sakkizinchidan, rivojlanishida turli nuqsonlari bo’lgan hamda davolanishga va
sog’lomlashtirishga muhtoj bo’lgan bolalarning (shu jumladan inklyuziv) ijtimoiy
kafolatlarini ta’minlovchi chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish, ularning
ta’lim-tarbiya olishlari uchun moslashuv muhitini yaratish, imkoniyatlari
cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari (maktablar,
maktab-internatlar) faoliyatini muvofiqlashtirish;
to’qqizinchidan, xalq ta’limi muassasalarida O’zbekiston yoshlar ittifoqi
bo’limlari faoliyatini samarali yo’lga qo’yish orqali o’quvchilarni umuminsoniy
qadriyatlar, yuksak ma’naviyat, insonparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning qalbi va
ongiga mustaqillik g’oyalarini yanada chuqur singdirish, «ommaviy madaniyat»
ko’rinishidagi yot g’oyalarga qarshi immunitetni mustahkamlash;
o’ninchidan, umumiy o’rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari tomonidan
davlat ta’lim standartlari va talablari bajarilishining tizimli monitoringini olib
borish;
o’n birinchidan, ta’lim muassasalarida byudjet mablag’laridan maqsadli va
samarali foydalanishni hamda byudjet intizomiga rioya etishni ta’minlash;
o’n ikkinchidan, ta’lim muassasalarida bino va inshootlardan samarali
foydalanish ishlarini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish.
6.6. 1924-1945 yillarda ta’lim va pedagogika fani 1917 yilgi fevral voqealari va oktyabr davlat to’ntarishidan so’ng Markaziy
Osiyo xalqlarining hayotida – ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-mafkuraviy,
jumladan xalq maorifi sohalarida keskin o’zgarish yuz berdi.
Turkiston o’lkasida milliy demokratiya vakillari, mashhur ma’rifatparvar
ziyolilar tomonidan yangi usuldagi maktablarning keng tarmog’ini yaratish, maktabmaorif borasida zudlik bilan islohotlarni amalga oshirish yuzasidan bir qator takliflar
ilgari surildi.
Ammo O’zbekiston xududida ma’naviyat va madaniyat 1917 yildan boshlab
murakkab vaziyatni boshdan kechirdi, jiddiy to’siqlar va buzg’unchiliklarga
uchradi. Turkistonni qizil imperiya mustamlakasiga aylantirishga kirishgan
bolsheviklar siyosati va amaliyotini xalq ommasi, milliy ziyolilar qabul qilmadilar.
Milliy ziyolilar va arboblarning faoliyati keng tus oldi, chuqur ijtimoiymadaniy mazmun kasb etdi. Jadid ziyolilar, ijod ahli bo’lmish Munavvar Qori,
Maxmudxo’ja Bexbudiy, Sadriddin Ayniy, Fitrat, CHo’lpon, Abdulla Qodiriy,
Abdulla Avloniy, Hamza, G’ozi YUnus, Xurshid va boshqalar bilan bir qatorda XX
asr bo’sag’asida tug’ilgan iste’dodli yoshlar Mashriq YUnusov (Elbek), Naim Said,
Rafiq Mo’min, Mahmud Xodiev (Botu), Baxrom Xaydariy va boshqa qator ziyolilar
madaniyat, maorif soxalarida jonbozlik qildilar, ijtimoiy yo’naltirilgan ijod bilan
shug’ullandilar.
