Qimmatli qog‘ozlar bozorida savdolarni tashkil etish ma’lum tartib va xususiyatlarga ega.
Qimmatli qog‘ozlar bozorida savdolarni tashkil etish fond birjalari, qonun hujjatlariga muvofiq fond bo‘limini tashkil qilgan boshqa birjalar hamda qimmatli qog‘ozlarning birjadan tashqari savdolar tashkilotchilari tomonidan tegishli litsenziya asosida amalga oshiriladi.
Aksiyalar va korporativ obligatsiyalar bilan shuningdek, ularning hosilalari yuzasidan birja savdolarini tashkil qilish fond birjalari, hamda markazlashtirilgan tizimda qimmatli qog‘ozlarni yagona kotirovkasini ta’minlovchi, bitimlar yuzasidan hisob va hisobotni yagona tartibini ta’minlovchi fond bo‘limini tashkil qilgan boshqa birjalar tomonidan amalga oshiriladi.
Birja savdolarini markazlashtirilgan tizimi qonunchilikda belgilangan tartibda fond birjalari va fond bo‘limini tashkil qilgan boshqa birjalar tomonidan tashkil qilinadi.
Boshqa turdagi qimmatli qog‘ozlar bilan birja savdolarini tashkil qilish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
Qimmatli qog‘ozlar bozorida (savdo tizimlarida) narxlar kotirovkasi quyidagi tartibda amalga oshiriladi.
Qimmatli qog‘ozlar narxini kotirovkalash fond birjalari tomonidan markazlashtirilgan tartibda, shuningdek, birjadan tashqari bozorda dilerlar tomonidan amalga oshiriladi.
Fond birjalari qimmatli qog‘ozlar narxini kotirovkalashni bitim narxini, qimmatli qog‘oz kursini, qimmatli qog‘oz bo‘yicha talab va taklif narxini qayd qilish, narxlarning eng baland va eng past darajalarini aniqlash orqali amalga oshiradilar.
Narxlarni emitentlarning o‘zlari kotirovkalashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Umuman olganda, qimmatli qog‘ozlar bozorida savdo operatsiyalari to‘rt bosqichda amalga oshirilishi mumkin:
·bitishuvni (shartnomani) tuzish;
·tuzilgan bitishuv parametrlarini tekshirish (solishtirish);
·qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha savdoni amalga oshirish;
·bitishuv talablarini oxirigacha ijro qilish (to‘lovni amalga oshirish va qimmatli qog‘ozlarni yangi egasiga berish). Ushbu bosqich hisob-kitob tizimi tomonidan amalga oshiriladi.
Fond bozori savdo tizimlarida qimmatli qog‘ozlarning turlariga qarab ular bo‘yicha savdo shakllari, usullari, metodlari va mexanizmlari ma’lum darajada farqlanishi mumkin. Shu munosabat bilan savdo tizimlarini quyidagicha tasniflash mumkin:
·emissiyalanuvchi qimmatli qog‘ozlar savdosi tizimi;
·emissiyalanmaydigan qimmatli qog‘ozlar savdosi tizimi;
·bazaviy qimmatli qog‘ozlar savdosi tizimi;
·bazisli qimmatli qog‘ozlar (derivativlar, ya’ni hosilaviy qimmatli qog‘ozlar) savdosi tizimi.
Savdo tizimlarini qimmatli qog‘ozlar bozori segmentlari bo‘yicha ham tasniflash mumkin:
·birlamchi tarzda ilk bor joylashtiriladigan qimmatli qog‘ozlar savdosi tizimi (birlamchi bozor savdo tizimi);
·ikkilamchi bozor (spekulyativ) savdo tizimi.
Ushbu savdo tizimlari birjaviy va birjadan tashqari bozorlarda mujassamlashgan.
Yuqorida aytilganlardan ko‘rinib turibdiki, savdo tizimlari moliya bozorida muhim rol o‘ynaydi. Ularning bu roli o‘zlarida moliya bozorining barcha qatnashchilari uchun moliyaviy instrumentlar bo‘yicha samarali savdo jarayonini tashkillashtirish, unda yetarli va qulay shart-sharoitlar yaratish hamda bu jaryonda obyektiv bozor narxlarni belgilash bilan ifodalanadi.
Savdo tizimlari quyidagi vazifalarni bajaradi:
·har bir savdo qatnashchisiga bozordan alohida joy ajratib berish;
·narx-navoning muvozanat va obyektiv darajasini arbitraj asosida aniqlash;
·savdo jarayonida taraflar tomonidan savdo ijrosini aniq, to‘liq, o‘z vaqtida va kafolatli bajarilishini ta’minlash;
·savdolarni ochiqlik va oshkoralik asosida tashkillashtirish;
·savdo qatnashchilari tomonidan etik normalarga va kodeksiga rioya qilinishini ta’minlash.
Savdo tizimlarining funksiyasi – bu o‘zi orqali moliyaviy resurslarni samarali va obyektiv narxlarda iqtisodiyot subyektlari o‘rtasida taqsimlanishini va qayta taqsimlanishini ta’minlash.
Savdo tizimlarining emitentlar, investorlar va professional moliya institutlari bilan o‘zaro bog‘liqlikda moliya bozoridagi va umuman iqisodiyotdagi roli va faoliyat samaralarini ko‘rish mumkin.
Aytish joizki, moliya bozori savdo tizimlarining yuqorida aytilgan roli asosan ulardagi tovarlar (ya’ni moliyaviy instrumentlar) turlari, xossa va xususiyatlariga, sifat ko‘rsatkichlariga bog‘liq.
Umuman olganda savdo tizimida ma’lum bir turdagi va sifatga ega bo‘lgan, savdoga qo‘yilgan tovar (jumladan, tovarga tuzilgan standart kontrakt) muomalada bo‘ladi.
Birja tovari – birja savdosi obyekti bo‘lib, uning sifatida turli standartlangan va sertifikatlangan tovarlar bo‘lishi mumkin, masalan, qimmatli qog‘ozlar, xomashyolar, mulk, kredit, valuta va h.k.
Savdo tizimlari tomonidan tovarlarga ma’lum talablar qo‘yiladi: standartlilik, bir xil sifat (sertifikatlangan), bir tovarni boshqa partiyadagisi bilan almashuvchanligi, tovarning miqdor o‘lchamliligi.
Savdo mexanizmi tovarning obyektiv (real) narxini (baxosini, kotirovkasini) talab va taklifga bog‘liq tarzda belgilaydi. Tovar kotirovkasi o‘zgaruvchan bozor kon’yunkturasi sharoitida savdo qatnashchilari uchun muhim oriyentir bo‘lib xizmat qiladi, ya’ni tovar
ishlab chiqaruvchining sifat darajasini va bozordagi mavqeini aks ettiradi, tovar ishlab chiqaruvchi va xaridor orasidagi uzviy bog‘liqlikni o‘rnatadi. Bu jarayonda savdo tizimi tovar kotirovkasini belgilash (o‘rnatish) orqali xaridor, ishlab chiqaruvchi va vositachiga ko‘maklashadi, ularni o‘zaro bog‘lab bozor munosabatlarini tartiblashtiradi.
Umuman olganda, moliya bozori savdo tizimlari tovarlarning sifat darajasini bozor savdosi qatnashchilari tomonidan savdo jarayonida barqarorligini ta’minlanilishini tartiblashtiradi.