Narkotik qabul qilgan paytda odamda kayf qilish holati vujudga keladi. Bu holat ikki xil belgilar bilan namoyon bo`ladi:
1. Kayfning qo`zg`aluvchanlik turi.
2. Kayfning bo`shashuvchanlik turi.
Kayfning qo`zg`aluvchanlik turida narkotik qabul qilingandan keyin odam ko`p harakat qiladi, ko`p gapiradi, gaplari qovushmaydi, savolga ma‘noli javob qaytaraolmaydi. Tez jahli chiqadi, atrofdagilarga qo`pol muomalada bo`ladi, asossiz janjal chiqaradi, yoki aksincha. Kayfiyati yaxshi bo`lib, o`z-o`zidan kulaveradi, atrofdagilarga mehribonlik qiladi, qo`lidagi yaxshi narsalarni saxiylik bilan ulashadi.
Kayfning bo`shashish turida narkotik qabul qilgandan keyin odam karaxt bo`ladi, bo`shashadi, kam harakat qiladi, uni uyqu bosadi, kam gapiradi, gaplari mazmunsiz bo`ladi. Tanasini tutish muvozanati buziladi, yurganda galdiraydi, atrofdagi voqealarga befarq bo`ladi, u hech narsa bilan qiziqmaydi, yotib uxlaydi.
Giyohvandlik kasalligi quyidagi 3 davrda kechadi: Birinchi davr- odam organizmi reaktivligining o`zgarishi, ya‘ni odamning narkotik moddaga moslashishi bilan xarakterlanadi. Giyohvandlikning boshlanish davrida odam narkotik modda qabul qilganida kayfiyati oshgandek, yaxshi dam olgandek, xordiq chiqargandek bo`ladi. Shuning uchun kundan - kunga odam organizmining narkotikka moslashuvi oshib boradi. O`zi belgilagan vaqtda narkotikni qabul qilishga intiladi. Birinchi davrda zarur chora-tadbirlar yordamida odamni giyohvandlik kasalligidan davolash ya‘ni qutqarish mumkin.
Ikkinchi davr - giyohvandning narkotikka ruhiy bog`lanishi, ya‘ni ruhiy mu‘teligining yuzaga kelishi bilan xarakterlanadi. Bu davrda giyohvand organizmining narkotikka o`rganib-moslashib qolishi birinchi davrga nisbatan yanada kuchayadi. Narkotik qabul qilganida bemorning kayfiyati vaqtincha yaxshilanadi. Qabul qilish muddati kechiksa kayfiyati buziladi, dunyo uning ko`ziga torayib qolgandek tuyuladi. Bu davrda giyohvandlik kasalligiga xos ruhiy buzilish belgilari paydo bo`ladi. Bemor narkotik qabul qilganida o`zini tetik, kayfiyati yuqori, bardam his etadi, kuchi oshadi, ish qobiliyati yaxshilanadi. Narkotikni qabul qilish muddati kechiksa giyohvandning ruhiyati buziladi, kayfiyati yomonlashadi. ish qobiliyati yo`qoladi. Shuning uchun u har qanday yo`l bilan bo`lsa ham narkotik topib. uni qabul qilish uchun barcha imkoniyatini safarbar qiladi. Chunki narkotik giyohvand uchun hayotiy zaruriyatga aylanadi. U narkotik topish va qabul qilish uchun, or-nomusi, vijdonidan voz kechadi. Giyohvand eng yaqin odamlariga nisbatan ham mehr oqibatini yo`qotadi. Narkotik sotib olishga pul topish uchun boshqalarga yolg`on gapiradi, tovlamachilik va o`g`irlik qiladi: U fikrlash, aql idrok bilan ish tutish qobiliyatini mutloq yo`qotadi, ya‘ni ruhiy jihatdan nogironga aylanadi. Ikkinchi davrda giyohvandni davolash ancha murakkab va qiyin bo`ladi.