrik Jozef Byukenen. G‘arbning halokati: O‘limga mahkum millat



Yüklə 136,5 Kb.
səhifə1/7
tarix01.12.2022
ölçüsü136,5 Kb.
#71645
  1   2   3   4   5   6   7
Patrik Jozef Byukenen. G‘arbning halokati O‘limga mahkum millat


Patrik Jozef Byukenen. G‘arbning halokati: O‘limga mahkum millat

— Pat, biz o‘zimiz tug‘ilib o‘sgan mamlakatimizdan judo bo‘lib qolayotganimizni payqayapsanmi? — Bu ayanchli savolni 2000 yildagi saylov kampaniyasi davrida Amerikaning turli burchaklarida yashayotgan ko‘plab yurtdoshlarimizdan eshitganman. Xo‘sh, ular nimani nazarda tutgan edi?


Bir qarashda, biz “Ikkinchi Amerika asri” bo‘sag‘asida turgan bo‘lsak-da, go‘yoki otasidan ayrilib qolgan farzandning qayg‘uga botgani singari, vatandoshlarim qalbini bunday tushkun holat egallayotgani g‘alati tuyular ekan odamga. Axir janob Klinton qulog‘imizga tinimsiz quyib kelganidek, mamlaqatda ishsizlikning eng past darajasi kuzatilayotgani, inflyatsiyaning hatto mikroskop vositasida ham kuzatish imkoni yo‘qligi, jinoyatlar kamayib daromadlar osmon qadar ortib borayotgani nahotki yolg‘on bo‘lsa?! Nahotki Madlen Olbrayt xonim uzluksiz targ‘ib etganidek, amerikaliklarsiz dunyoni tasavvur etib bo‘lmasligi ham uydirma bo‘lsa?! Yoxud janob Bush bot-bot ta’kidlaganidek, harbiy kuch-qudrati, iqtisodiy salohiyati va madaniy ta’siri jihatidan bizga teng raqib qoldimikan bu dunyoda?!
11 sentyabrda ro‘y bergan fojia Perl-Xarbordan keyin ilk bor millatni jipslashtirdi; bu qayg‘uli, tahtikali vaziyatda har bir amerikalik besh ming AQSh fuqarosi xuni uchun qasd olishga ont ichgan prezident Bushni qo‘llab-quvvatlashni o‘z burchi deb bildi. Ammo aynan shu fojia tufayli mamlakatimizda kishilarni bir-biridan farqlaydigan mezon faqat daromad, mafkura yoki e’tiqod emasligi, balki muayyan millat, etnik guruhga mansublik hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgani ayon bo‘ldi.
Aniqlanishicha, tub amerika aholisiga mansub bo‘lmagan million-million kishilardan uchdan bir qismi — noqonuniy emmigrantlar, o‘n minglab fuqarolarimiz Qo‘shma Shtatlar urush holatida bo‘lgan diktatorlik tuzumlari tarafdorlari, ayrim vatandoshlarimiz esa — amerikaliklarni o‘ldirish uchun maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan terrorist bo‘lib chiqdi. Endryu Jskson yetakchiligida inglizlarning Luizianadan quvg‘in etilgan davrdan ilk bor dushman hududimizga kirib keldi, amerikaliklar o‘z yuragida tahlika va tahdid ostida qoldi. Aksariyat kishilar 11 sentyabr fojiasidan keyingina mamlakat qay darajada o‘zgarganiga e’tibor bera boshladi.