Milliy madaniyatimizning eng qadimgi va yirik markazi bo’lgan
Samarqandda mashxur ma’rifatparvarlar Maxmudxo’ja Bexbudiy, Abdurauf Fitrat,
Akobir SHomansurzoda, Said Axmad (Vasliy), Saidaxmadxo’ja Siddiqiy,
Mardonquli SHomuhammadzoda zudlik bilan maktab islohotini amalga oshirish
fikri bilan maydonga chiqdilar. Ular 1917 yil aprel oyidan boshlab chiqayotgan
“Hurriyat” gazetasi sahifalarida yangi usuldagi maktablarning keng tarmoqlarini
yaratish zarurligi hakidagi fikrni ilgari surdilar. “Anjumani maorif” jamiyatining
mablag’lariga “Rushdiya” maktabi ochildi, unda bepul o’qitilar edi. Abdurauf Fitrat
bilan Kamol Shams bu maktabda o’quvchilarga islom diniy ta’limotini, islom
tarixini, musulmon huquqini, turk, arab va fors tillarini, arifmetika, geometriya,
geografiya, tabiatshunoslik, tarixni o’kitar edilar. Yoz faslida Samarqandning o’zida
tanikli ma’rifatparvar, shoir va dramaturg Hoji Muin Shukrullo “Tarbiyat”
maktabini ochdi.
1918 yilning yozida Samarqandda “Musulmon o’qituvchilari uchun
pedagogik kurslar” ochildi. O’sha yilning kuzida Toshkentda Toshkent uezdining
tub erli axolisi uchun maktab o’qituvchilari kurslari ochildi. 1918 yil 9 aprelda
Munavvar qori uyida to’plangan jadidlar Turkiston Xalq dorilfununining musulmon
bo’limini tashkil etish maqsadida 9 kishidan iborat tashkilot komissiyasini tuzadi.
Ular 22 kun ichida musulmon bo’limi dasturlarini tuzadilar. Dorilfununning
musulmon bo’limi xam O’rus bo’limi kabi uch bosqichdan iborat bo’lishi belgilandi:
yuqori bosqich — dorilmuallimin (o’qituvchilar kursi, keyinroq oliy o’quv yurti)
o’rta bosqich — boshlang’ich maktablarni o’z ichiga olar edi. Xalq dorilfununi
tarkibining bu shaklda bo’lishi sharoitning o’zidan kelib chiqqan xolda zamonaviy
bilim va savodxonlikka extiyojdan tug’ilgandi. O’sha yilning 3 mayida
dorilfunununning Musulmon bo’limi raxbariyatiga saylov bo’lib, unda
Munavvarqori rais (rektor), Iso To’xtaboev birinchi muovin, Burxon Habib ikkinchi
muovin, Abdusamid qori Ziyobov xazinador, Muxtor Bakir sarkotib bo’lib saylandi.
13 may (yakshanba) kuni Toshkentning eski shaxar qismida Vikula Morozovning
sobiq do’koni binosi (hozirgi o’zbek yosh tomoshabinlar teatri)da musulmon aholi
uchun “Xalq dorilfununi” ochiladi. Bu bo’lim tez orada o’ziga xos yirik bilim
maskaniga aylandi. Dastlab 9 ta boshlang’ich maktab ochish mo’ljallangan bo’lsada, axoli ehtiyojiga ko’ra, ularning soni 24taga etdi. Dorilfununning musulmon
bo’limi 15 demokratik tashkilot vakillari uyushgan 45 kishilik kengash tomonidan
boshqariladi. Undaga muallimlar soni 18 nafarga etadi.
1918 yil 2 iyun kuni sobiq seminariya binosida dorilfununining o’zbeklar
uchun maxsus o’qituvchilar tayyorlovchi bo’limi – “Dorilmuallimin” ochildi. Unda
Fitrat ona tilidan: Kamol Shams arifmetika va geometriyadan, Haydar Shavqiy
gigiena, gimnastika va nemis tilidan, Rahimboev arifmetikadan, Abdurahmon
Ismoilzoda san’atdan, Rizaev madaniyat tarixi va siyosiy iqtisoddan, Munavvarqori
ona tilidan dars berishadi. Bu bo’limning ochilish marosimida Munavvarqori nutq
so’zlab, inson ma’rifatli bo’lib, ko’zi ochilmaguncha vijdoni uyg’onmasligini,
vijdon uyg’onmasa na o’zini, na xalqni erkin muhofaza qila olmasligani, bu
imonsizlik ekanini mutafakkirona noziklik bilan ifoda etadi.
Munavvar Qori ovro’pacha usuldagi bunday xalq dorilfununi tashkil etish
bilan bir qatorda, mavjud madrasalarni isloh qilish va ularda dunyoviy fanlar o’qitib,
milliy ziyolilar tayyorlash g’oyasini xam ilgari suradi. Bu qarashlarini – u 1923 yil
iyunda Toshkentda bo’lib o’tgan xalq maorifi mudirlari qurultoyidagi ma’ruzasida
bayon etgan, 1923 yilda bu yangi usulda 30dan ortiq madrasa va eski maktablarda
talabalar o’qitilganligi ma’lum.
Munavvarqori 1922 yildan Turkiston maorif noziri, keyin esa Toshkentning
eski shaxar maorif bo’limi muboshiri (inspektori) bo’lib ishladi, o’sha yili 23-25
martda bo’lib o’tgan II Umumturkiston maorif xodimlari qurultoyida ishtirok etib,
maktab bo’limiga a’zolikka saylandi. Keyinchalik Alisher Navoiy nomli ta’limtarbiya bilim yurtida va turli maktablarda o’zbek tili va adabiyotidan dars berdi.
Do’stlari va shogirdlari Qayum Ramazon va Shorasul Zunnun bilan hamkorlikda
uch bo’limdan iborat “O’zbekcha til saboqlari” kitobini (1925 yil) nashr ettirdi.
Xalq ta’limining iste’dodli tashkilotchilari Abduqodir Shakuriy, Ismatulla
Raxmatullaev, Isxoqxon Ibrat, O. Dadaxujaev, Abdulla Mustaqov, Xodi Fayziev,
Ashurali Zoxiriy, Sobirjon Raximov, Shokirjon Raimiy, Qori Niyoziy, Sayd Rizo
Alizoda, To’xtanazar Shermuhamedov, Rafiq Mo’min va boshqalar katta pedagogik
ish olib bordilar. Maktablar soni o’sdi. 1918 yil boshida 330 taga, 1920 yilda
Farg’ona, Sirdaryo, Samarqand viloyatlarida 1405 taga etdi. Tashkil bo’lgan
maktablar, ayniqsa, qishlok joylarida va tumanlarda asosan 1-2 boshlang’ich
sinflardan iborat edi. Keyinchalik yuqori sinflar paydo bo’lib bordi. Bunday
tartibotdagi qizlar maktablari ham Toshkentda, Andijonda, Qo’qonda va boshqa
joylarda birin-ketin ochildi. Ayol muallimlar Solixaxon Muhammadjonova,
Muharrama Qodirova, Gulso’m Kopaeva, Fotima Burnasheva, Zebiniso Razzoqova,
Zaynab Sadriddinova, Maryam Sharipova va boshqalar ta’lim-tarbiya ishlarini olib
borganlar.
Keng doiradagi bilimdon ziyolilar qator maktablar faoliyatini namunali
darajaga ko’tardilar. 20-yillar boshida Samarqandda Abdulqodir Shakuriy (1875-
1943) mudirlik qilgan maktab, 1922 yilda Farg’ona shahrida Xusanxon Niyoziy
boshchiligida ochilgan ikkinchi bosqich maktab, qator boshqa maktablar shular
jumlasidan edi.
Milliy, jadid maktablari uchun darsliklar, o’qish kitoblarini ziyolilarimiz asr
boshidan yozib chiqarib keldilar. 1917 yildan maktablar sonining o’sishi, maorif
ijtimoiy darajasining ko’tarilishi darsliklarga talabni oshirdi. Pedagog, olim, davlat
arbobi Abdulla Avloniy 1917 yilda “Turkiy guliston yoxud axloq” asarini qayta
nashr qildi, shuningdek “Maktab gulistoni” o’qish kitobini, ikki jildlik “Adabiyot
yoxud milliy she’rlar” kitoblarini yaratdi va chop etdi. 1920 yildan Toshkentdagi
o’lka bilim yurtida, so’ngra o’zbek xotin-qizlar bilim yurtida mudirlik kladi.
