Qishki-bahorgi aylanish. Qishki-bahorgi aylanish davrining farqli xususiyatlari yorug‘lik va havo haroratni ko‘tarilishidadir. Bunda kuzgi-qishki aylanishga qaraganda o‘simliklarni mahsuldorligi salkam ikki barobar oshadi. Qishki-bahorgi aylanish O‘zbekistonda kuzgi-qishki davrdan so‘ng boshlanadi, bunda ekinlarni almashlashga rioya qilib avval pomidor, so‘ng bodring yetishtiriladi. Shunga qaramasdan ekinlarni eng erta va yuqori hosil berishini ta’minlash (o‘suv davrini uzaytirish mazmunida) muhim ahamiyatga ega.
Ilg‘or xo‘jaliklarni tajribalaridan ma’lum bo‘lishicha 30 kunlik bodring ko‘chatlarini o‘tqazishning eng maqbul muddati yanvarni birinchi yarmi hisoblanadi. Ekishni 5 kunga kechiktirish, erta va umumiy hosilni 1 m2 dan 0,2-0,4 kg ga kamaytiradi.
Yuqori sifatli ko‘chatlar bilan ekishni ta’minlash uchun urug‘ dekabr boshlarida ekiladi. Urug‘ni 8×8×8 va 12×12×12 sm kattalikdagi oziq kubiklarga yoki tuvakchalarga ekiladi. Ko‘chatlarni yetishtirishda katta oziq kubiklardan (tuvakchalardan) va katta yoshdagi ko‘chatlardan foydalanish mevalarni pishib yetilishini sezilarli tezlatadi va erta va umumiy hosilni ko‘payishiga imkon beradi. Ekish uchun faqat sog‘lom, bir tekis 4-5 ta chinbargi bo‘lgan o‘simliklar tanlab olinadi.
Yuqori sifatli ko‘chatlarni yetishtirish uchun ko‘chat yetishtiruvchi issiqxonalarni qurish maqsadga muvofiq. Bu yerda kerakli mikroiqlimni, yosh o‘simliklarni parvarishlash uchun me’yorli sharoitlar yaratiladi, bu esa o‘z navbatida erta va yuqori umumiy hosil olishni ta’minlaydi.
Ko‘chatlar jo‘yaklarga ikki qator qilib oldindan tayyorlangan chuqurchalarga (uyalarga) o‘tqaziladi. Uyalar dastlab iliq (22-25°S) suv bilan sug‘oriladi. Ko‘chatlar tik holatda, ko‘chatlarni kubik yoki tuvakchalarini 3/4 qismi uyalarga kiritib o‘tqaziladi. O‘sib ketgan ko‘chatlarni qiyalatib o‘tqaziladi, ammo poyasi ko‘milmaydi. Ko‘chat o‘tqazilgandan so‘ng jo‘yaklar orqali suv beriladi.
Ari bilan changlanadigan kichik mevali nav va duragaylarni 1 m2 ga 3 ta o‘simlik joylashtirib ekiladigan bo‘lsa, zveno eni 6,4 m bo‘lgan issiqxonalarga sakkiz qator qilib, qatorda o‘simliklar orasini 40 sm masofada joylashtiriladi. Ko‘chatlar egatlarga lenta qilib ikki qator o‘tqaziladi, egat oralatib sug‘oriladi. O‘simliklarni joylashtirish shakli quyidagicha: sm yoki sm.
Nisbatan kichik mevali ari bilan changlanadigan, ko‘p bargli navlarni biroz kattaroq oziqlanish maydoniga o‘tqaziladi. Ular uchun qatordagi o‘simliklar orasini 50-60 sm gacha kattalashtiriladi yoki ularni 1 m2 maydondagi qalinligi 2-2,5 ta o‘simlikka to‘g‘ri keladi. O‘simliklarni blokli issiqxonalarda joylashtirish shakli sm yoki sm. Angar issiqxonalarda ko‘chatlarni qator oralari 90 sm bo‘lgan egatlarga o‘tqaziladi.
Uzun mevali partenokarpik duragaylar yana ham kattaroq oziqlanish maydoniga muhtoj. Ulardan 1 m2 ga 1,5-2 o‘simlik joylashtiriladi. Zvenolarni (seksiyalarni) eni 6,4 m bo‘lgan blokli issiqxonalarga uzun mevali navlarni 6 qator ekilib, qatordagi o‘simliklar orasini 50-60 sm masofada joylashtiriladi.
