Har doim iqtisodiy konyunktura (umumxo‘jalik yoki tovar holati) bozordagi raqobat va baholar dinamikasi shart-sharoitlari ta’sirida shakllanayotgan talab va taklif munosabatlariga bog‘liq bo‘ladi.
Marketing tizimi subyektlarining rivojlanish konsepsiyalarini ishlab chiqishda, narx-navoning o‘zgarishini aniqlashda, yangi mahsulotlar, texnologiyalarni yaratishda, bozor konyunkturasi va iste’molchilar hatti- harakatining turli omillarga bog‘liqligini o‘rganishda turli istiqbolni belgilash usullari qo‘llaniladi. Shuni e’tiborga olish lozimki, konyunktura tahlili va prognozida uning o‘ziga emas, balki konyunkturaga ta’sir qiluvchi omillarga ko‘proq ahamiyat beriladi. Shu sababli bozor konyunkturasiga ta’sir qiluvchi omillarni ajratish maqsadga muvofiq bo‘ladi, har qanday bozor konyunkturasini belgilab beruvchi omillarni ikki guruhga bo‘lish mumkin
1. Makroiqtisodiy omillar
2. Mikroiqtisodiy omillar, ya’ni mazkur bozordagi talab, taklif, narx va raqobat omillari.
Hech qanday alohida tovar bozori mamlakat iqtisodiyotidan ajralgan holda rivojlana olmaydi. Shu sababli iqtisodiyot qanday holatda, uning jahon bozorida tutgan o‘rni qanday, milliy boyliklar qay darajada qo‘llanilmoqda, degan savollarga javob topish lozim bo‘ladi.
Yuqorida sanab o‘tilganidek, mikroiqtisodiy omillarga ushbu bozordagi talab, taklif, narx va raqobat kiradi.
Bozor konyunkturasi tahlilida talabning barcha jihatlarini o‘rganishga alohida e’tibor beriladi. Jumladan: talabning geografik taqsimlanishi, assortimentning kengligi va chuqurligi bo‘yicha taqsimlanishi, iste’mol intensivligi, hajmi va boshqa xususiyatlarni o‘rganish zarur bo‘ladi. Talabni o‘rganishda diqqat avvalo qondirilgan talab, so‘ng qondirilmagan talabga jalb qilinadi. Tovar aylanish tarkibini tovar guruhlari va alohida turlari bo‘yicha tahlil qilish orqali qondirilgan talab o‘rganiladi, qondirilmagan talab esa sotuvchilar va xaridorlarning fikrini o‘rganish usullari yordamida aniqlanadi.
Konyunkturaga ta’sir qiluvchi ikkinchi omil - bu tovar taklifidir. Taklifni o‘rganishda avvalo tovar manbalariga, sotishga taklif etiladigan tovar hajmi va tarkibiga, tovar zaxiralariga e’tibor beriladi. Tovar manbalarini tahlil qilish savdo tizimiga mahsulot yetkazib beruvchi korxonalar ro‘yxatini tuzish va ularning imkoniyatlarini o‘rganishdan iborat bo‘ladi.
Ishlab chiqaruvchilar tovarlarning assortimenti, yetkazib berish muddatlari va taklifning tarkibini aniqlashga yordam beradi. Shundan so‘ng bozor ishtirokchilaridagi tovar zaxiralari tahlil qilinadi. Zaxiraning hajmi va tarkibi, qachon vujudga kelganligi, zaxiraning almashib borish dinamikasi va boshqa ko‘rsatkichlar taklifning talabga nisbatini aniqlashga xizmat qiladi. Savdo tashkilotlarida yuritiladigan hisob tizimining ma’lumotlari, inventarizatsiya natijalari va maxsus izlanishlar tovar zaxiralirini kompleks o‘rganishga asos bo‘ladi.
Mikroiqtisodiy omillardan yana biri shu bozordagi raqobatdir. Tovar bozorlaridagi raqobatni tahlil qilishda avvalo, korxonalar raqobati so‘ng tovarlar va ehtiyojlar raqobati o‘rganiladi. Korxonalar raqobatining tahlili sotuvchilar soni, ixtisoslashuvi, mahsulot assortimenti, ishlab chiqarish hajmi, yo‘naltirilgan maqsadli segmenti va boshqalarni o‘z ichiga oladi.
