Uchinchi bosqich – asteniklik. Uning belgilari: kayfiyatning umumiy
depressiv ko‘rinishi, vahima, xavotir, o‘z kuchiga ishonmaslik, o‘ta
jizzakilik, har narsaga xafa bo‘lish, senzitivlik ya’ni, har narsani ko‘ngilga
yaqin olish. Vahima (vahimalilik) – ilgari sportchi uchun mutlaqo
ahamiyatsiz bo‘lgan vaziyatlarda, yuzaga keladigan kuchli xavotirlanish va
hatto qo‘rquv tarzida namoyon bo‘ladigan ichki psixologik oromning
buzilish ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Sport psixologiyasida vahimani
tadqiq etishga juda katta e’tibor beriladi. Biroq bu tadqiqotlarning
aksariyati musobaqalashuv sharoitlaridagi vahima jarayonlariga bog‘liqdir.
Mashg‘ulotlar jarayoni bilan yuzaga keluvchi vahimalilik, u qadar o‘tkir
bo‘lmasa-da, biroq barqaror ancha chuqur va uzoq muddat davom etadi.
Vahimalilik holati – o‘z kuchiga, imkoniyatlariga ishonmaslikni,
irodasizlikni oldinga qo‘yilgan natijalarni qo‘lga kiritishga shubhalanish
hissini keltirib chiqaradi. Vahimalilik ham o‘ziga ishonch (yoki
ishonchsizlik) ham sportchi shaxsining o‘ziga xos xususiyati bo‘lishi va u
sportchining muayyan paytdagi holatini ifodalovchi hodisa tarzida
kechishi mumkin.
Mashg‘ulotlar jarayonida irodaviy zo‘r berishni tarbiyalash maqsadida
murabbiylarga quyidagi psixologik tavsiyalar taqdim etmoqchimiz:
1. Mashg‘ulotlar chog‘idagi qiyinchiliklar eng oliy darajaga еtgan
paytlarda sportchilarda yuz beradigan psixik o‘ta zo‘riqishning ayrim
darajalari – to‘g‘ri tashkil etilgan mashg‘ulotlar jarayonining tabiiy
oqibatidir. Sportchilardagi psixik o‘ta zo‘riqishning mutlaqo sezilmasligi,
30
ularning bundan ham kattaroq jismoniy qiyinchiliklarni ko‘tara olishini va
yanada qat’iyroq sport rejimiga dosh berishi mumkinligini ko‘rsatadi.
2. Agar unchalik og‘ir jismoniy zo‘riqishlardan holi odatiy
mashg‘ulotlar jarayonida, sportchida psixik o‘ta zo‘riqishning dastlabki
belgilari kuzatiladigan bo‘lsa, buning sababini qo‘shimcha omillardan
qidirish lozim. Ya’ni:
a) sportchi uchun jamoada yaratilgan noxush psixologik iqlim
(masalan, jamoa a’zolaridan biri bilan o‘zaro nizo yoki sportchining o‘z
uyidan, oilasidan uzoq muddat ajralib, sport yig‘inlarida ishtirok etishi);
b) motivatsiyasining pasayib ketishi (masalan, sportchi ishtirok etishni
nihoyatda xohlagan musobaqalarning bekor qilinishi);
v) sportchining sportchi shaxsiy hayotida nizoli, mojaroli
vaziyatlarning yuzaga kelishi (masalan, mashg‘ulotlar bilan maktabdagi,
institutdagi imtihonlar uchun bir oz vaqt ajratishning qiyin kechishi, uning
uylanishi yoki turmushga chiqishi ham ba’zi hollarda bunday nizoli
holatlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin);
g) sportchining qadriyatlari tizimida yangi, sportga nisbatan ham
muhimroq biror mavzuning paydo bo‘lishi yoki muayyan vaziyatda uning
uchun sportning qadri nisbatan pasayishi (masalan, sportchi kvartiraga ega
bo‘ldi, mashina sotib oldi va ayni paytda ana shu tashvishlar bilan band)
va hokazo.
3. Murabbiy shuni doimo esda tutishi lozimki, sportchida psixik o‘ta
zo‘riqishning dastlabki belgilari paydo bo‘lganda avvalo sportchining
o‘zgalar bilan munosabati va xatti-harakatlarini tuzatish, ularga
o‘zgartirish kiritish lozim, hatto uning rejimini ham o‘zgartirish mumkin.