1969 yili Richard Nikson qasamyod qilgan paytda Qo‘shma Shtatlarda tub aholiga mansub bo‘lmaganlar 9 million kishini tashkil etgan edi. Kichik Bushning prezidentlik faoliyatining dastlabki davrida bunday kishilar miqdori 3,3 barobar ko‘payib, 30 millionga yetadi. Har yili mamlakatga rasman bir million, yana 500 ming kishi noqonuniy ravishda kirib keladi. Shimoli-Sharqiy universitetning ma’lumotlariga ko‘ra, agarda mamlakatda noqonuniy immigrantlarning o‘rtacha miqdori 9 millionni tashkil etsa, Shimoli-Sharqiy shtatlarda bu ko‘rsatkich 11 millionga yetadi. Xuddi shunday vaziyatni Alabama, Missisipi va Luiziana kabi shtatlarda ham kuzatish mumkin. Birgina Kaliforniya shtatidagi immigrantlarning miqdori (8,4 million) butun boshli Janubiy Kaliforniya shtati aholisidan ko‘p ekani aniqlangan. Hozirgi vaqtda vujudga kelgan vaziyatni hatto 1890-1920 yillardagi ommaviy immigratsiya to‘lqini bilan ham qiyoslab bo‘lmaydi. Ishonchim komilki, dunyodagi biror-bir millat bu qadar qisqa vaqt mobaynida ana shunday ulkan to‘lqinga duch kelmagan. Janob Klinton 1998 yili Portlend universitetidagi nutqida talabalarga murojaat etib, tub amerikaliklar aholi tarkibida kamchilikni tashkil etadigan davr yaqinlashib qolgani haqida to‘xtalib, bunday degan edi: “Bugungi kunda, avvalo, immigratsiya tufayli na Gavayya orollarida, na Xyustonda, na Nyu-Yorkda son jihatidan ko‘pchilikni tashkil etadigan xalqni topish amri mahol. O‘ylaymanki, besh yil o‘tar-o‘tmas, dastlab eng yirik shtat — Kaliforniyada, so‘ngra butun Qo‘shma Shtatlarda shunday vaziyat vujudga keladi. Dunyodagi birorta millat bu qadar qisqa davr mobaynida ana shunday global demografik o‘zgarishni boshdan kechirmagan”.
Janob Klintondan farqli o‘laroq, boshqarilmaydigan immigratsiya biz tug‘ilib o‘sgan mamlakatni halokat yoqasiga olib keladi va oxir-oqibat Amerika tarixi, qadriyatlari, tili, madaniyati, e’tiqodi, ajdodlari bilan tubdan farqlanadigan xalqlarning tartibsiz uyushmasiga aylanib qoladi, deb hisoblayman. G‘arb tarixiga bag‘ishlangan “Ibtidodan intiho sari” asarining muallifi Jak Barzum bu haqda shunday deb yozadi: “O‘tgan asrning asosiy tendentsiyasi — ijtimoiy hayot va faoliyatning barcha sohalariga ta’sir etgan ayirmachiliqda (separatizm) yaqqol namoyon bo‘ladi. Vaziyatni diqqat bilan tahlil qilgan har qanday odam G‘arbning buyuk siyosiy tuzilmasi — milliy davlat halokat yoqasiga kelib qolganiga ishonch hosil qiladi. Buyuk Britaniyada Shotlandiya va Uels kabi sobiq qirolliklar o‘z parlamentlariga ega; Frantsiyada bretonliklar, basklar, elzasliklar, korsikaliklar mustaqil davlat tuzish huquqini ko‘p yillardan buyon talab etib kelmoqda; Italiyada Shimolni Janubdan ajratib olishni mo‘ljallagan Liga faoliyat yuritmoqda, Venetsiyada esa ushbu shaharni mamlakatdan ajratib, alohida davlat tuzishni maqsad qilgan partiya tashkil etilgan...”
Hozirgi vaqtda milliy davlatlarning o‘z o‘rnini dunyo hukumatiga bo‘shatib berish masalasi Uolter Kronkaytdan tortib Stroub Telbott singari siyosatdonlargacha, Federalistlarning jahon assotsiatsiyasidan tortib Birlashgan Millatlar Tashkilotigacha ochiq-oshkora muhokama etilmoqda.
1991 yili Yevropaning o‘n besh davlati erkin savdo hududini siyosiy ittifoqqa aylantirib, umumiy boshqaruvni ushbu ittifoqning hukumatiga yuklashga kelishib oldi. 2000 yili Meksika prezidenti lavozimiga nomzodlardan biri Fisente Foke Qo‘shma Shtatlar hukumataga murojaat etib, Kanada, Meksika va AQShni birlashtiradigan Shimoliy Amerika ittifoqini tuzishni taklif etadi. Ayrim kishilar chegaralarning yo‘q bo‘lishi millat yo‘qolishiga olib keladi deb bildirgan e’tiroziga qaramay, Visente Foke amerika ommaviy axborot vositalarida “kelajak bunyodkori” deya e’tirof etiladi, prezident Klinton esa bu voqeaning guvohi bo‘lish unga nasib qilmasligidan achinayotganini oshkora ma’lum qilgan edi.
