Korporativ tuzilmalarda investitsion faoliyatni tashkil etish xususiyatlari va investitsion strategiya, uning tashkiliy xususiyatlari.
Korxonalarda investitsion faoliyatni tashkil etish prinsiplari.
Investitsion qarorlarning bо‘linishi va moliyalashtirish bо‘yicha qarorlar.
Loyihalar tahlili haqida keyingi qaydlar, loyihalarning о‘zaro ta’siri.
Investitsiyalar samaradorligini baholash kо‘rsatkichlari: sof joriy qiymat, investitsiyalar rentabelligi, daromadlilikning ichki meyori, investitsiyalarni qoplash muddati, yillik foiz stavkasi kо‘rsatkichlari.
1-savol bayoni. Korxonalar moliyaviy xо‘jalik faoliyatida investitsion faoliyat alohida muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Investitsion faoliyatni samarali tashkil etish masalasi esa bugungi keskin raqobat sharoitida korporativ moliyani boshqarish sohasidagi mutaxassislardan chuqur bilim va malakani talab etmoqda. Bunda asosiy e’tibor investitsion faoliyat samaradorligini barcha omillarni hisobga olgan holda baholash masalasiga qaratilmoqda.
Korxonalarda investitsion faoliyatni tashkil etishda investitsion strategiyani belgilab olish masalasi ham kun tartibidagi masala hisoblanadi. Investitsion strategiya korxonani rivojlantirishning umumiy vazifalarida belgilangan investitsion faoliyatning uzoq muddatli maqsadlari va investitsion yondashuvlar tizimi, shuningdek, qо‘yilgan maqsadlarga erishishning yuqori darajada samarali yо‘llarini tanlashni anglatadi. Investitsion strategiya korxona investitsion faoliyatini istiqbolli boshqarishning samarali instrumenti hisoblanadi hamda korxonani rivojlantirishning konsepsiyasini о‘zida aks ettiradi. Shuningdek, investitsion faoliyatni amalga oshirishning bosh rejasi sifatida investitsion faoliyat muhim yо‘nalishlarini, investitsion faoliyat shakllarini; korxona investitsion resurslarini shakllantirish yо‘llarini; korxonaning uzoq muddatli investitsion maqsadlarini amalga oshirish bosqichlari ketma-ketligini; investitsion faoliyat yо‘nalishlari va shakllari bо‘yicha korxonaning investitsion aktivligi imkoniyatlari chegaralarini; investitsion faoliyatni modellashtirish, amalga oshirish va baholashning rasmiy mezonlari tizimini belgilab beradi.
Investitsion strategiyani ishlab chiqish jarayoni investitsion strategiya maqsadlari qо‘yilishi, shakllangan investitsion resurslar tarkibini va ular ratsional taqsimlanishini optimallashtirish, eng muhim jihatlari bо‘yicha investitsion siyosatni ishlab chiqish, tashqi investitsion muhit bilan о‘zaro samarali munosabatlarni ta’minlash kabilarni о‘z ichiga oladi.
Korxonaning investitsion strategiyasini ishlab chiqishning zarurligi tashqi va ichki muhit shart-sharoitlari о‘zgaruvchanligi sharoitida moliyaviy resurslarni shakllantirish va ulardan samarali foydalanishni ta’minlashi bilan belgilanadi. Investitsiyalarni samarali boshqarish faqatgina tashqi investitsion muhitdagi mumkin bо‘lgan о‘zgarishlarga moslashgan aniq investitsion strategiya asosida tashkil etilishi mumkin. Shuningdek, ichki muhitdagi korxonaning alohida bо‘linmalari investitsion qarorlarining bir-biriga zid kelishi ham investitsion faoliyat samaradorligining pasayishiga sabab bо‘lishini unutmaslik lozim.
Investitsion strategiyani ishlab chiqish jarayoni korxonaning strategik boshqaruv obyektlarini belgilashni talab etadi. Investitsion faoliyatning bunday obyektlariga quyidagilar kiradi:
- yaxlit korxona;
- xо‘jalik yuritishning strategik zonalari;
- strategik markazlar.
Xо‘jalik yuritishning strategik zonasi korxona doirasidagi umumiy talab yoki xomashyo, texnologiyalardan foydalanish umumiyligi asosida birlashgan о‘zaro yaqin tarmoqlar qatorida о‘z faoliyatini amalga oshiruvchi mustaqil xо‘jalik segmentini о‘zida aks ettiradi.
Strategik investitsion markaz – xо‘jalik yuritishning alohida strategik zonasida alohida funksiyalarni bajarishga ixtisoslashgan yoki samarali xо‘jalik faoliyatini ta’minlovchi korxonaning mustaqil tarkibiy birligidir.
Hozirgi zamonaviy sharoitda investitsion strategiyani yuritish korxonaning muvaffaqiyatli va samarali rivojlanishini belgilovchi omillardan biri hisoblanadi. Ishlab chiqilgan investitsion strategiya quyidagilarga imkon beradi:
- korxonaning oldindagi iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishining uzoq muddatli umumiy va investitsion maqsadlarini amalga oshirish mexanizmini ta’minlaydi;
- korxonaning investitsion imkoniyatlarini real baholash imkonini beradi;
- investitsion imkoniyatlardan maksimal foydalanish va investitsion resurslar aylanuvchanligini oshirish imkonini beradi;
- tashqi muhit о‘zgarishlari jarayonida investitsion muhitda paydo bо‘ladigan yangi istiqbolli investitsion imkoniyatlardan tezkorlik bilan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlaydi;
- tashqi investitsion muhitlar rivojlanishining mumkin bо‘lgan variantlarini prognozlash va korxona faoliyatiga salbiy ta’sir kо‘rsatuvchi omillarning ta’sirini kamaytirish imkonini beradi;
- korxona investitsion faoliyatini strategik, taktik (joriy) va operativ boshqarish о‘rtasidagi aniq о‘zaro bog‘liqlikni ta’minlaydi;
- korxonaning raqobat muhitidagi ustunligini belgilab beradi;
- eng muhim strategik investitsion qarorlarni amalga oshirish doirasida investitsion faoliyatning mos siyosati belgilanadi.
Korxonalarda ishlab chiqilgan investitsion strategiyalar real investitsion loyihalarni va investitsiyalashning moliyaviy instrumentlarini tanlashning asosiy baholash mezonlarini belgilash asosida shakllantiriladi. Ishlab chiqilgan investitsion strategiya korxona boshqaruvining umumiy tashkiliy tuzilmalari va tashkiliy madaniyatini strategik о‘zgartirishning asosiy shart-sharoitlaridan biri hisoblanadi.
2-savol bayoni. Korxona investitsion strategiyasini ishlab chiqish jarayonida strategik investitsion qarorlar ishlab chiqish va qabul qilish quyidagi asosiy prinsiplar asosida tashkil etilishi lozim.