3. Iqtisodiyotni tartibga solishda soliqlarning rag’batlantiruvchanlik rolini oshirish Respublikamizda soliq tizimini takomillashtirish jarayonida xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan soliq yukini izchil kamaytirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ko’p bora ta’kidlanmoqda. Bunda birinchi navbatda ularning daromadlaridan undiriladigan bevosita soliqlarning salmog’ini kamaytirish lozimligi alohida ahamiyatga ega. Buning natijasida korxonalar ixtiyorida qoladigan mablag’lar ulushining ko’payishi evaziga uning aylanma mablag’lari miqdorini ko’paytirib borish va optimal darajasini saqlash, ishlab chiqarishni zamonaviylashtirish, uning samaradorligini oshirish maqsadida ko’proq investitsiya kiritish, xodimlar mehnatini yanada rag’batlantirish imkonini beradi. Bevosita soliqlar bo’yicha soliq yukini izchil kamaytirish soliq siyosatining samaradorligini YaIM ga nisbatan ular tushumining barqaror kamayishi tendentsiyasi ham isbotlaydi. Soliq tizimini takomillashtirishda ustuvor ahamiyat bilvosita soliqqa tortishga qaratilgan. Bilvosita soliqlar tovarlarga nisbatan qo’shimcha bo’lgani holda, pirovard natijada ishlab chiqaruvchining moliyaviy holatiga to’g’ridan-to’g’ri ta’sir ko’rsatmaydi hamda ishlab chiqarishni rivojlantirishga to’sqinlik qilmaydi. Soliq tizimi ho’jalik yurituvchi sub’ektlarni, jumladan, chet el sub’ektlarini, ishlab chiqarishni rivojlantirish, uskunalar va zamonaviy texnologiyalar sotib olish uchun mablag’ yo’naltirishni, ya’ni kapital jamg’arish va shu yo’l bilan texnologiyalarni takomillashtirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag’batlantirishi lozim. Soliq tizimi resurslarning samarali taqsimlanishiga to’sqinlik qilmasligi hamda xo’jalikni mustaqil yuritish omillarini cheklab qo’ymasligi lozim. Agar soliqlar katta bo’lgani uchun tadbirkorlarning ishlab chiqarishni kengaytirishdan, boshqa turdagi iqtisodiy faoliyat ko’rsatishdan manfaatdorligiga putur etkazsa, mamlakat iqtisodiyoti pastga qarab ketishi xavfi tug’iladi. Soliqlar miqdori haddan tashqari katta
qilib belgilansa, ishlab chiqarish hajmlari kamayib ketadi, bu jarayon zahiralar, banklardagi pul mablag’larining barakasi uchishiga, ilgari to’plangan mablag’larning eyilib ketishiga olib keladi. Soliqqa tortish, agar u, birinchidan, ishchi kuchini ishlab chiqarish uchun talab qilinadigan darajada saqlab turishga zarur bo’lgan iste’molning minimal hajmlariga salbiy ta’sir etsa, ikkinchidan, mehnatga nisbatan iqtisodiy va moddiy rag’batlarning harakat doirasini toraytirib qo’ysa, uchinchidan, jamg’arma miqdorini kamaytirsa va mablag’ning to’planish jarayonini sekinlashtirsa, ishlab chiqarish imkoniyatlarini yomonlashtirib yuborishi mumkin. Soliqqa tortishning keyingi ikki salbiy omilini batafsil ko’rib chiqaylik. Moddiy rag’batlantirishlarga nisbatan soliqqa tortishning noxush ta’sir etishi ish haqi tizimida salbiy alomatlar paydo bo’lishida ko’zga tashlanadi. Yuqori darajada tabaqalashtirilgan soliq stavkalarining qo’llanilishi natijasida xodim tomonidan ana shu moddiy rag’batni qabul qilishdagi oddiylik va maqbullik ko’lami torayib qoladi. Soliqqa tortish bazasi va uning hajmlarini noto’g’ri belgilash xodimlarning malaka oshirishga, ratsionalizatorlik va ixtirochilik faoliyati bilan shug’ullanishga va boshqa sohalarga bo’lgan intilishiga salbiy ta’sir etadi, boisi - mehnatga to’lanadigan haq miqdori, haqiqiy mehnat harajatlarining murakkabligi va xususiyati o’zgarishi befarq bo’lib qoladi. Soliqqa tortishning iqtisodiy omillarga ta’siri ikki xil ko’rinishda bo’ladi hamda qiyosiy oqibat va daromad oqibati shaklida ifodalanadi. Qiyosiy oqibat mehnat natijalari, jamg’arish, investitsiyalash, yangi g’oyalarni joriy etish va ishlab chiqarish faoliyatining boshqa xil ko’rinishlari bilan shug’ullanish uchun nisbatan kamroq darajada rag’batlantirishda namoyon bo’ladi. Ayniqsa progressiv (oshib boruvchi) soliqqa tortishda bunday oqibatning rag’batlantirishga zid ta’siri yaqqol ifodalanadi.
