„Bibliografiya“ so‘zi birinchi marta Qadimgi Gretsiyada qo‘llanilgan. So‘zma-so‘z tarjima qilinganda biblion—„kitob“, grapho —„yozaman“ degan ma’noni anglatadi. Kitob nashr etish ishi boshlangunga qadar bu tushuncha kitobni yozish, ko‘chirib yozish ma’nosida qo‘llanilgan. U vaqtlarda kitobni yozish va ko‘chirib yozish qo‘l mehnati bilan amalga oshirilgan. Bu ishni bajarganlarni bibliograflar deb atashgan. O‘sha paytda bibliograflardan alohida mukammal bilim talab etilmasdan, faqat yozishni va o‘qishni bilish talab qilingan bo‘lsa-da, bu ish juda yuqori malakali va istiqbolli ish hisoblangan. Qog‘oz kashf bo‘lgunga qadar O‘rtayer dengizi mamlakatlarida papirus, Mesopotamiyada loy plastinkalardan, Xitoyda iðakdan, Hindistonda palma daraxti barglaridan foydalangan holda axborotning qo‘lyozma shakllarini tarqatishgan.
Bibliografiya texnologiyasi — axborot resurslarini, bibliografik mahsulotlarni qayta ishlab chiqish mahorati. U axborotni yig‘ish, tashkil etish, saqlash, to‘plash, qayta ishlov berish, qidirish, xulosa qilish, nusxa ko‘paytirish, uni uzatish va tarqatishni ta’minlovchi texnologik komplekslarni takomillashtirishda ishtirok etadi.
Bibliografiya tarixi — uning qonuniyatlari va rivojlanish tendensiyalarinio‘rganadi. Bunda bibliografiya tarixi jamiyatlar tarixi, siyosat tarixi, jamiyatning iqtisodiy, madaniy-ma’naviy hayoti bilan bog‘liq holda o‘rganiladi. Rus bibliografiyasi tarixi masalalarini mashhur bibliograflar N.V.Zdobnov, M.V. Mashkova, L.M.Ravich, S.A.Reyser, B.A.Semyonovker, K. R. Simonlar o‘rganganlar. O‘zbekiston bibliografiyasi, umuman, O‘rta Osiyo bibliografiyasi tarixini o‘zbek bibliograf olimlaridan M. M. Òuropov, Sh. M. Shamsiyev, E. O. Oxunjonov, H. Mamatraimova, turkmanistonlik olim A. Yazberdiyevlar tadqiq qilib o‘rganganlar.