Bozor holatining kelajagini bashoratlashda ekspert usuli qo‘llanilib, unda quyidagi vazifalar hal qilinishi mumkin. − Talabning o‘rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan hajmini aniqlash.
− Keng assortimentdagi mahsulotlar uchun qisqa muddatga mo‘ljallangan talab hajmi.
− Yangi tovarlarga talabning shakllanishini baholash.
− Iste’molchilarning yangi tovarlarga bo‘lgan munosabatining bo‘lishi mumkin bo‘lgan talab hajmini aniqlash.
− Bozordagi raqobatni baholash.
− Firmaning bozordagi holatini aniqlash va boshqalar.
Ekspert usuli nisbatan sodda va to‘liq axborot bazasi bo‘lmaganda ham undan foydalanish mumkin. Bu usulning yana bir yaxshi tomoni u orqali bozorga tegishli sifat ko‘rsatkichlari ham aniqlanishi mumkin, masalan, bozorda ijtimoiy –siyosiy holatning o‘zgarishi, ekologiyaning ishlab chiqarishga va mahsulotlarni iste’mol qilishga ta’siri kabilarni aniqlash mumkin. Bu usulning afzalliklari bilan birga kamchiliklari ham mavjud, ya’ni ekspertlar fikrining subyektivligi, ular fikr–mulohazalarining cheklanganligi. Delfi usulida ekspertlar xulosasi yozma ravishda har bir ekspertdan bir necha bosqichda olinib, keyin bir xulosaga kelinadi. 1-3 yil va uzoq muddatga mo‘ljallangan prognozlarda bu usul bilan qilingan natijalar o‘zini oqlagan. Bu tadqiqotda 10 dan 150 tagacha ekspert qatnashishi mumkin. Bu albatta, masalaning qo‘yilishiga, muammoning katta–kichikligiga bog‘liq.
Konyunktura prognozi bozordagi holatni ma’lum davr ichida oldindan ko‘rish va uning asosiy parametrlarini aniqlashni o‘z ichiga oladi. Bunda konyunkturaga ta’sir o‘tkazuvchi omillarning yaqin kelajakdagi xususiyatlarini aniqlashga e’tibor qaratiladi.
Bozor konyunkturasini o‘rganishning sotuvchi va ishlab chiqaruvchilar uchun zarurligi kelajakda ishlab chiqarish quvvatlarini qaysi yo‘nalishda rivojlantirish va qanday sotish siyosatini qo‘llash bo‘yicha aniq va ishonchli axborotga ega bo‘lishda namoyon bo‘ladi.
Konyunkturani shuning uchun o‘rganish va bashoratlash kerakki, uni bilish mahsulotlarini eng foydali narxlarda sotish va sotib olish, mavjud resurslarni oqilona joylashtirish (manevrlashtirish), bozorda kutilayotgan holat bilan mos holda tovar ishlab chiqarishni kengaytirish yoki qisqartirish imkonini beradi. Tovar bozori konyunkturasining tahlili quyidagi jihatlar bo‘yicha o‘tkaziladi. Birinchi navbatda, mamlakat iqtisodiyoti siklining qanday bosqichdaligini aniqlash va unga kompleks tavsif berish zarur.
Foydalanilgan adabiyotlar Marketing darslik. M Qosimova, M yusupova, SH Ergashxodjayeva, M Yo’ldoshev. Toshkent 2005
Qosimova M, Ergashxodjayeva Sh, Yuldoshev M. Strategik marketing, O’quv qo’llanma “O’qituvchi” 2004
Yusupov M. Marketing fanidan amaliy o’quv qo’llanma TDIU 2001.
Bekmurodov M, Boltabaev B, G’oyibnazarov M, Amanbaev M, Toshxo’jaev. O”zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirish yo’llarida. Makroiqtisodiy siyosat va iqtisodiy islohatlar 1-qism TDIU 2005