Korrektsion pedagogikaning kategoriyalari. Korrektsion pedagogika quyidagi pedagogik kategoriyalarga ega:
Anomal bolalarni o‘qitish va rivojlantirish ularni ijtimoiy hayot va mehnatga tayyorlash, ularda bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan maqsadli jarayondir. Anomal bolalar uchun ta’lim tizimi va metodlarini tanlashda bolaning yoshi va nuqsonning kelib chiqishi vaqti hisobga olinadi. Eshitish yoki ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish vaqti alohida ahamiyatga ega.
Anomal bolalarni tarbiyalash – korrektsion pedagogikaning asosiy tushunchasi bo‘lib, uning maqsad va vazifasi nuqsonning darajasi va tuzilishiga mos keladigan metod hamda vositalar yordamida anomal bolalarni faol ijtimoiy hayot va mehnatga tayyorlash, ularda fuqarolik sifatlarini shakllantirishdan iborat. Anomal bolalarni tarbiyalash oila va ta’lim muassasasi o‘rtasidagi yaqin aloqa, bir-birlarini qo‘llab-quvvatlash, bir-biriga yordam ko‘rsatish, talabchanlik hamda oqilona mehribonlik asosida amalga oshiriladi.
Korrektsiya (yunoncha tuzatish) bolaning psixik va jismoniy rivojlanishidagi nuqsonlarni tuzatish, yo‘qotish va pasaytirishni nazarda tutadi.
Korrektsion-tarbiyaviy ishlar kategoriya sifatida shaxsning anomal rivojlanishi xususiyatlariga ko‘ra umumiy pedagogik ta’sir ko‘rsatish chora-tadbirlari tizimidan iborat. Korrektsion–tarbiyaviy masalalarida sinf va sinfdan tashqari ishlarning barcha tur va shakllaridan foydalaniladi.
Kompensatsiya (yunoncha «compensatio» – o‘rnini to‘ldirish, tenglashtirish) organizmning buzilgan yoki rivojlanmagan funksiyalarining o‘rnini to‘ldirish yoki qayta qurishdir. Kompensatsiya jarayoni oliy nerv faoliyatining zahira imkoniyatlariga tayanadi.
Ijtimoiy reabilitatsiya (yunoncha «rehabilitas» – layoqati, qobiliyatini tiklash) tibbiy-pedagogik mazmunida anomal bolaning psixofiziologik imkoniyatlari darajasida ijtimoiy muhitda ishtirok etishi uchun sharoit yaratish, uni ijtimoiy hayoti va mehnatiga jalb etishni anglatadi. Bu korrektsion pedagogika nazariyasi va amaliyotida asosiy vazifa hisoblanadi.