Bozor konyunkturasi – bu aniq vaqt davomida bozorda yuzaga keladigan iqtisodiy vaziyat bo‘lib, u talab va taklif orasidagi nisbatni, narxlar darajasini, tovar zaxiralari va boshqa iqtisodiy ko‘rsatkichlarni tavsiflaydi.
Marketingda esa bozor konyunkturasi, deganda belgilangan vaqtda maqsadli bozorda vujudga keladigan iqtisodiy shart-sharoitlar majmuasi tushuniladi. Bozor konyunkturasini o‘rganish zarurati quyidagilarga bog‘liq bo‘ladi:
A) odatda, bozorning sig‘imi, segmentlanishi va talab qayishqoqligi o‘zgarib boradi, shu sababli ularning monitoringini amalga oshirish lozim;
B) bozordagi omillar kompleks ravishda ta’sir o‘tkazishi sababli
ularni alohida o‘rganish tegishli samara bermaydi;
C) bozor to‘g‘risidagi ma’lumotlar odatda, retrospektiv xarakterga
ega, shu sababli rejalashtirish uchun maxsus usullar talab qilinadi
Konyunktura, deganda ma’lum omillarning ta’siri natijasida vujudga keladigan qisqa muddatli shart-sharoitlar tushuniladi. Omillarning o‘zgarishi konyunkturaning o‘zgarishiga olib keladi. Bozordagi har qanday vaziyat turli omillar ta’siri ostida o‘zgaradigan ko‘rsatkichlar yig‘indisi bilan tavsiflanadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida tashqi va ichki omillarning ta’siri ostida firmalar faoliyatidagi tendensiyani, ya’ni uning kelajakdagi rivojlanishi va bozordagi holatini aniqlash marketing tadbirlarining muhim vazifalaridan hisoblanadi
Mamlakat iqtisodiyoti konyunkturasida ro‘y beradigan barcha o‘zgarishlar manbayi bo‘lib, ishlab chiqarish sohalari hisoblanadi. Iqtisodiyotda sanoatning ulushi qanchalik yuqori bo‘lsa, uning ko‘rsatkichlari ahamiyati shunchalik yuqori bo‘ladi. Mamlakat iqtisodiy doirasida konyunkturani tahlil qilish quyidagi ko‘rsatkichlarga asoslanadi: makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, yalpi milliy mahsulot, yalpi milliy daromad, qishloq xo‘jaligi, investitsiya, transport, tovar muomalasi ko‘rsatkichlari, ichki va tashqi bozorlarda tovarlar sotilish hajmi, pul muomalalari kapital aylanishi, baholar dinamikasi, ishsizlik va inflatsiya darajalari. Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga tovar bozorlari holati, talab va taklif, baho, talabning qondirilishi darajasi, tovar ishlab chiqarish, yangi korxonalar qurilishi va boshqalar kiradi. Yuqoridagi ko‘rsatkichlarning umumiylik tomoni shundaki, ular bir-biri bilan bog‘liq va davlat iqtisodiyoti bir bosqichdan ikkinchi bosqichga o‘tganda ularda o‘zgarish ro‘y beradi. Yalpi milliy mahsulot shaxsiy iste’mol, davlat buyurtmalari, yalpi kapital qurilishi, tovar va xizmatlarni eksport va import qilish ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga oladi. Bu ko‘rsatkichlarni hisoblashda noaniqliklar ro‘y bersa ham oxirgi talab hajmi har doim mamlakat iqtisodiyoti holatini baholashda muhim o‘rinni egallaydi. Tashqi savdo ko‘rsatkichlari ichki bozor konyunkturasining shakllanishida o‘ziga xos o‘ringa ega. Bozor konyunkturasi mamlakat iqtisodiy holatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq. Shuning uchun tovar bozorining tahlili quyidagi ikki yo‘l bilan olib borilishi mumkin.
1. Agar konyunkturaning o‘zgarish darajasi va tendensiyalarini bilish ko‘zlansa, u holda, uning belgilangan davrdagi dinamikasi o‘rganiladi
2. Agar konyunkturaning ma’lum muddatga bo‘lgan ahvolini bilish zarur bo‘lsa, unda tovarning bozordagi «hayotiylik yo‘li» o‘rganiladi, aniq bosqichi belgilanadi va tahlil qilinadi.