Oq – bu pok niyat: Ne-ne karvonlarni uzatgan, kutgan Dunyoning kattami kichik yo‘llari, Kuzda karvon bo‘lib olamga ketgan Yurtimning bahorgi oq xayollari. («Paxtamiz xususida nutq»)
Xalqimizning qora rang bo‘yicha ham o‘z qarashlari mavjud. Adabiyotshunos olim I.Haqqulning e’tirof etishicha, “…qadimda turkiylarning dunyoqarashi va fikr olamida oq rangga qaraganda qora rang e’tiborliroq mavqega ega edi. Shu bois ularning diniy inonchlarida qora so‘zi ko‘proq o‘rin egallagan. Rus tilshunos olimi A.Kononov qora so‘zining ma’nolarini tadqiq etib, ushbu so‘z bilan “katta”, “yirik”, “muhtasham”, “ulug‘”, “qudratli”, “kuchli”, “pokiza”, “musaffo”, “quruqlik”, “yer”, “zulmat ko‘ki”, “shimol” kabi mazmunlar ifodalanganligini ko‘plab misollar vositasida izohlab bergan. Uning keltirishicha, A.Ja’far o‘g‘li “Kitobi Dadam Qo‘rqut” dagi qahramonlarning nomidagi qora sifatlashini jasorat va kuchlilik sinonimi, deb ta’kidlagan”.69 Qora rangi bugungi kunda xalqimiz tomonidan, asosan, yomonlik, qorong‘ilik, qayg‘u-uqubat, o‘lim ramzi sifatida tavsiflanadi. “Qur’oni karim”da qora rang tun qorong‘uligi, do‘zax ahlining yuzi, g‘am-qayg‘u, xafalik, yo‘q bo‘lish, qurib qolish; ba’zi tog‘larning rangidan dalolat berishi ko‘rsatiladi.70 O.Matjonning qora rangi bilan bog‘liq tasavvurlari va qarashlari ham xalqimiz qarashlari bilan deyarli hamohang. Shoir qora leksemasini, avvalo, shu rangdagi predmet, hodisalarga nisbatan qo‘llaydi:
Uzun qora soching ko‘zdan uzildi, Xo‘pmi, uzun tunga hamdard tutinsam? (“Seni yaxshi ko‘raman”)
Ma’lumki, she’riyatda tunga ko‘pincha uzun, qora, qorong‘i kabi xislatlar beriladi. O.Matjon she’rlarida ham tunning bunday tavsiflarini kuzatish mumkin: Bilmadim, qandayin tasvirlash mumkin. Shunchalik qora tun, shunchalik vahm?! Bir yog‘i yulduzlar shiviri, sukun, Bir yog‘i tubsiz ham omonsiz lahm. (“Eng uzun kechada”)
Kimnidir axtardim, axtardim uzoq, Ko‘zimni panalab ba’zan quyoshdan. Gʻildirak izidan uzun tunlarda Nomin hay-huladim uning tog‘-toshdan. Berilgan she’riy parchalardagi qora tun so‘z birikmasi tun – qora; uzun tun birikmasi tun – uzun assotsiativ juftligi asosida yuzaga kelgan.
Quyidagi she’riy parchada tunning qora rangi bilan bog‘liq holda o‘ziga xos assotsiatsiyalar hosil bo‘lganligini ko‘rish mumkin :