Lekin, mashg‘ulotlarning jismoniy qiyinchiliklaridan zinhor voz kechish
kerak emas. Sportchi o‘zi ushbu holatni albatta boshdan kechirishi
zarurligini his etishi va tezda yana qayta oyoqqa turib ketishiga ishonishi
shart.
4. Psixik o‘ta zo‘riqishning ikkinchi bosqich belgilari namoyon
bo‘lganda, murabbiy rejalashtirilgan mashg‘ulotlardagi jismoniy
yuklamani va sportchini qayta tiklanishini ko‘rib chiqishi kerak.
5. Agar psixik o‘ta zo‘riqishning uchinchi bosqichi belgilari namoyon
bo‘lib qolsa, demak bu murabbiy sportchini tayyorlashda juda qo‘pol xato
va kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligini bildiradi (ya’ni, mashg‘ulotlarni
o‘tkazish uslubida, ularni tashkil etishda, sportchilar yashash sharoitida,
ovqatlanishida, ular bilan muloqotda, ularning dam olish sharoitlarida va
hokazolarda).
31
Psixik o‘ta zo‘riqishning uchinchi bosqichini boshdan kechirgan
sportchi juda kam hollarda sportga qaytadi. Bu holatdan keyingi uzoq
muddat davom etishi lozim bo‘lgan dam olish, unga barcha imkoniyatlarni
muhayyo etuvchi shart-sharoitlar, uning qat’iy talablar, yuqori jismoniy
qiyinchiliklar bilan kechuvchi sport sohasiga qaytishiga to‘sqinlik qiladi,
oliy maqom, ya’ni ekstraklass toifadagi sport natijalarini qo‘lga kiritishiga,
sportchining yana ilgarigidek o‘zini butkul sportga safarbar etishiga
monelik qiladi.
6. Jismoniy yuklamalar ayniqsa kuchaygan bir paytda, agar sportchi
mashg‘ulotlarda ishtirok etmaslikni astoydil talab qilayotgan bo‘lsa, uning
bu istagini ana shunday qat’iyat bilan rad etish yaramaydi. Albatta,
tushuntirish, uni ishontirish, unga zulum o‘tkazish, kuch ishlatish, tahdid
qilish va yoki boshqa vositalar bilan sportchini mashg‘ulotlarda ishtirok
etishga majbur qilish mumkin, ammo avvalo shunga zaruriyat bor yoki
yo‘qligini bilib olish lozim. Ehtimol, bu sportchining o‘ziga xos ojizligidir
va uning irodasini mustahkamlashga yordam berish orqali uni bu
nuqsondan xalos etish mumkin. Agar sportchining mashg‘ulotlardan bu
tarzda bosh tortishiga uning psixik-asab tizimlarining dosh berish darajasi
tugab qolganligi sabab bo‘lsa, unda sportchi bittagina mashg‘ulot deb,
startga tetik va dam olgan holda bora olmay qoladimi, – degan savol
tug‘iladi. Agar sportchi avvaldan o‘zini o‘ta “dangasa” sifatida ko‘rsatgan
bo‘lsa, bunday sportchini istagancha majburan mashq qildirish mumkin,
biroq chindan ham astoydil ishlaydigan, halol sportchiga bu borada
muammoni hal etishni o‘z ixtiyoriga qoldirgan ma’qul.
7. Sportchining yoshi va tajribasi qancha katta bo‘lsa, u shuncha katta
mustaqillikni talab etadi. Ammo hamma sportchilarga ham birdek
mustaqillik berib bo‘lmaydi. Bu mojaro va nizoli vaziyatlarning yuzaga
kelishi uchun zamin tayyorlab, yuqori jismoniy qiyinchiliklar paytida har
qanday arzimas sabablar bilan turli noroziliklar, kelishmovchiliklarni
keltirib chiqaradi. Bir tomondan ularni oldindan ko‘ra bilish va ularning
oldini ola bilmoq joiz bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bu nizolar, janjallar yosh
sportchilarning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligiga harakat qilmoq
kerak.
Xulosa qilib aytganda, sportchilarni mashg‘ulot va musobaqalarda
irodaviy tayyorlashda oila va sport maktablarining o‘zaro hamkorligi,
qo‘llab-quvvatlashi bugungi kunda eng dolzarb masalalardan biri
bo‘lmog‘i lozimdir.
|