Qishki-bahorgi aylanish davrida ham bodring o‘simliklari tik kanop bag‘azda, bir poyali shakl berib o‘stiriladi. Ari bilan changlanadigan va partenokarpik navlarning o‘simliklariga yuqorida keltirilgan (8.2. bo‘limda) turli usullarda shakl beriladi.
Qish-bahorgi aylanishda o‘simliklar kuchli o‘sib rivojlanadi, shuning uchun suv-oziq tartiboti nihoyatda to‘yingan bo‘lishi kerak. Harorat ko‘tarilishi va yorug‘lik ko‘payishi bilan tez-tez sug‘orib va oziqlantirib turish kerak. Ayniqsa, mart, aprel, may oylarida.
O‘simliklar meva bergunicha (havo ochiq kunda – 22-24°S, bulutli kunda – 20-22°S va kechasi – 16-18°S), meva berayotgan davridagiga (havo ochiq kunda – 24-26°S, bulutli kunda – 21-23°S va kechasi – 18-20°S) qaraganda havo haroratini bir necha daraja past saqlash kerak. Aks holda o‘simliklar poyasi ingichka, yon shoxlari nimjon bo‘lib o‘sadi. Hosil berish davrining ikkinchi yarmida issiqxonalarni me’yordan ortiq isib ketishi oldini oladigan choralarini ko‘rish zarur.
Quyoshli kunlar boshlanguncha har 4-5 kunda 7-8 l/m2 me’yorda egatlar orqali sug‘oriladi. Serquyosh kunlarda esa tez-tez, ya’ni kun oralatib sug‘oriladi. Sug‘orish me’yori 10-12 l/m2 gacha oshiriladi. Agar issiqxonada yomg‘irlatib sug‘orish moslamalari bo‘lsa dastlab har 2-3 kunda bir marta, keyin har kuni yomg‘irlatib sug‘oriladi. Sug‘orish miqdori 3-5 l/m2.
Mineral o‘g‘itlar bilan qo‘shimcha oziqlantirish tuproq tahlili natijalariga ko‘ra sug‘orish bilan bir vaqtda o‘tkaziladi. Agrokimyo xizmati bo‘lmagan joylarda o‘simliklar har 10-12 kunda mineral va organik o‘g‘itlar bilan navbatlab qo‘shimcha oziqlantiriladi. Bunda 1 m2 maydonga tarkibida 10 g ammiakli selitra, 15 g kaliy xlorid, 40 g superfosfat bo‘lgan 10 l eritma beriladi. Hosil shakllanayotgan davrida mineral o‘g‘itlar me’yori 10 l suvga: 30 g ammiakli selitra, 15 g kaliy xlorid va 60 g superfosfatgacha oshiriladi. Organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirish uchun 1:8 yoki 1:10 hisobida sharbat tayyorlanadi.
Mineral o‘g‘itlarni quruq holda tuproqqa solib oziqlantirishda ularni ehtiyotlik bilan iloji boricha o‘simlikni ildiz tizimiga shikast yetkazmaslikka harakat qilish kerak. Bunda 1 m2 solinadigan mineral o‘g‘itlarni umumiy miqdori 70 g dan, yalpi hosilga kirgan davrda esa – 100 g dan oshib ketmasligi kerak.
Tuproq vaqti-vaqti bilan yumshatilib turilishi va begona o‘tlardan tozalanishi kerak. Ari bilan changlanadigan va duragaylarni yetishtirishda imkoni bo‘lsa issiqxonalarga ari qutilarini (500 m2 li issiqxonaga bitta oila) o‘rnatish lozim. Issiq kunlarda ularni issiqxonadan chiqib uchishiga imkon berish zarur.
Barralarni terish ularni shakllanishini jadalligiga qarab: mart-aprelda – har 2-3 kunda, may-iyunda har 1-2 kunda o‘tkaziladi. O‘z vaqtida hosilni termaslik, barralarni tovarlik sifatini yomonlashishiga (ari bilan changlanadigan duragaylarni sarg‘ayishiga va ularni mazasini yomonlashuviga) hamda hosilni bir qismini yo‘qolishiga olib keladi.