Bozorning kelajakdagi holatini ishlab chiqarishning texnika ahvoli, unga sarflangan qo‘shimcha resurslar va ularning qaytim miqdori muddatlari, tovar zaxiralari dinamikasi, eksport-import, shuningdek, narx-navodagi o‘zgarishlar tendensiyasiga qarab aniqlash mumkin. Bunda tovarlar taklifi, investitsiya miqdori va tarkibiga, mehnat predmetiga bo‘lgan talab, korxona, tashkilotlar pul sarfining yo‘nalishi, aholi xarid qobiliyati, uni tovarlar bilan ta’minlanish darajasi o‘rganiladi. Bozor konyunkturasi ehtimollari ayrim tovarlarga milliy, regional va jahon bozorlariga nisbatan aniqlanadi. Bozor konyunkturasi oldindan ko‘ra bilish, iqtisodiy tanglikka yo‘liqmaslik, bozor muvozanatini ta’minlab borish sharti hisoblanadi. Ma’lum davrda tovarlar va xizmatlar sotilishdagi imkoniyatlarni ifodalovchi iqtisodiy shart-sharoitlar majmuyi bozor konyunkturasini bildiradi. U aniq iqtisodiy ko‘rsatkichlar – talab va taklif muvozanati, baholar darajasi, bozor hajmi va boshqalar bilan ifodalanadi. Bozor konyunkturasi mamlakat iqtisodiy holatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq. Dunyo bozorida iste’mol mollari konyunkturasi har 9 oyda o‘zgarib turadi.
Narxlarning bozor konyunkturasidagi o‘rni va ularning shakllanish xususiyatlarini hisobga olgan holda narx tahliliga katta e’tibor beriladi. Narxlarni o‘rganishda quyidagilar tahlil obyekti sifatida olinadi: narxlarning barqarorligi, tovar assortimenti doirasida narxlarning o‘zgarish darajasi, sotuvchi tomonidan narxlar bo‘yicha o‘zgaruvchan tizimlarni qo‘llash, mavsumiy narxlarning qo‘llanishi va boshqalar. Narx bozor konyunkturasiga ta’sir qiluvchi eng murakkab omil hisoblanadi. Uning o‘ziga ham bir qancha omillar ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli narx tahlilida nafaqat hujjatlarni tekshirish usuli, balki maxsus usullar ham keng qo‘llaniladi.
3. Bozor konyunkturasini bashorat qilish uslublari
Bozor istiqboli eksport yoki import mahsulotlari, bozordagi baholar va boshqalar shaklida ishlab chiqilishi mumkin. Ular 3-5 yilgacha va uzoq muddatlarga aniqlanishi mumkin. Istiqbolni aniqlash usuli uning maqsadiga, istiqbolni ko‘rish darajasini o‘rganishga, axborot ta’minotiga va boshqa shartlarga bog‘liq. Istiqbolni aniqlash uchun statistik ma’lumotlar bilan ta’minlanadi.
Istiqbolni belgilash usullari turli mezonlar bo‘yicha tavsiflanadi.
Natijalarni berish shakliga qarab istiqbol ko‘rsatkichlari miqdoriy va sifat ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
Muddatiga qarab qisqa muddatli, o‘rta muddatli, uzoq muddatli istiqbol ko‘rsatkichlari bo‘ladi.
Istiqboli belgilanayotgan obyekt hajmiga qarab umumiy (respublika iqtisodiyotining asosiy ko‘rsatkichlari) va xususiy (alohida bir tarmoq, infrastruktura, yirik kompaniya uchun).
Istiqbolni belgilash usullari qo‘llanilishining amaldagi samaradorligi - bozor hajmini aniqlash, tashqi omillarning turli ko‘rsatkichlarga ta’sirini belgilash, bu omillarning bozor holatiga va dinamikasiga, konyunkturaga ta’sirini o‘rganish istiqbol ko‘rsatkichlarini alternativ tahlil qilishga imkon beradi. Iqtisodiy bashoratlashda ko‘pincha, ekspert baholash usuli masalan, Delfi usuli qo‘llaniladi. Bu usulning mohiyati shundan iboratki, ekspertlar guruhi o‘z kuzatishlari, tahlillari asosida u yoki bu muammo bo‘yicha istiqbol ko‘rsatkichlarini isbot - dalil (argumentli fakt) larga asoslanib baholaydilar. Umumiy fikrlar- bozor, uning holati, rivojlanishi, raqobatning kuchayishi, yangi bozor segmentlarining paydo bo‘lishi kabilar haqida ekspert xulosalari qilinadi. So‘ngra ekspertlar xulosalari natijalari yana maxsus standart dastur (kompyuter dasturi) yordamida tahlil qilinadi. Natijalar qaror qabul qiluvchi mas’ul shaxsga topshiriladi.
Dostları ilə paylaş: |