Pul-kredit siyosati rejimlaridan foydalanishning xalqaro tajribasi
Rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar markaziy banklari tomonidan keng qo‘llanilayotgan usullar inflyatsion targetlash, monetar targetlash, valyuta kursini targetlash va nominal yakorsiz rejimlarni o‘z ichiga oladi.
Inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish vazifasi aksariyat markaziy banklar uchun bosh maqsad hisoblansa-da, yuqorida qayd etilgan uslublar asosan tezkor va oraliq mo‘ljallarga qarab farqlanadi.
Monetar targetlash rejimi
Pul-kredit siyosatini amalga oshirishning ushbu usulida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida pul agregatlari, rezerv pullar va pul massasi hajmlari o‘zgarishini nazorat qilish nazarda tutiladi.
Ushbu strategiyaning samarali qo‘llanilishi inflyatsiya ko‘rsatkichlari va pul agregatlari o‘rtasidagi mustahkam doimiy bog‘liqlik bo‘lishini talab etadi. Bunda inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga pul agregatlari hajmini maqbul darajada ushlab turish vositasida erishiladi.
Monetar targetlash rejimi 1970-chi va 1980-chi yillarda AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveytsariya va boshqa rivojlangan davlatlarda faol qo‘llanilgan. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda moliya bozorlarining rivojlanishi va yangi moliyaviy instrumentlarning amaliyotga joriy etilishi hisobiga pulga nisbatan talabning nobarqaror darajada bo‘lishi mazkur usul samaradorligining pasayishiga olib keldi.
Natijada markaziy banklar pul massasidagi o‘zgarishlarga samaralari ta’sir ko‘rsatish va inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlarini ta’minlash imkoniyati cheklanishi kuzatildi. Pul agregatlari va inflyatsiya darajasi o‘rtasidagi bog‘liqlikning kuchsizlanishi tufayli ko‘pchilik markaziy banklar tomonidan pul agregatlarini targetlash amaliyotidan voz kechilib, inflyatsion targetlash rejimini joriy qilinishiga sabab bo‘ldi.
Monetar targetlash rejimi pul taklifi va talabining keskin o‘zgarishlari kuzatilgan rivojlanayotgan va o‘tish davridagi mamlakatlarda iqtisodiy rivojlanishning dastlabki yillarida samarali strategiya sifatida keng ko‘llanilgan. Bunda inflyatsiya bo‘yicha tegishli ko‘rsatkichlarni belgilashda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsadlaridan kelib chiqilgan.
1994 yildan boshlab1 O‘zbekistonda amalga oshirilgan pul-kredit siyosati ham pul massasining keskin o‘sib ketishini oldini olish orqali milliy valyuta barqarorligini ta’minlash maqsadlariga qaratildi. Bunda rezerv pullar va pul massasining o‘zgarishi operatsion hamda oraliq mo‘ljallar sifatida qo‘llanildi.
Mazkur rejim rasman monetar targetlash deb tasniflansa-da, amaliyotda milliy valyutaning almashuv kursini dollarga bog‘lash orqali bosqichma-bosqich devalvatsiya qilib borilganligi tufayli ba’zi xalqaro institutlar va mutaxassislar tomonidan ushbu rejim aralash turga kiritilgan.
Bir vaqtning o‘zida ikki maqsadga yo‘naltirilgan almashuv kursi siyosati tashqi shoklar vujudga kelgan sharoitlarda samarasiz ekanligini ko‘rsatdi. Bunda bir tomondan oltin-valyuta zahiralarini oshirish vazifasi qo‘yilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan so‘mning almashuv kursini ma’lum bir darajada ushlab turish maqsadi ko‘zlangan. O‘z navbatida, mazkur almashuv kursi to‘lov balansi holati va tashqi iqtisodiy sharoitlarni o‘zida aks ettirmagan.
Bunday siyosat, o‘z navbatida, ichki valyuta bozorida muammolarni yuzaga keltirib, samarali pul-kredit siyosatini yuritish imkoniyatlarini pasaytirdi. Bundan tashqari, pul-kredit instrumentlaridan foydalanishning passiv rejimi monetar targetlashni samarali qo‘llashda qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirdi.
Pul massasi o‘zgarishini omillar asosida tahlili, pul massasi o‘sishi turli davrlarda oltin-valyuta zaxiralarining oshishi hamda iqtisodiyotni kreditlash hajmlarining kengaytirish hisobiga ta’minlanganligini ko‘rsatmoqda.
O‘z navbatida, Davlat byudjetining muvozanatli ijrosi va hukumat hisobraqamlarida mablag‘lar yig‘ilishi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobraqamlarida mablag‘larning jamlanib borilishi pul massasi o‘sishini maqbullashtiruv chi omillardan bo‘lgan.
Ayni paytda iqtisodiyotni kreditlashning asosiy manbalari markazlashgan mablag‘lar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan moliyalashtirilganligi hamda ushbu mablag‘lar asosan ishlab chiqarish texnologiyalari va xomashyo materiallarini import qilish maqsadida foydalanilganligi tufayli iqtisodiyotda pul massasi o‘sishiga va mos ravishda inflyatsiya darajasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmagan.
Umuman olganda, ushbu omillar ta’sirida pul massasi tez sur’atlarda oshishining oldi olingan. Shu bilan birga, amalga oshirilgan tahlillar natijasida inflyatsiya darajasi, YaIM deflyatori va pul massasi o‘zgarishi o‘rtasida aniq va barqaror o‘zaro bog‘liqliklar aniqlanmadi.
Pul aylanish tezligi va pul multiplikatori ko‘rsatkichlari o‘zgarishi ham ushbu ko‘rsatkichlar dinamikasining o‘zgaruvchan xarakterga ega ekanligini, pul-kredit ko‘rsatkichlarining maqsadli parametrlarini ishlab chiqishda xatoliklarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Umuman olganda, pul massasining YaIM nominal hajmiga nisbatan mo‘tadil darajada o‘sishi inflyatsiya bosimining sezilarli kuchayishini oldini olishga xizmat qildi. Shu bilan birga, ushbu ko‘rsatkichlar o‘rtasida aniq bog‘liqlikning mavjud emasligi rezerv pullar va pul massasi aniq darajasini hisoblash imkoniyatini bermaydi.
Masalaning yana bir muhim jihati, Markaziy bankning pul agregatlarini samarali boshqara olishi qobiliyati bilan bog‘liq. Odatda, markaziy banklar rezerv pullar darajasini samarali boshqara oladilar, ammo pul massasini nazorat qilishda qiyinchiliklarga duch keladilar.
Ushbu jarayon asosan dollarizatsiya darajasi yuqori bo‘lgan hamda moliya bozorlari rivojlanish bosqichida turgan mamlakatlarda ko‘p kuzatiladi, binobarin, bunday mamlakatlarda kredit va depozitlarga bo‘lgan talab keskin o‘zgarib turishi mumkin.
Pulga bo‘lgan talabning o‘zgaruvchanligi, keng ma’nodagi pul massasining tarkibi, dollarizatsiya darajasining yuqoriligi kabi omillar pulga bo‘lgan talabni aniqlash imkoniyatini pasaytiradi.
Bunday holatda, pulga bo‘lgan talab va foiz stavkalari o‘rtasidagi bog‘liqlik sust bo‘lganligi sababli Markaziy bank uchun pul massasining maqsadli darajasini saqlab turish vazifasi murakkablashadi.
Yuqorida qayd etilgan muammolar natijasida keng ma’nodagi pullar hajmining oraliq mo‘ljallardan chetlashishi Markaziy bankning pul-kredit siyosatiga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi.
Dostları ilə paylaş: |