Axloqiy tushunchalar. Bularga «burch», «javobgarlik», «qadr- qimmat», «vijdon», «nomus» («sharaf») va «baxt» tushunchalari kiradi. Ular ming yillik tarixga ega bo‘lib, turli axloqiy nazariyalar va ta’limotlarda ishlab chiqilgan.
«Burch» tushunchasi kasb yoki ijtimoiy munosabatlar asosida qaror topgan o‘z burchlarini bajarish vaqtidagi muayyan kasbiy va ijtimoiy majburiyatlar doirasini anglatadi. Burch to‘g‘ri bajarilmog‘i uchun u oxirigacha anglab yetilgan bo‘lishi lozim. Bunday sharoitda kishida o‘z vazifalarini asosli ravishda bajarish ehtiyoji paydo bo‘ladi.
Yuksak axloqiy sifatlarga ega bo‘lgan va o‘z burchini yaxshi anglab yetgan tibbiyot xodimi burchni tegishli talablarga muvofiq aniq va sifatli bajaradi. Tibbiyot xodimining burchi insonparvarlikni namoyish qilish va hamisha bemorga yordam ko‘rsatish, kishilarning jismoniy va ruhiy sog‘ligiga qarshi qaratilgan yoki ularning hayotiga xavf soluvchi xatti-harakatlarda qatnashmaslikdir.
«JavobgarIik»- tibbiyot hamshirasining o‘z burchini bajarish davomidagi zarur bo‘lgan saranjom-sarishtalik, mas’uliyatlilik, kasbini suiiste’mol qilmaslik va o‘z zimmasidagi vazifalarni to‘la ado etishda ifodalanadi. Har bir tibbiy xodim o‘zining pala-partishligi, yengiltakligi, bemorlar ishonchini suiiste’mol qilish va barcha xato hamda kamchiliklari uchun javobgarlikka tortiladi.
«Nomus» («sharaf») - tushunchasi, burch tushunchasidan ajral- masdir. «Nomus» tushunchasi umumiy ma’noda kishining ijtimoiy ahamiyatini (shaxs, fuqaro, o‘z ishining ustasi sifatida va hokazo ahamiyatini), ongliligini, ya’ni o‘z obro‘si va shuhratini, o‘z qadr- qimmatini saqlashga intilishini ifodalaydi.
«Qadr-qimmat»va nomus faqatgina shaxsning o‘z kasbining ijtimoiy ahamiyatini anglashi, unga bo‘lgan muhabbati va kasbidan g‘ururla- nishigina emas, balki ma’naviy jihatdan takomillashishiga, ish malakasini va ish sifatini oshirishga bo‘lgan doimiy intilishidan ham iboratdir. Tibbiyotning yetuk arboblari kasb qadr-qimmati va sharafi tuyg‘usini hamisha baland saqlaganlar. Bu esa xalqning tibbiyot namoyandalariga zo‘r ishonch bilan qarashiga sabab bo‘lgan.
«Vijdon» tushunchasi burch, sharaf va shaxsiy qadr-qimmat tuyg‘usi tushunchalari bilan hamohang. Axloqning boshqa tushunchalaridan farqli o‘laroq, vijdon tushunchasida kishining ichki axloqiy o‘z-o‘zini anglashi, o‘z xulq-atvori uchun javobgarlikni his qilishi, o‘z fikrlariga, his-tuyg‘ulariga va xatti-harakatlariga jamiyatda amal qilayotgan axloq normalariga muvofiq ravishda baho berishi namoyon bo‘ladi.
Vijdon kishining ichki axloqiy tuyg‘usidir. Vijdon axloqiy qadriyatlar, chunonchi, halollik va rostgo‘ylik, adolat va axloqiy soflik, boshqa kishilarning huquqlarini hamda o‘zining vazifalarini hurmat qilish kabilar bilan chambarchas bog‘liq. Keng xalq ommasining tushunchasida tibbiyot xodimi sof vijdonli, nihoyatda halol, adolatli va yuksak axloqli kishidir. Shuning uchun ham bemorning o‘z dilidagini tibbiyot xodimiga aytish istagida bo‘lishi, undan kasalligidan xalos qilishini kutishi tabiiydir. Ko‘p kishilar shifokor bilan dildagi eng noyob kechinmalarini baham ko‘radilar, maslahat so‘raydilar va faqat uning o‘zigagina ishonadilar.