Fitrat 1917 yilda «O’quv» kitobini, 1919 yilda SH.Raximiy va Q.Ramazon
bilan birga «Ona tili» darsligini, so’ngra «Imlo masalalari» kitobini yozib chiqardi.
1917 yildayoq Sayd Rizo Alizoda birinchi sinflar uchun «Birinchi yil» o’qish
dasturini ishlab chiqdi. Shokirjon Raximiy 1919 yilda birinchi alifbo – “Sovg’a”,
1922 yilda «O’zbek alifbosi» darsliklari va boshqa o’quv qo’llanmalarini chiqardi.
1918 yildan u Toshkentda maktab mudiri bo’lgan.
Buxoro va Xorazm respublikalarida ham maktablar, ta’limtarbiya maskanlari
ochildi. Aholining bolalarni o’qitishga, ilm-ma’rifatga ishtiyoki kuchayib borgan,
bunday talablar katta yig’inlarda yangragan. Ammo xo’jalikning parokandaligi,
sun’iy to’siqlar oqibatida 20-yillar boshida maktablar soni qisqardi, darsliklar
yozish, nashr qilish to’xtadi. 1922 yilga kelib Turkistonda bolalarning 25 foizi
maktablarga jalb qilingan edi. Buxoro respublikasida 1921 yilda 175 ta yangi
maktab, 11 ming o’quvchi bor edi. Lekin 1924 yil o’rtalariga kelib maktablar 69,
o’quvchilar 3563 tani tashkil qildi. Xorazmda 40 ta umumta’lim maktablari va
internatlarda 2600 bola ta’lim-tarbiya oldi. O’zbekiston Respublikasi tashkil
bo’lganida turli bosqichdagi 1500 ta maktab bo’lib, ularda 116 ming o’quvchi o’qir
edi.
Tashkil bulayotgan maorif tizimi, boshqa soxalar uchun o’qituvchilar,
mutaxassislar tayyorlash choralari ko’rildi. Toshkentning Yangi shaharida 1918
yilda Turkiston davlat universiteti, sharqshunoslik instituti, konservatoriya,
texnikumlar ochildi. 1920 yilda universitetga Rossiyadan pedagog-professorlar,
kitoblar, o’quv qurollari etkazib kelindi. Bu maskanlar inqilobiy sinfiylik tamoyili
bilan ishladi. Universitetning tayyorlov-ishchilar fakulteti (rabfak)da kambag’al
tabaqaga mansub kishilar o’qigan. Erli xalqlar vakillari ularga kam katnagan.
Toshkentning Eski shaharida, Qo’qon va boshqa shaharlarda muallimlar
tayyorlash kurslari, 1920 yildan 7 ta dorilmuallimin (inpros), bir nechta bilim
yurtlari faoliyat ko’rsatdi. 1925 yilga kelib O’zbekiston qishloqlarida 2748
muallimlar ishlab turgan yoki 3-4 marta o’sgan.
1924 yilda Qo’qon bilim yurtini 13 ta yigit-qizlar bitirib chiqdi. Unda
keyinchalik O’zbekiston Fanlar akademiyasining birinchi prezidenta Qori-Niyoziy
dars berdi, bitirganlardan akademiklar, yirik fan va madaniyat arboblari etishib
chiqdi.
Chet mamlakatlar bilan madaniy aloqalar, yoshlarning o’qib kelishlari XX asr
boshlaridan kengayib bordi va keyinchalik ham davom etdi. Buxoro respublikasi
hukumati tashabbus ko’rsatib, bu ishga tashkiliy tus berdi. 1922 yilda Turkiston,
Buxoro va Xorazmdan 70 ga yaqin yoshlar Germaniyaga o’qishga junatildi. Buxoro
respublikasi hukumati Berlinda yotoqxona uchun bino sotib oldi, o’quvchilarni
moddiy ta’minlab turdi, ularning axvoli, o’qishlaridan ogoh bo’ldi. Yoshlarimiz
Germaniyaning turli o’quv yurtlarida muvaffaqiyat bilan o’qidilar, mutaxassislar
bo’lib etishdilar. Afsuski, o’z ona yurtiga qaytgan yigit-qizlarimiz mustabidlik
qatag’oniga uchradi.
Ma’lumki, 1924 yilda amalga oshirilgan milliy davlat chegaralanishi natijasida
mintaqa kartasi qaytadan tuzildi. Shuni ta’kidlash lozimki, 20-30 yillardagi juda
murakkab, siyosiy ijtimoiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar respublikaning milliy
madaniyatiga har hil tarzda ta’sir o’tkazdi, barcha sohadagi o’zgarishlarni qaramaqarshi tusga kiritdi va respublika taraqqiyotining asosiy tendentsiyalari xamda
yo’nalishlarini uzoq yillarga belgilab berdi.
Respublika sharoitlarida madaniy taraqqiyotning zamonaviy rivojlangan
darajasiga o’tish xaddan tashqari katta qiyinchiliklarni yengish bilan bog’liq bo’lib,
keskin mafkuraviy kurash bilan birgalikda davom etib bordi. Shunday bo’lsada,
madaniyatni yangidan qurish jarayonlari tobora ustuvor tus oldi. Buning sabablari
avvalo o’zbek xalqining azaldan bilimga intilishi, madaniy merosni qadrlashida
ko’rinadi. Bundan tashqari oktyabr to’ntarishidan avval madaniy ishlar olib borgan
jadid deb atalmish ziyolilar xalqqa yordam berish uchun maorif sohasi, maktablarda
ishlab, o’z faoliyatlarini davom ettirdilar. Bu jarayonlar avvalo darslar ona tilida olib
boriladigan I (besh yillik ta’lim) va II (turt yillik ta’lim) bosqich maktablarni va
ularni darsliklar, o’quv qurollari bilan ta’minlash, maorif institutlari, o’qituvchilarni
tayyorlash kurslari va boshqalarni tashkil etishdan iborat bo’ldi.
1924-25 o’quv yilida respublika byudjetining 24 foizi xalq maorifi uchun
ajratildi. Bu maktab qurilishini tezlashtirishga imkon berdi. I va II bosqichdagi
umumta’lim maktablarining soni 1928-29 o’quv yiliga kelib deyarli 2,5 mingtaga
yetdi.
Shu bilan bir vaqtda katta yoshli aholi o’rtasida savodsizlikni tugatish
yuzasidan keng miqyosda kampaniya avj oldirildi. 1921-22 o’quv yilidayoq
respublikaning ko’pgina shaharlari va qishloq joylarida mingdan ortiq savod
maktablari, savodsizlikni tugatish kurslari va tarmoqlari faoliyat ko’rsatdi, ularda 50
ming kishi xat-savod chiqardi. Savodsizlikni tugatish ishi tiklash davrining dastlabki
yillarida kiyinchiliklarga duch keldi: o’qituvchilar, maktab binolari, asbob-jixozlar,
o’quv qo’llanmalari, pul mablag’lari etishmas edi. Biroq bu soha, garchi qiyinchilik
bilan bo’lsada, izga tusha boshladi, katta yoshli kishilarni o’qitish shakl va usullari
takomillashtirildi, savod maktablari tarmog’i birmuncha kengaytirildi, savodsizlikni
tugatuvchi mahalliy o’qituvchilar soni oshdi. Bu dastlabki yutuqlar keyingi yillarda
savodxonlikni oshirish yuzasidan avj olgan umumxalq harakatining debochasi
bo’ldi.
Hamza Xakimzoda Niyoziy, T.Shermuhamedov, T.N.Qori Niyoziy, Ergash
Komilov, Abdulqodir Nabixo’jaev, Rozi Nazarov, Muharrama Qodirova, Zebuniso
Polvonova, P.Qayumov, K.Abdurashidov va boshqalar yangi maktab yaratish, uni
rivojlantirish uchun faol kurashdilar hamda dastlabki o’qituvchilardan bo’lib
qoldilar.
Shu yillarda Markaz siyosiy rahbariyati sovet tuzumiga sodiq bo’lgan
pedagog kadrlarni ko’p miqdorda, tezkorlik bilan tayerlab, ular orqali aholini,
ayniqsa, yosh avlodni kommunistik g’oyalar asosida tarbiyalash maqsadida qarorlar
va rejalar ishlab chiqdi. Ularni og’ishmay amalga oshirish uchun zarur mablag’larni
ayamadi, bor ma’rifatchilarni hamda partiya, sovet, jamoat tashkilotlarining kuchquvvatini safarbar qildi.
Maktablarning pedagogik kadrlarga bo’lgan ehtiyojlarini qondirish uchun
pedagogika o’quv yurtlarining keng tarmogi yaratildi: texnikumlar, maorif
institutlari, o’quv yurtlari ochildi. Ularda jadal sur’atlar bilan ommaviy miqyosda
yangi o’qituvchi kadrlar yetishtirib chiqarildi. 20-yillarning oxirlariga kelib ularning
soni respublikada deyarli 5,5 mingtaga etib qoldi. Xalq maorifi rivojlanib bordi.
Xalqning bilimga bo’lgan intilishi kun-sayin kuchayib borishi natijasida
umumiy savodxonlik o’sdi, bu narsa millatning ma’naviy imkoniyatlari
yuksalishiga, ijodiy faoliyati ortib borishiga yordam berdi.
Shunday bo’lsada, bu jarayonlar partiyaning madaniy sohada zo’rlik
ko’rsatishi tufayli mushkulliklarga uchradi. Xalq maorifida bu narsa avvaliga milliy
ta’lim shakllari yoyiladigan sohalarni cheklab qo’yish, keyinchalik esa ularni
butunlay yo’q qilib yuborishda o’z aksini topdi. Chunonchi, 20-yillarning boshlarida
sovet maktablari bilan birgalikda eski usul maktablari, diniy tashkilotlar tomonidan
ta’minlab boriladigan vaqf maktablari va madrasalari ham ishlab turar edi. 1925
yilda O’zbekistonda 97 ta vaqf maktablari va 1,5 mingdan ortiq eski maktablar
bo’lib, ulardan 250 tasi yashirin holda ish olib borgan. Lekin sovet hokimiyatining
insonparvarlikka zid siyosati natijasida ular 1928 yilga kelib o’z faoliyatini amalda
tugatdilar.
Xalq ma’rifatining yuksalishi yo’lida hamon g’ov bo’lib turgan muammo
aholining savodxonligini oshirish bo’lib, savodsizlikka barham berish davr talabi
edi. Bu maqsadda ko’plab yangi savod maktablari va kurslar ochildi. Minglab aholi
savodli bo’ldi. Shuni aytish joizki, 1930 yili umumiy boshlangich ta’limning joriy
etilishi savodsizlik ko’lamlarini qisqartirishga yordam berdi. Ajratilgan mablag’lar
maktablar maydonini ancha kengaytirishga, ularning moddiy bazasini
mustahkamlashga imkon berdi. Umumiy ta’limni amalga oshirish uchun
o’qituvchilar, talabalar, ilm-fan xodimlari, yoshlar jamoalarining katta armiyasi
safarbar etildi. 30-yillarning oxirlarida umumiy yetti yillik ta’limni amalga
oshirishga kirishildi.
1940 yili respublikada barcha turdagi 5,5 mingdan ortiq umumta’lim
maktablari ishlab turdi, ularda 1,3 mln.ga yaqin bolalar o’qidi. Biroq bu davrda
maktab yoshidagi hamma bolalarni ham, ayniqsa, qishloq joylarida o’qishga jalb
qilishning imkoni bo’lmadi: maktab binolari, uskuna-jihozlar, o’qituvchilar
yetishmas edi va hokazo. Maktab ta’limi turli sohadagi bilimlarni egallab olgan,
jamoat hayotiga faol qo’shilib keta oladigan, oliy o’quv yurtlari va texnikumlarga
kirib o’qiy oladigan savodxon yoshlarni yetishtirib chiqarishni ko’paytirishga imkon
bera oladigan jiddiy islohotga muhtoj edi.
Afsuski, xalq ta’limiga buyruqbozlik nuktai nazaridan turib, ekstensiv
ravishda yondashish kuchayib bordi. Buning natijasida sifat muammolari chetga
surilib, miqdor ko’rsatkichlari birinchi o’ringa o’tdi. Ahvolni xo’jakursinga
yaxshilash orqasidan quvish jamiyatning madaniy holatiga yomon ta’sir o’tkazdi
hamda oliy va o’rta maktabga sezilarli darajada zarar yetkazdi.
Respublika taraqqiyotining manfaatlari xalq xo’jaligi va madaniyatining turli
sohalari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tezlashtirishni talab qilar
edi. Tabiiyki, buni markaziy hukumat tushunardi, lekin unga O’zbekistonning xalq
xo’jaligi barcha tarmoqlarida sotsializm, marksizm-leninizm g’oyalari bilan
sug’orilgan itoatguy yuqori malakali mutaxassis kadrlar kerak edi, Shuning uchun
oliy o’quv yurtlarining ta’lim-tarbiya dasturlari, o’quv rejalari, qo’llanmalari va
hokazolari avvalo kommunizm printsiplariga asoslangan bo’lib, mutaxassislarni
4-5 yil muddat davomida partiya, sovet davlatiga sadoqatli bo’lish bilan birga
sinfiylik ruhida tarbiyalashga qaratilgan edi.
20-yillarning ikkinchi yarmida o’rta maxsus va oliy ma’lumotli kadrlar
tayyorlaydigan turli o’quv yurtlari ochildi. Davlat sinfiy tamoyilga amal qilib, bu
o’quv yurtlariga ishchi va dehqonlarning kirishi uchun sharoitlarni ta’minlab berdi.
Boshqa toifadagi odamlar bu o’quv yurtlariga kira olmas edi. Oliy o’quv yutlarida
o’qish uchun zarur bo’lgan umumiy ma’lumotni qisqa muddat ichida olish
maqsadida ishchi fakultetlari tarmogi yaratildi. Shu tufayli 20-yillarning oxiridayoq
respublikadagi oliy o’quv yurtlarida asosan ishchi va dehqonlardan iborat 4 ming
nafarga yaqin talabalar o’qir edi.
Mutaxassislar tayyorlashda RSFSR va boshqa respublikalar ham
O’zbekistonga yordam berdilar. 1927 yili faqatgina Rossiya Federatsiyasidagi oliy
va o’rta maxsus o’quv yurtlarida O’zbekistondan kelgan 300ga yaqin talabalar
ta’lim oldi.
O’rta Osiyodagi birinchi oliy o’quv yurti – 1918 yili ochilgan Turkiston davlat
universiteti – bu vaqtga kelib oliy ta’limning eng yirik markaziga aylandi.
Universitet mutaxassislar yetishtirib chiqarish sur’atlarini yildan-yilga oshirib bordi:
uni bitirib chiqgan kishilar soni 1928 yilga kelib 5 baravar ko’paydi. Ammo ular
orasida mahalliy xalq namoyandalari hamon kam sonni tashkil etardi.
