12.2. Hisob registrlaridagi xato yozuvlarni aniqlash va tuzatish usullari Hisob jarayonida ayrim paytlarda xatolar uchraydi va ularni o‘z vaqtida
tuzatish zarur. Xatolarni topish uchun yozuvlarni tanlab yoki yoppasiga
tekshirish usullari qo‘llaniladi. Yozuvlardagi xatolar har xil bo‘lishi mumkin.
Masalan, hujjatlarda va hisob registrlarida matn yoki summa noto‘g‘ri
yozilgan, natural yoki qiymat ko‘rsatkichlarini jamlashda xatoga yo‘l
qo‘yilishi, xo‘jalik muomalalarini aks ettirishda schotlar korrespondensiyasi
noto‘g‘ri tuzilishi, yozuvlar tegishli bo‘lmagan boshqa registrlarga yozilgan
bo‘lishi mumkin va h.k.
Aniqlangan barcha xatolar hisobot tuzilgunga qadar tuzatilishi lozim.
Hisob registrlaridagi xatolarni tuzatishda xatoning xususiyati va
aniqlangan vaqtiga qarab quyidagi usullardan birortasi qo‘llaniladi:
korrektura, qizil storno va
qo‘shimcha yozuv. Korrektura usuli ma’lumotlar hisobot davri uchun jamlangunga qadar
topilgan xatolarni tuzatishda qo‘llaniladi. Bu usulda noto‘g‘ri yozuv ustidan,
uni o‘qish mumkin qilib, ingichka bitta chiziq tortiladi va yuqorisiga to‘g‘ri
yozuv yozib qo‘yiladi. Bunday tuzatish to‘g‘risida tegishli registrning bo‘sh
joyiga izoh berilib, xatoni tuzatgan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanadi.
Jurnal-order shaklida hisob yuritishda hisob registrlaridagi xatolar
korrektura usuli bilan ularda hisobot oyi uchun jami chiqarilgunga qadar
tuzatiladi. Registrlar jamlangandan so‘ng, lekin yozuvlar bosh daftarga
o‘tkazilmasdan oldin, registrlardagi xatoni tuzatish, buning uchun
belgilangan bo‘sh qator yoki grafada, maxsus
buxgalteriya ma’lumot-nomasi (spravkasi) asosida amalga oshiriladi. Jamlangan ma’lumotlar daftarga
o‘tkazilgandan so‘ng registrlarda xatoni tuzatishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday
vaqtda ham xatoni tuzatish maxsus tuziladigan buxgalteriya ma’lumotnomasi
asosida amalga oshiriladi. Bu ma’lumot-nomadagi yozuv Bosh daftarga
alohida o‘tkaziladi. Ma’lumotnoma esa xato topilgan jurnal-orderga ilova
qilinadi (tikib qo‘yiladi).