Amerika ham separatizm kasaliga giriftor bo‘lgan. Ko‘plab vatandoshlarim nazarida, mamlakat etnik guruhlarga bo‘linib ketmoqda. Bundan tashqari, yaqinda biz boshimizdan kechirgan madaniy inqilob oqibatida mamlakatda yangi elitaning hukmronligi o‘rnatildi. Televidenie, san’at, tomoshalar industriyasi, ta’lim tizimi vositasida u kishilar ongiga muayyan g‘oyalar, timsollar, qarashlar va qadriyatlarni singdirib, tamoman yangi millatni shakllantirishga intilmoqda. Buning oqibatida millionlab odamlar o‘z yurtida o‘zini begonadek his etmoqda. Ular hayvoniy mayl va gedonistik (hayotning mazmun-mohiyati aysh-ishrat va lazzatlanishdan iborat, deb hisoblaydigan qarashlar tizimi — tarj.) qadriyatlarni to‘xtovsiz targ‘ib etayotgan ommaviy madaniyatdan yuz o‘girmoqda. Ularning ko‘z-o‘ngida qadimiy bayramlar yo‘qolib bormoqda, ilgarigi qahramonlar timsoli so‘nib, madaniy maydonni kuch, zo‘ravonlik, behayolikni targ‘ib etayotgan superqahramonlar egallamoqda. Amerikaliklar muzeylarda shonli tarixni aks ettirgan ashyolar o‘ta mavhum, badbashara, g‘ayriamerikona timsollar bilan almashtirilayotgani; maktab dasturlaridan barchamizga yoshligimizdan tanish bo‘lgan kitoblar chiqarib tashlanayotgani va ko‘pchilikka notanish bo‘lgan mualliflarning kitoblari kiritilayotgani; ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan azaliy ma’naviy qadriyatlar tag tomiri bilan yulib olinayotgani; ularni tarbiyalagan madaniyat hamda o‘sib-o‘lg‘aygan mamlakat nobud bo‘layotganini kuzatib turibdi. Atigi bir avlod hayoti mobaynida ular sig‘ingan xudoning obro‘sizlantirilgani, qahramonlarining soxtalashtirilgani, madaniyatining ildizlariga bolta urilgani, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarning ataylab buzilayotgani, o‘zlariga esa ajdodlar qadriyatlariga sadoqati tufayli “ekstremist” “munofiq” tamg‘asi bosilayotganiga guvoh bo‘ldi. Berkning fikricha, “Vatanni sevish uchun, bunga undaydigan nimadir bo‘lishi kerak”. Bugun Amerikani o‘z vatani sifatida his etmayotganlar yurtdoshlarim orasida ko‘plab topiladi. Ular biz Amerikani emas, aksincha, Amerika bizni tark etayotir, deb o‘ylaydi. Shu o‘rinda Yevripidning “Dunyoda Vatandan judo bo‘lishdan ko‘ra kattaroq musibat bo‘lmasa kerak” degan so‘zlari esga tushadi.
Kornuollis qo‘shini Yorktaunni tark etayotganda orkestr “Dunyo ostin-ustin bo‘lib ketdi” degan kuyni chalgan ekan. Nima ham derdik, bugun bu kuy voqelikka aylandi: kechagi haqiqat bugungi yolg‘on bilan o‘rin almashdi. Ilgari sharm-hayo, uyat deb hisoblangan illatlar: zino, abort, evtanaziya, suiqasd butun insoniyat erishgan yutuq sifatida baholanmoqda. Bir vaqtlar Nitshe qadriyatlarning qadrsizlanishi haqida fikr yuritgan edi, darhaqiqat, ilgarigi fazilatlar bugun gunoh, gunohlar esa fazilatga aylanmoqda.
