Tibbiy yordam. 1.O`tkir va surunkali pankreatit xuruj qilganida tez yordam chaqirib, bemor shifoxonaning jarrohlik yoki gastroenterologiya bo‘limiga yotqiziladi.
2.Tez yordam kelgunicha bemorga quyidagi birinchi tibbiy yordam ko‘rsatiladi:
- og‘riqni qoldirish uchun: atropin - 0,1% -0,5-1 ml teri ostiga yoki platifillin- 0,2 % - 1 ml teri ostiga;
- no-shpa - 1-2 ml muskul orasiga yoki 1 tabletka ichishga (shularning bittasi);
- analgin-50 % - 2 ml, dimedrol-1 %- 1ml, novokain - 0,5 % -2 ml bitta shiprits bilan muskul orasiga.
O`tkir appenditsit – katta odamlarda va ayniqsa, 8-12 yoshli bolalarda deyarli ko`p uchraydigan, ko`richakning chuvalchangsimon o`simtasini yallig`lanishi tufayli vujudga keladigan o`tkir jarrohlik kasallikdir.
Sababi. Ingichka ichakning yallig`lanishi, ovqatlanish tartibini buzilishi natijasida ingichka ichak bo`shlig`idagi mikroblarni ko`richakka va uning chuvalchangsimon o`simtasiga o`tib, uni yallig`lanishiga sabab bo`ladi.
Belgilari. To`satdan qorinning kindikdan o`ng tomonida og`riq paydo bo`ladi. Ba`zida, avvaliga og`riq qorinning kindikdan past yoki yuqori sohasida paydo bo`lishi mumkin. Ammo, ma`lum vaqt o`tishi bilian og`riq qorinning kindikdan o`ng tomonida kuchayadi. Qusish yuzaga keladi.
Bemorni orqasi bilan tekis toshakka yotqizib, oyoqlarini tizza bo`g`imida bukib, tekshiruvchi o`ng qo`lining kafti va barmoqlari bilan qorinni kindik pastidan chapdan o`ng tomon sari paypaslaganda (palpatsiya qilganda), kindikning o`ng tomonida (ko`richak joylashgan sohada) og`riq kuchaygani seziladi.
Birinchi tibbiy yordam. Yuqorida qayd etilgan belgilar aniqlanishi bilanoq, hech qanday og`riq qoldiruvchi dori qo`llamasdan, tez yordam chaqirib, bemor shifoxonaning jarrohlik bo`limiga olib borilishi kerak.
Ichak tugilishi (invaginatsiya) – bir yoshgacha bo`lgan bolalarda ko`proq, kattalarda nisbatan kam uchraydigan, ichakning bir qismi, ikkinchi qismini ichiga kirib qolishi va ichak bo`shlig`ining to`silib qolishi tufayli vujudga keladigan o`tkir jarrohlik kasallikdir.
Sababi. Ovqatlanish tartibining buzilishi tufayli, bola va katta odam och qolgan paytda, birdaniga ko`p miqdorda ovqat iste`mol qilishi, ichakning yallig`lanish (enterokolit – ich ketish) kasalligi, ichak devorida polip bo`lishi kabilar.
Belgilari. Kasallik to`satdan boshlanadi. Qorinda kuchli og`riq paydo bo`ladi. Bemorning ranggi oqaradi, qusadi. Najas oldiniga, ya`ni 2-3 soat davomida ajraladi. Vaqt o`tishi bilan kuchanish bo`ladiyu, lekin najas o`rniga qon aralash shilimshiq suyuqlik ajraladi.
Qorinda og`riq xuruj bir necha minut davom etib, ma`lum vaqt to`xtab-to`xtab takrorlanaveradi. Vaqt o`tishi bilan borgan sari bemorning ahvoli og`irlashaveradi. Qusish va o`g`jish tezlashadi, kuchanadiyu, ammo, najas ajralmaydi.Bemorni orqasi bilan tekis to`shakka yotqizib, oyoqlarini tizza bo`g`imida bo`kib tekshiruvchi o`ng qo`li barmoqlari va kafti bilan qorinning pastki sohasidan (qovuqdan) yuqori tomon sari paypaslaganda (palpatsiya qilganda) ko`pincha kindikdan o`ng tomonda (ko`richak sohasida) yumshoq shish (invaginat) borligi aniqlanadi. Kam hollarda shish (invaginat) kindikdan yuqori yoki kindikdan chap tomonda aniqlanishi mumkin. Shish (invaginat) ning qorinni turli sohalarida aniqlanishi ingichka va yo`g`on ichakning qaysi qismi bir-biriga kirib qolishiga bog`liq.