2. Polimer pardozlash-bezak materiallari Pardozlash bezak materiallariga polimerlardan tayyorlangan binolarni
ichki tomondan bezashda ishlatiladigan, issiqlik va tovush izolyasiyasi
buyumlari kiradi. Bundan tashqari ko‘pchilik to‘suvchi polimer materiallarni
ham pardozlash-bezak ishlarida foydalanish mumkin. Pardozlash list
materiallariga qog‘oz qatlamli manzarali plastiklar, “poliform”, “polidekor”
manzarali panellar va boshqalar kiradi.
Qog‘oz qatlamli manzarali plastiklar avvaldan fenol-formaldegid,
karbamid-formaldegid polimerlari shimdirilgan maxsus qog‘ozni issiq holatda
presslab tayyorlanadi. Plastik uzunligi 1000-3000 mm, eni 600-1600 mm,
qalinligi 1-5 mm o‘lchamlarda list ko‘rinishida ishlab chiqariladi. Plastikning
ustki qatlami turli rangda, gulli, bo‘rtma gulli, relefli tipografiya usulida
tayyorlangan qog‘ozdan yasaladi. Odatda rasm yog‘och (dub, yong‘oq, yasen,
buk) teksturasini, qimmatbaho toshlar (marmar, malaxit, yantar va sh. k.)
ko‘rinishini ifodalaydi. Bundan tashqari abstrakt rasmlar ham tushirilgan
bo‘lishi mumkin.
Qalinligi 1,6 mm bo‘lgan plastiklar bitum-rezinali, epoksidli, rezorsin-
formaldegidli elimlar va mastikalar yordamida maxkamlanadi. Bundan qalin
plastiklar asosga mexanik usulda (mix, shurup vositasida) mahkamlanadi.
Qog‘oz qatlamli plastiklar madaniy, maishiy, savdo, jamoat binolarining
ichini pardozlash va mebel tayyorlashda ishlatiladi.
Bezak polistirol plitkalari (“poliform”) zarbga chidamli polistirol
polimeriga ko‘pirtiruvchi qo‘shimcha aralashtirib tayyorlanadi. “Poliform”
plitkalarini quyish mashinalari bo‘rtma o‘ng yuza hosil bo‘lishini
ta’minlaydigan qoliplar bilan jihozlangan. Plitkalar o‘lchami 500x500x8-
10mm (11.7-rasm). Plitkalarning perimetri bo‘ylab mix va shuruplar o‘tkazish
uchun teshiklar qoldirilgan. “Poliform” plitkalari (panellari) bilan madaniy,
maishiy va ma’muriy binolarning devorlari, shiplari, interer elementlari,
suriladigan pardevorlar pardozlanadi.