Xar gal siyosiy sahnaga kirib kelgan yangi jamoat arbobining “Amerikaliklar — nasroniylar millati” deya ta’kidlashi mamlakatni ostin-ustin qilib yuboradi. Chindan ham, bir vaqtlar amerikaliklar nasroniy bo‘lganiga shubha yo‘q; hozirgi vaqtda ham AQSh fuqarolarining aksariyati o‘zini nasroniylarga mansub deb biladi. Aslida bugungi kunda hukmronlik qilayotgan madaniyat tomonidan ilgari surilayotgan qadriyatlar ko‘hna nasroniy ta’limotiga tamoman zid bo‘lgani bois, ular postnasroniy, hatto g‘ayrinasroniy deb atalsa ayni haqiqat bo‘lur edi. Zero bugungi madaniyat Tavrot kabi ilohiy kitoblarda ulug‘langan xudoni inkor etadi va global iqtisodiyot mehrobiga sig‘inadi. Bir so‘z bilan aytganda, Kipling tasvirlagan “bozor xudolari” Bibliya xudosini taxtdan ag‘dardi. Bugun jinsiy mayl, shuhrat, boylik, hokimiyat yangi Amerikaning yangi xudolariga aylandi.
11 sentyabr kuni yuz bergan kutilmagan fojiadan dahshatga tushgan, minglab qurbonlar uchun ko‘z yoshi to‘kkan, to‘satdan nurab ketishi mumkin bulgan binolar tomon yugurib borayotgan o‘t o‘chiruvchilarning qahramonligiga tasannolar aytgan, yurtdoshlarining o‘limi uchun qasd olish o‘tida yongan amerikaliklar bir tan-bir jon bo‘lib prezident Bush atrofida jipslashgan edi. Biroq, oradan bir oy o‘tar-o‘tmas bu yakdillik va jipslikdan asar ham qolmadi. Bir vaqtlar Prezident katta Bushga “Sahrodagi bo‘ron” operatsiyasi chog‘ida 90 foiz aholining qo‘llab-quvvatlashi yordam bermaganidek, kichik Bush tomonidan terrorizmga qarshi e’lon qilingan urush ham obro‘-e’tiborining oshishiga olib kelmasligi aniq. Chunki o‘rtamizdagi farq shu qadar chuqurki, uni bartaraf etish amrimahol. Aksincha, biz borgan sari ham jismonan, ham ma’nan bir-birimizdan uzoqlashib borayotirmiz.
1917 yili bolsheviklarning Qishki saroyga hujumidan boshlangan inqilob, 1989 yili Berlin devorining qulashi bilan yakun topdi. Uning ijodkorlari kelajak kishisini shakllantirishni orzu qilgan edi. Ammo dahshatli qatag‘onlar va GULAG ham, yetmish yil mobainida Marks va Leninga ko‘r-ko‘rona sig‘inish ham, bolalarning yoshligidanoq G‘arbga nisbatan nafrat ruhida tarbiyalanishi ham ushbu orzuning ro‘yobga chiqishiga imkon bermadi. Kommunizmning sarob ekani ayon bo‘ldi. Yolg‘onning zaif asosiga qurilgan ulkan ustun ag‘darilishi bilan Sharqiy Yevropa mamlakatlari va Rossiyada Lenin va Stalin haykallari buzib tashlandi, Marks va Engels asarlari tarix axlatxonasiga uloqtirildi. Xullas, bolsheviklar inqilobi halokatga yuz tutdi, ammo oltmishinchi yillarda Amerika universitetlarida boshlangan inqilob muvaffaqiyatliroq bo‘lib chiqdi. U jahon hamjamiyatida tub burilish yasab, yangi Amerikaning paydo bo‘lishiga asos soldi. 2000 yilga kelib, mamlakatda noformal, ommaviy madaniyatning hukmronligi o‘rnatildi. Respublikachi-siyosatchilar axloq va ijtimoiy hayot borasida, chunonchi, insonning qard-qimmati, kishilarni dinga qaytarish masalasida nochorligini tan olib, oq bayroq ko‘tarishga majbur bo‘ldi. Ushbu kitobda ana shu inqilobning maqsadlari, u qaerdan va qachon paydo bo‘lgani, qay yo‘sinda bizni dinimizdan mahrum etgani, e’tiqodimizdan qaytargani, yoshlarimizni o‘ziga bo‘ysindirgani, qisqasi, uning hukmronligi qanday oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligi xususida fikr-mulohazalarimni bayon etmoqchiman.
Avvalo, mazkur inqilobning nafaqat Amerikada, balki butun G‘arb dunyosida g‘alaba qilganini ta’kidlamoqchiman. E’tiqod, madaniyat va axloqqa tayangan tamaddun o‘rnini yangi e’tiqod, axloq, madaniyatga asoslangan tamaddun egallamoqda.