Sanoat korxonalarining ishga tushirilishi, kolxozlar va sovxozlar tuzilishi,
yangi-yangi idoralarning paydo bo’lishi tegishli mutaxassislarga bo’lgan talabni
kuchaytirdi. Institutlar va texnikumlarga mutaxassislar etishtirib chiqarishni miqdor
jihatidan ko’paytirish vazifasi yuklandi, buning natijasida o’qish muddatlari ancha
qisqartirildi. Mavjud institutlar va texnikumlarning bazalarida yangi o’quv yurtlari,
jumladan, paxtachilik-irrigatsiya, politexnika, qishloq xo’jaligi, kon qidirish,
zooveterinariya, avtomobil yo’llari, to’qimachilik transport, tibbiyot institutlari va
boshqa institutlar ochildi. Pedagogik akademiya bazasida 1933 yili Samarqandda
O’zbekiston davlat universiteti (hozirgi SamDU) barpo etildi. 30-yillarning
oxirlarida respublikada 44 ming talaba o’qiydigan 30 ta oliy o’quv yurtlari va 98 ta
texnikumlar ishlab turdi. Institut va texnikumlarni bitirib chiquvchilarning soni bir
necha baravar ko’paydi. Bu yangi mutaxassislar xalq xo’jaligi safiga kelib qo’shildi.
Mutaxassis kadrlar tayyorlashda asosan ularning soni ko’paytirildi, sifatiga esa
e’tibor berilmadi. Institut va texnikumlarda mahalliy millat vakillari kam edi. Yuqori
malakali o’zbek professor-o’qituvchilari va o’zbek tilidagi darsliklarni tayyorlashga
harakat qilinmasdi.
20-30-yillarda xotin-qizlarning savodini chiqarishga katta e’tibor berildi,
ayollarning savodsizligini tugatish bo’yicha maxsus kurslar tashkil qilindi.
1926 yilda respublikadagi 82 ta savodsizlikni bitirish maktablarida 2700 xotin-qiz
o’qigan bo’lsa, 1936 yilda 186 ming ayol savodini chiqargan.
Kasb-hunar ta’limi tarmoqlariga xotin-qizlar keng jalb qilindi. Dastlab ayollar
orasidan savodsizlikni bitirish kurslari o’qituvchilari, bog’cha, yasli tarbiyachilari,
maktab o’qituvchilari tayyorlandi. Masalan, 1928 yilda Samarqand pedagogika
kursida 73 nafar ayol o’qigan. 1929 yilda o’ndan ortiq xotin-qizlar pedagogika va
meditsina texnikumlari mavjud edi. 1932 yilda respublika oliy o’quv yurtlaridagi
talabalarning 20 foizini o’zbek xotin-qizlari tashkil qilgan. 30-yillarda xalq
xo’jaligining barcha tarmoqlarida xotin-qizlardan yetishib chiqqan mutaxassislar
ishlay boshladi.
Urushning suronli yillarida respublika oliy o’quv yurtlari va texnikumlar o’z
faoliyatlarini davom ettirdilar. Katta qiyinchiliklarga qaramay, ular sanoat, qishloq
xo’jaligi, maorif, tabobat va boshqa sohalar bo’yicha malakali mutaxassislar
tayyorlab beradigan chinakam manba bo’lib qoldi. 1943 yidda respublikada 41 oliy
o’quv yurti (ularnng 12 tasi ko’chirib kelingan) va 52 o’rta maxsus bilim yurtlari
faoliyat ko’rsatdi. Urush yillari davomida ularda 20 mingdan ziyod oliy va o’rta
maxsus ma’lumotli mutaxassislar yetishtirildiki, bu xalq xo’jaligini yuqori malakali
kadrlar bilan ta’minlash imkonini berdi. Ular o’z navbatida samarali mehnat qilib,
fashizmni tor-mor keltirish ishiga munosib hissa qo’shdilar. Pedagogik kadrlar
tayyorlashga alohida e’tibor berildi, chunki urush davri sharoitlarida ularga ehtiyoj
ayniqsa sezilarli edi. Urush yillari O’zbekistonda barcha turdagi qo’shinlar uchun
zobit kadr va mutaxassislar ham tayyorlandi. Toshkeshtga piyodalar bilim yurti ham
ko’chirib keltirilib, respublikamizda joylashtirilgan bir necha harbiy bilim yurtlari,
oliy o’uv yurtlarining harbiy fakultetlarida, o’nlab turli kurslarda kadrlar
tayyorlandi.