Pul birligi. Pul birligi va uning nomi hukumatning tegishli qonun va me’yoriy hujjatlari asosida belgilanadi. Qonun va tegishli me’yoriy hujjatlar asosida belgilab qo‘yilgan pul belgilari mamlakatda yagona to‘lov vositasi vazifasini bajaradi. Mamlakat iqtisodiyotida muomalada bo‘lgan pul birligi o‘zining nomiga ega bo‘ladi. Milliy valyutaning nomi barcha mamlakatlarda turlicha nomda yuritiladi. Masalan, AQShda dollar, Buyuk Britaniyada funt sterling, Xitoyda yuan va boshqalar (quyidagi jadvalda jahon mamlakatlarining pul birliklarining nomlari keltirilgan). Pul tizimining turlari Kishilik jamiyatining vujudga kelishi, rivojlanishi va takomillashuvi barobarida tovar – pul munosabatlari ham shunga monand holda rivojlanib va takomillashib kelmoqda. Shuningdek, pul tizimi ham mavjud ijtimoiy – iqtisodiy jarayonlar davomida ikki turdan iborat bo‘ldi. Xususan: – metall pullar tizimi, bunda tovar pul (qimmatbaho metall) muomala vositasini bajaradi, metall pullar to‘lov vositasini bajarganda ularda pulning barcha funktsiyalari namoyon bo‘ladi; – qog‘oz – kredit pullar tizimi, oltin va kumush tanga pullar evolyutsion tarzda qog‘oz – kredit pullari tomonidan muomaladan siqib chiqarildi. Metall pullar tizimisharoitida metall qanday shaklda bo‘lishidan qa’tiy nazar, to‘lov vositasi sifatida qabul qilindi. Metall pullar tizimi ikkiga bo‘linib, birinchisi, bimetallizm, ikkinchisi, monometallizm sifatida guruhlanadi. Bimetallizm– bu pul tizimida davlat qonuniy jihatdan to‘lov vositasi ikkita metallni (odatda oltin va kumush) chegaralanmagan miqdorda erkin zarb qilishga ruxsat beradi. O‘z navbatida bimetllizm tizimi uchta shaklda amal qildi: – birinchidan, parallel valyuta tizimi, ushbu metall pullar o‘rtasidagi munosabat ularning bozor bahosidan kelib chiqqan holda stixiyali ravishda o‘rnatildi; – ikkinchidan, ikkiyoqlamali valyuta tizimi, metall pullar o‘rtasidagi munosabat davlat tomonidan belgilandi va shuning asosida oltin va kumush tangalar zarb qilindi; – uchinchidan, «oqsoq» valyuta tizimi – ushbu tizimda oltin va kumush tangalar qonuniy to‘lov vositasi sifatida xizmat qildi, lekin kumush tangalar yopiq holda, oltin tangalar esa erkin zarb etildi. «Oqsoq» valyuta tizimi deyilishiga sabab kumush tangalar ushbu davrda to‘laqonli valyuta sifatida umum ekvivalent rolini amalga oshirmaydi. Muomalada ikkita metall pulning vazifasini bajargan paytda ular o‘rtasida bahoni aniqlashda muammolar va ziddiyatli holatlar vujudga keldi. Shu bilan birga, pul tizimining bimetllizm shakli beqaror va bir – biriga o‘zaro qarama – qarshi edi. Shuningdek, rivojlangan tovar – pul munosabatlari sharoiti talablariga yetarli darajada javob bermas edi. Pul tizimining bimetallizm shakli hukm surgan davri asosan XVI – XVII asrlarga to‘g‘ri keladi. Yevropa mamlakatlarida 1866 yillarda bimetallizm pul tizimini saqlab qolish maqsadida kumushning qiymatini oltinga nisbati rasmiy belgilab qo‘yildi. Unga ko‘ra, o‘sha paytda kumush va oltin o‘rtasida munosabat 15,5:1nisbatda o‘rnatildi. XIX asrning o‘rtalarida ushbu tenglik o‘rtasida farq kengayib 22:1 tartibda belgilandi. Buning natijasida oltin va kumush tangalar muomaladan chiqib, boylik jamg‘armasini bajara boshladi. Jamiyatda tovar – pul munosabatlarining rivojlanishi va ijtimoiy – iqtisodiy yagona umumekvivalent vazifasini bitta metall pul bajarish zarurligini ko‘rsatdi. Buning natijasida monometallizm pul tizimi shakllandi.