Kitobning “G‘arbning halokati” deb nomlanishi Amerikaga tahdid solayotgan madaniyatlararo tafovut va ommaviy immigratsiyadan jiddiyroq xavf-xatar tobora yaqqol namoyon bo‘layotganini anglatadi.
Gap shundaki, G‘arb tom ma’noda “Halokatga yuz tutmoqda”: deyarli barcha G‘arb mamlakatlari aholisi aql bovar qilmas darajada kamayib bormoqda. O‘n to‘rtinchi asrda Yevropa aholisining uchdan bir qismini qirib yuborgan “Qora o‘lat” epidemiyasidan buyon biz hali bu qadar xatarli tahdidga duch kelmaganmiz. U butun G‘arb tamadunini qirib yuborishi hech gap emas. Hozirgi vaqtda Yevropa mamlakatlaridan o‘n yettitasida (Belgiya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Litva, Portugaliya, Rossiya, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya, Xorvatiya, Chexiya, Estoniya) o‘lim ko‘rsatkichi tug‘ilishdan ko‘ra ancha yuqorilab ketgan, ya’ni bu davlatlarda belanchakdan ko‘ra tobutga ehtiyoj ko‘proq. Katoliklar, protestantlar, pravoslavlar — barcha-barchasi G‘arb tamaddunining ko‘mish marosimida ishtirok egmoqda. Nazarimda, yangi gedonizm ta’limoti nima uchun yashash kerak, degan savolga tayinli javob bera olmaydi. Har holda uning ilk mevasi zaharlangan ko‘rinadi. Nahotki, yoshlarimizga bu qadar jozibali ko‘ringan yangi madaniyat va erkinlik aslida og‘u bo‘lib chiqsa?! Rim Papasi Ioann Pavel Ikkinchi ta’kidlaganidek, “G‘arb madaniy o‘lim” talvasasiga tushib qolgan ekan, nahotki, bu tamaddun Lenin imperiyasi ortidan borib, halokatga uchrasa?!
Bundan yuz yil ilgari Gyustav Lebon “Olomon psixologiyasi” mumtoz asarida shunday deb yozgan edi: “Tamaddunlar almashinuvi, masalan, Rim imperiyasining tanazzuli va arab tamaddunining uyg‘onishiga olib keladigan buyuk inqirozlarning asl sababi — fikrlash tarzining tubdan o‘zgarishi bilan izohlanadi... Ro‘y berayotgan har qanday tarixiy voqea-hodisalar — inson ongidagi ko‘z ilg‘amas o‘zgarishlarning hosilasidir... Hozirgi vaqtda biz inson tafakkuri tubdan o‘zgarayotgan ana shunday keskin davrni boshdan kechirmoqdamiz”.
Lebon o‘zi yashagan davr — o‘n to‘qqizinchi asrning oxiri haqida so‘z yuritgan bo‘lsa-da, bugungi kunda ham uning xulosasi o‘z qimmatini yo‘qotmagan. Aynan madaniy inqilob hozirgi davrdagi tafakkur tarzining tubdan yangilanishiga zamin hozirladi. Ayanchlisi shundaki, bu holat G‘arb elitasi, hukmron doiralarini aslo tashvishga solayotgani yo‘q. Aholining kamayib borishi ham, davlatchilik asoslariga putur yetkazilayotgani ham, “Uchinchi dunyo” mamlakatlaridan immigratsiya oqimi borgan sari kuchayib borayotgani ham ularni zig‘ircha o‘ylantirayotgani yo‘q. Endilikda, barcha G‘arb imperiyalari halokatga yuz tutgan bir pallada, tamadduniy va nasroniy qadriyatlardan xalos bo‘lgan, hayotga ishtiyoqi so‘ngan, o‘limni nazar-pisand qilmagan Homo Occidetalis (G‘arb kishisi — tarj.) aysh-ishratdan halovat izlamoqda. Xullas, G‘arb “chirog‘i” so‘nib bormoqda... Xo‘sh, bunday vaziyatdan chiqishning chorasi bormikan? Keling, patologoanatomning hisobotiga nazar tashlaylik.

Yüklə 136,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin