Xizmatlar sohasida ham (2,6 %) o‘sish tendensiyalari kuzatildi. Xizmatlar sohasining muhim qismi bo‘lgan yuk va passajirlar tashuv xizmatlarida (-9,1%), ovqatlanish va yashash xizmatlari (- 17,1 %) sohalarida keskin pasayish kuzatilgan bo‘lsa, aloqa (15,1 %), moliya (35.9%), ta’lim (11,5%) va savdo (0,8%) xizmatlarida o‘tgan yilga nisbatan o‘sish tendensiyalari saqlanib qoldi.
Transport sohasidagi ko‘rsatkichlarning pasayishi ikkinchi chorakning birinchi oylarida transport vositalarining harakatlanishiga qo‘yilgan cheklovlarning ta’siri va hududlararo transport aloqalarining to‘xtatilishi tufayli yuzaga keldi. Yuk aylanmasi ko‘rsatkichi 6,6 %ga, yo‘lovchi tashish aylanmasi 13,8 %ga pasaydi.
Chakana savdo sohasida bozorlar va yirik savdo maydonchalarining vaqtinchalik yopilishiga qaramay, ijobiy dinamika saqlanib qoldi – chakana savdo hajmi 0,7% ga oshdi.
Tashqi savdoda talab pasaymoqda
Pandemiya mamlakat tashqi iqtisodiy faoliyatiga ham ancha jiddiy ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda. Xususan, 2020 yilning 1-yarim yilligida yalpi tashqi savdo aylanmasi 15,9 mlrd. AQSh dollarni tashkil etib o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,2 %ga pasaydi. Shuni ta’kidlash lozimki, 2014-2016 yillarda ham tashqi savdoda ham shunga o‘xshash pasayishlar kuzatilgan.
Tashqi va ichki talabning o‘zgarishi natijasida eksport va import operatsiyalarida ham o‘zgarishlar kuzatildi. Yarim yil mobaynida eksport operatsiyalari 22,6 %ga, import operatsiyalari esa 15 %ga kamayib tashqi savdo balansi 3,3 milliard AQSh dollari miqdoridagi defitsitga ega bo‘ldi.
Pandemiya MDH davlatlariga amalga oshirilayotgan eksport ko‘rsatkichlariga jiddiy ta’sir o‘tkazdi – eksport hajmi 34,7 %ga tushib ketdi. Boshqa davlatlarga qilingan eksport hajmi esa nisbatan kamroq 15,7 %ga pasaydi. Import hajmida esa aksincha, MDH davlatlaridan import hajmi 9 %ga, boshqa davlatlardan esa 18,2 % ga kamaydi.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston iqtisodiyoti pandemiya sharoitida hamkor davlatlar iqtisodiyotida yuzaga kelgan retsessiya sharoitida iqtisodiy o‘sishning ijobiy dinamikasini saqlab qola oldi. Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda maqsadli cheklov choralarini qo‘llash, aksariyat korxonalarning to‘liq yopilishiga yo‘l qo‘ymaslik karantin cheklovlariga qaramay may-iyun oylarida tadbirkorlik sohalarida faollikni tiklash imkonini berdi. Qishloq xo‘jaligi va qurilishda yaratilgan qo‘shimcha qiymat hajmining o‘sishi sanoat va qurilishdagi yo‘qotishlarni qoplash imkonini berdi.