Genial yoki geniy deb biz shunday kishilarni aytamizki, ular nihoyatda katta masalalarni hal qiladilar, butun bir sinf yoki xalqlar uchun, barcha insoniyat uchun ahamiyatli bo’lgan, misli ko’rilmagan qimmatli narsalar yaratadilar. Bunda ular yaratgan narsalar tarixda go’yo burilish nuqtasi bo’lib xizmat qiladi, tarixni oldinga progressiv tomon harakatga keltiruvchi madad bo’lib xizmat qiladi. Masalan, biz Alisher Navoiyning genial shoir deb hisoblaymiz chunki, u shunday asarlar yaratdiki, uning asarlari dunyodga kelishi bilan o’zbek adabiyotida o’zbek tili taraqqiyotida yangi bir davr boshlandi.
Talantli deb shunday odamlarni aytiladiki, ular ma’lum sohada murakab nazariy va amaliy masalalarni hal qilishga, yangilik va progressiv ahamiyatga ega bo’lgan qimmatli narsalar yaratishga qodir bo’ladilar. Talantli odam, talantli yozuvchi va talantli shoir, talantli rassom, talantli konstruktir deganda biz buni ana shu ma’noda tushunamiz.
Talantli deb shuningdek, bilimlarni tez, muvaffaqiyat bilan o’zlashtirib oladigan va shu bilimlarni turmushda, o’z faoliyatlarida to’g’ri tatbiq qiladigan odamlarni ham aytiladi. Talantli o’quvchi, talantli student, talantli skripkachi va talantli pianist, talantli injener deganda biz buni ana shu ma’noda tushunamiz.
Geniy – bu yangilik yaratuvchi va kashf qiluvchi odam, talantli deb, bu yangiliklarni tez o’zlashtirib oladigan va shu bilimlarni turmushda tatbiq qilib, ularni oldinga suradigan odam deyish mumkin. Har bir geniy talantli ham bo’ladi, biroq har bir talantli odamni genial deb bo’lmaydi. Talantli va genial kishilarning juda ko’pi har tomonlama qobiliyatli bo’lganlar. Chunonchi, Aristotel , Leonardo da Vinchi, Lomonosov, Abu Ali Ibn Sino, M.Ulug’bek, Al-Forobiy, Qori Niyoziy, Navoiy, Usmon Nosir va boshqalar mana shunday bo’lganlar.
Qobiliyat va iste’dodning o’sishi.
Har bir odamning qobiliyat va iste’dodi taraqqiyot mahsulidir. Insonning qobiliyati uning tug’ma layoqati asosida, muhitga bog’liq ravishda olayotgan ta’lim-tarbiyasiga qarab, shuningdek kishining o’z ustida ishlashi bilan bog’liq holda o’sib, kamol topib boradi
Tug’ma layoqat – tayyor, kamolotga yetgan qobiliyat emas, balki qobiliyatning o’sishi uchun faqat tabiiy zamindir, u kelgusida qobiliyatga aylanmog’i mumkin.
Tug’ma layoqatni irsiyat bilan aynan bir narsa deb tushunish yaramaydi. Layoqat irsiyat natijasigina bo’lib qolmay, balki, shu bilan birga ona xomilasida o’sish natijasi hamdir. Layoqat – kishidagi tug’ma imkoniyatdir.
Layoqatni xuddi uruqqa o’xshatish mumkin, urug’dan o’simlik ko’karib chiqishi, etilib meva qilishi uchun qulay sharoit: tuproq , havo, quyoshning bo’lishi darkor. Kishidagi tug’ma layoqatning o’sib kamol topishi uchun zarur bo’lgan sharoitning asosi ijtimoiy muhitdir.
Ijtimoiy muhit layoqatlarning o’sib, kamol topishi uchun qulay yoki noqulay bo’lmog’i mumkin.
Qulay muhit kishidagi «mudrab yotgan» layoqatlarni uyg’otadi.
Muzikachilar, rassom yoki shoirlar, texnik xodimlar muhitida o’sgan bolalarning ko’pchiligida layoqatning juda barvaqt uyg’onishi sababi ko’proq mana shundadir.
Noqulay ijtimoiy muhit sharoitida kishidagi tug’ma layoqatlarning «uyg’onmay» qolib ketishi mumkin. Bunday noqulay muhit kishida tasodifiy ravishda ko’rina boshlagan biron qobiliyat va iste’dod alomatlarini yo’qotib yuborishi yoki ularning paydo bo’lish vaqtini cho’zib yuborishi ham mumkin.
O’zbek xalqi yuksak aql-zakovatga dunyoni boshqarish qudrati, salohiyati, qobiliyatiga ega bo’lgan sohibqiron Amir Temur kabi sarkardalar, Al-Buxoriy, At-Termiziy, Bahovuddin Naqshband, Xo’ja Ahmad Yassaviy kabi ulug’ muhandis majtahid ulamolari, Abu NasrForobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi qomusiy olimlari bilan birgalikda Ul-Umaviy, Hofiz Sheroziy kabi musiqashunos olimlari, Nizomiy Ganjaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Ulug’bek kabi mutafakkirlari bilanfaxrlanib qolmay, ularning ishlarini davom etishiga, fan sohasida yangiliklar yaratishga ham qodirdirlar.