Dunyodagi bir qator mamlakatlarda kapitaldan kelgan daromad va iste’molga qarab soliqqa tortishni ko’zda tutgan soliq islohoti o’tkazilmoqda. Soliqqa tortishning salbiy ta’sirini silliqlash maqsadida ishchi kuchini taklif etish sohasida ish haqi ko’rinishidagi daromadlardan olinadigan soliqlarning eng yuqori qilib belgilangan stavkalari pasaytirilmoqda. Jamg’arish va investitsiyalashga soliqlarning ta’sir etishi borasida ham muayyan yutuqlarga erishildi. Soliqlarning ta’siri investitsiyalar tarkibida ham yaqqol seziladi. Turli ko’rinishdagi aktivlar uchun joriy etilgan har xil soliq tartiblari investitsiya imkoniyatlari va sarmoyadorlarning portfeli tarkibida sezilib qoladi. Soliq tizimidagi kamchilik va nuqsonlar iqtisodiy o’sish sur’atlarining pasayib ketishiga olib kelishi mumkin, bu hol pirovard natijada davlat byudjeti daromadlarining o’zgarishiga ham ta’sir etmay qolmaydi. Soliqqa tortishdagi og’irlikni kapitaldan shaxsiy jamg’arishga o’tkazishning umumiy ta’sirini bir xil ma’noda baholash qiyin, jamg’armaning umumiy hajmi uchun kelib chiqadigan oqibatlar soliq tushumlarining hukumat tomonidan ishlatilish xususiyatiga bog’liq bo’ladi.
Xulosa Mamlakatimizda tarkibiy o’zgarishlarni va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish jarayonlarining davom ettirilishi barqaror va mutanosib iqtisodiy o’sishni ta’minlash, milliy iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini oshirish hamda jadal taraqqiyotga erishishning muhim omili hisoblanadi. Kichik biznesning ixcham va harakatchanligi, bozor kon’yunkturasi o’zgarishlari va iste’molchilar ehtiyojlariga nisbatan tez moslasha olishi, yangi ish o’rinlarini yaratish va aholi daromadini oshirish borasida eng qulay va maqbul vositaga aylantiradi. So’nggi yillarda respublikada kichik biznes, tadbirkorlikni qo’llab-quvatlash va rag’batlantirish borasida hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan izchil tadbirlar, xizmat sohasidagi alohida olingan tarmoqlarini rivojlantirish bo’yicha qabul qilinayotgan qator dasturiy yo’nalishlar xizmat ko’rsatish va servis sohasini, shuningdek maishiy xizmat ko’rsatish sohasining yuqori sur’atlar bilan rivojlanishiga olib kelmoqda. Bozor munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishi sharoitida soliqlarning ikkinchi muhim funktsiyasi ularning iqtisodiyotdagi tartibga soluvchilik roli hisoblanadi. Davlat soliqlar orqali tovarlar, xizmatlarni ishlab chiqarish va sotishning iqtisodiy shart-sharoitini tartibga soladi va bu bilan xalq xo’jaligi tarmoqlarining iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish uchun muayin «soliq muhiti» ni yaratadi. Muayyan tarmoqda ishlab chiqarish sur’atlarini rag’batlantiradi yoki jilovlab turadi, sarmoyaning bir tarmoqdan soliq muhiti eng ma’qul bo’lgan boshqa tarmoqqa qo’yilishini kuchaytiradi yoki pasaytiradi, shuningdek aholining to’lovga qobil talabini kengaytiradi yoki kamaytiradi. Soliqlarning rag’batlantiruvchanligi soliq imtiyozlari va soliq stavkalari orqali amalga oshiriladi.