Dinga bo`lgan mu`nosabat. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan keyin ma`naviy hayotdagi yangilanish jarayoni, tub islohotlar samarasi o`laroq — dinga bo`lgan munosabat ham asliga qaytdi. Sobiq sovet tizimining ateistik siyosatiga barham berildi, vijdon erkinligi qonun orqali kafolatlandi. Davlatchiligimiz demokratik rivojlanish yo`lini tanladi.
Din va dunyoviy davlat orasidagi munosabat haqida gap ketar ekan, eng avvalo, dinning davlatdan ajratilish tamoyili uning asosini tashkil etishiga aniqlik kiritildi. Bu haqda Konstitutsiyamizning 61-moddasida shunday deyiladi: “Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi”. Mazkur moddada muhim qoidalar mustahkamlangan. Avvalo, diniy tashkilotlar qaysi konfessiyaga taalluqliligidan qat`i nazar, bir xil huquqiy maydonda faoliyat olib boradi. Qolaversa, diniy birlashmalar faoliyatini tashkil etish ularning ichki ishi hisoblanadi va davlat nazoratidan xolidir. Shu bilan birga, diniy tashkilotlarning davlatdan ajratilgani dinning jamiyatdan xoli ekanini anglatmasligini ham ta`kidlash zarur. Bu fuqarolik jamiyatida din o`z mavqeiga ega bo`lishini bildiradi. Aytish joizki, ma`naviy barkamol avlodni tarbiyalash, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va xalqimizning haqiqiy ma`naviy surati hamda siyratini belgilovchi fazilatlarni o`zida mujassamlashtirgan mehr-oqibat, hamjihatlik, o`zaro yordam, keksalarga hurmat, sharqona odob-axloq, sharmu hayo kabi eng oliy insoniy tuyg`ularning tub mohiyatini anglash va ko`z qorachig`idek e`zozlashda aynan diniy tashkilotlarning o`rni katta. Din va dunyoviy davlat munosabatini belgilab beruvchi boshqa bir tamoyilning mazmuni din sohasida kechayotgan o`zgarishlarni xolis va ilmiy o`rganishda namoyon bo`ladi. Davlatning dinga bo`lgan munosabatini ifodalovchi yana bir muhim tamoyil shuki, davlat dinni xalq ma`naviyatining uzviy qismi sifatida tan oladi. Shundan kelib chiqib, uning rivoji uchun tegishli shart-sharoit yaratishga harakat qiladi. Shu nuqtai nazardan, bugun mamlakatimizda yangi tahrirdagi O`zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi Qonun loyihasi qabul qilinishining ahamiyati quyidagilarda namoyon bo`ladi.