Iste’dodning o’sib kamol topishi uchun faqat muhit ta’sirining bir o’zi kifoya qilmaydi. Bunda eng muhim narsa ta’lim va mahsus tarbiyadir. Qobiliyat ta’lim jarayonida, bilimlarni o’zlashtirish jarayonida, bilimlarning ijodiy qo’llanishida, tegishli ko’nikma va malakalar hosil qilish jarayonida, inson faoliyatida kamol topadi. Masalan, muzikachi bo’lish uchun tabiiy qobiliyat va qulay sharoit bo’lishining o’zi kifoya qilmaydi, balki o’qish, muzika nazariyasini o’rganish, texnikani va mahsus fanlarni bilish kerak bo’ladi. Yaxshi uchuvchi, injener, umuman qanday bo’lmasin har bir sohada mutaxassis bo’lish uchun tegishli ma’lumot va tarbiya olishi kerak.
«Men foydalangan texnikaning rivojlanganligi soyasidagina – deb yozgan edi A.N.Rimskiy Korsakov, - mening ijodiyotim yangi jonli kuchga ega bo’ladi va mening bundan buyon ijodiy faoliyatim uchun yo’l ochildi».
Qulay sharoit, o’qitish va tarbiya odamdagi layoqatning barvaqt uyg’onishiga imkon beradi. Masalan, Rimskiy-Korsakov onasi kuylagan kuylarni ikki yoshdanoq, otasi pianinoda chalgan kuylarni to’rt yoshida takrorlar, xirgoyi qilar edi va otasidan eshitgan kichik muzika asarlarini tez kunda fortepianoda o’zi chala boshlagan. Mostart uch yoshdan boshlab klavesinani (pianinoga o’xshash muzika asbobini) chala boshlagan, eshitgan muzika asarlarini hayron qolarli darajada darrov esida qoldirgan. To’rt yoshida o’zi ham muzika asarlari yarata boshlagan. Gaydida to’rt yoshidayoq muzikaga bo’lgan qobiliyat ko’rina boshlagan. Prokofev sakkiz yoshida kompozitor bo’lib tanila boshlagan.
Rassomlik sohasida Rafaelning ijodiy qobiliyati sakkiz yoshida, Mikelanjeloda o’n uch yoshida, I.E.Repin bilan V.A.Serovda to’rt yoshida, V.I.Surikovda olti yoshida ko’rina boshlagan. Aleksandr Ivanov o’n bir yoshidayoq tasviriy san’at Akademiyasiga kirgan. Igor Grabar o’zi haqida: «Rassomlikka necha yoshda havas qo’yganligimni eslay olmayman, ammo rasm solmagan vaqtimni xotirlay olmayman», deydi.
Poeziya sohasida Pushkin va Lermontovlarning ijodiy qobiliyatlari juda erta ko’rina boshlagan. Pushkin to’qqiz yoshida Lermontov o’n yoshida, A.Navoiy 5 yoshida ijod qila boshlagan. Ularning 7-13 yoshlaridayoq asarlari bosilib chiqa boshlagan. Bayron bilan Shiller o’n olti yoshda yoza boshlagan.
Qobiliyatning o’sishida mayyan faoliyatga qiziqish va muhabbat qo’yish bilan bir qatorda, kishi o’z ustida ishlashi, uning mehnat faoliyati hamda bilimlari, ko’nikma va malakalarini ijodiy ravishda – qo’llana olishi ham katta ahamiyatga egadir.
Ko’p vaqtlardan beri shu narsa ma’lumki qobiliyat bilan o’zlashtirish hamma vaqt ham bir xil bo’lavermaydi. Masalan, Gogol Nejinskiy gimnaziyasida o’qiyotganida adabiyotdan «3», inshodan esa «2» baho olar edi. Mendeleev gimnaziyada «o’rta hol» o’quvchilardan biri bo’lib hisoblanishiga qaramasdan, keyinroq borib genial olim bo’lib etishdi. A’lochi bo’lib o’qiganlardan ko’pchiligining oddiy xizmatchi bo’lib qolganligi ham sir emas.
Moskva matematika maktabiga asos solgan, hozirgi zamon matematikasida yangi oqim yaratgan atoqli olim, akademik Luzin maktabda o’qigan davrlarida matematika fanidan «2» bahoga o’qir edi, uyda matematikadan yordamchi o’qituvchi bilan tayyorlanar edi. O’sha o’qituvchining so’ziga qaraganda, Luzin fanga tamoman layoqatsiz edi.
Taniqli kinorejissyor S.M.Eyzenshteyn maktabda o’qigan vaqtida rasm darsidan faqat «3» baho olib o’qir edi. Lekin keyinchalik u o’z ustida tinimsiz ishlashi natijasida kinematografiya san’ati sohasida talantini ko’rsatdi.
Kishining qobiliyat va iste’dodi mehnatda namoyon bo’ladi, shu bilan birga kishi qobiliyatining o’zi ham faqat sabot bilan mehnat qilish, tirishib tegishli bilim va malaka hosil qilish orqali kamol topadi.
Qobiliyatlar – bu ma`lum bir ish faoliyatiga yo’nalgan shaxsning individual xususiytalari. Qobiliyatlar bilim, qo`ldan keladigan ishlar, yangiliklar bilan birlashadi. Ular ba`zi ishlarni bajarishdagi noananaviyliklarda bilinadi.
Bolaning har tomonlama rivojlanishi uchun oilada sharoit yaratish. Yaratilgan imkoniyatlar sizning o`gil, qizingiz qobiliyatlarninglarining rivoji uchun ta`sir qiladi; ularning yaratilmaganligi esa bolaning o`z xoxish istaklarini amalga oshirish uchun to`siq bo`ladi.