BODRINGNI YETIShTIRISh AGROTEXNALOGIYaSI Bodring. Sabzavot ekinlaridan bodring plyonkali tonnel ostida eng ko‘p yetishtiriladi. Plyonkali tonnellar ostida yetishtirish uchun bodringni ertagi serhosil salatbop yo‘nalishidagi navlari tanlanadi. Mahalliy seleksiya navlaridan bu maqsadlar uchun Ranniy 645, duragay Hosildor, shuningdek chet ellarning Alibi, Ayaks va boshqalar yaroqlidir.
Bodring O‘zbekistonda sinchsiz va sinchli plyonkali qoplamalar ostida yetishtiriladi. Ekin ekiladigan jo‘yaklar ustiga yopqichlar sinchsiz yopiladi. Urug‘ ekiladigan jo‘yaklar kichik maydonlarda qo‘lda, katta maydonlarda esa, poliz SBU-2-4A ekinlari ekadigan seyalkasiga o‘ranitilgan egat ochadigan moslama bilan trapesiya shaklida, chuqurligi 12-15 sm, ustki qismini kengligi 20-25 sm, asosini kengligini 15-17 sm qilib olinadi. Urug‘ ekiladigan jo‘yakning tubiga (3-4 sm chuqurlikda) bodring urug‘lari ekiladi. Urug‘ ekiladigan egat usti eni 35-40 sm li plyonka bilan yopiladi, uni surilib ketmasligi va shamol uchirib yubormasligi uchun chetlari tuproq bilan bostiriladi.
Bodring sinchsiz qoplamalar ostida yetishtirilganda ikki qatorli lentasimon usulda jo‘yak ko‘rinishida egatlar olinadi, bunda qatorlar orasidagi masofa 70 sm va lentalar oralig‘idagi masofani 140 sm yoki qatorlar orasini 60 sm, lentalar oralig‘ini 120 sm qilib olinadi. Urug‘ har uyaga 2-3 donadan qadalib, uyalar oralig‘ini 25-35 sm qilib ekiladi.
Nihol hosil bo‘lganida plyonkaga tegilmaydi. O‘simliklarda 2-3 dona chinbarg hosil bo‘lib, bo‘yi 12-15 sm yetganda, har bir nihol ustidagi plyonka iks (X) shaklida ikkita perpendikulyar kesilgan chiziq kesib qo‘yiladi. Kesilgan oraliq orqali o‘simlik tashqariga chiqarib qo‘yiladi. Uyada hosil bo‘lgan bir necha nihollardan nimjonlari olib tashlanadi. Uyada qoldirilgan baquvvat o‘simliklar atrofi plyonka yuzi bilan birga nam tuproq bilan ko‘miladi. Bu vaqtdan boshlab egat yuziga yopilgan plyonka tuproq bilan bostirish hisobiga urug‘ ekiladigan jo‘yaklar tubiga siqilib boradi va mulcha vazifasini bajaradi.
O‘zbekistonda ertagi bodring yetishtirishda arkasimon (yarim yoy) sinchli tonnellar keng qo‘llaniladi. Ular asosini kengligi 80-90 sm bo‘lib bir tonnel lentadagi ikki egat ustiga o‘rnatiladi, ular orasidan sug‘orish jo‘yaklari o‘tadi.
Ertagi bodringni kichik hajmli plyonkali qoplamalar ostida yetishtirish uchun yerga asosiy ishlov berish kuzda boshlanib, u xuddi boshqa sabzavot ekinlarni yetishtirishdagi singari tadbirlardan iborat bo‘ladi. Bodringni tuproq oziqasiga talabchanligi yuqoriligini hisobga olgan holda shudgorlashdan oldin yerga 20-30 t/ga chirindi yoki yaxshi chirigan go‘ng, 400500 kg/ga superfosfat va 150-200 kg/ga kaliy tuzi solinadi.
Bodring issiqtalab ekin bo‘lganligi uchun ertagi karam va ko‘kat o‘simliklar urug‘ini sepish muddatidan kechroq ekiladi. Shuning uchun ekish oldidan o‘tkaziladigan yerga ishlov berishlar bahorda bajariladi. Erta bahorda, fevral oxiri - mart boshlarida yerda atmosfera yog‘inlari natijasida yig‘ilgan namini saqlash uchun borona solinadi, shuningdek ekish oldidan chizellanib boronalanadi yoki ikki marta borona solinadi.
Bodring sinchli plyonkali tonnellar ostida ikki usulda: urug‘ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yerga ekish yoki ko‘chati o‘tkazilib yetishtiriladi. Ko‘chat uslubi mahsulotni 15-20 kun ilgari chiqishini ta’minlaydi, shu bilan birga oziqlantirish sharoitini yaxshilash va hosil berish davrini uzaytirish hisobiga hosildorligi ham oshadi. Bodring ko‘chati isitiladigan plyonkali issiqxonalarda yetishtiriladi. Ko‘chat yetishtirish texnologiyasi, plyonkali isitilmaydigan issiqxonalar uchun yetishtirishga o‘xshashdir. 3-4 dona chinbargli 25-30 kunli ko‘chatlar eng yaxshi hisoblanadi. Ko‘chatlar oldin tayyorlab qo‘yilgan uyalarga ekiladi va ular albatta sug‘orishni talab etadi. Ko‘chatlar ekib bo‘lgandan so‘ng bir-biriga yaqin joylashgan va suv quyishga mo‘ljallangan egatlar to‘g‘rilanadi, tonnellar o‘rnatiladi va sug‘oriladi.
Bodring vaqtinchali plyonkali tonnellar ostida yetishtirilganda, urug‘i to‘g‘ridan-to‘g‘ri yerga ekiladigan muddati ko‘chat o‘tkaziladigan muddatdan 5-6 kun oldin boshlanadi. Urug‘ ivitilib yoki undirilib 3-4 sm chuqurlikda har uyaga 3-4 donadan urug‘ tashlab ekiladi, undan so‘ng sug‘orish egatlari to‘g‘irlanib, tonnellar o‘rnatiladi va sug‘oriladi. Tuproqning 10 sm chuqurlikdagi harorati 15°S yetganda ko‘chatni ekish mumkin, urug‘ ham tuproq shu haroratga yetib qiziganda 5 sm chuqurlikka, ya’ni bir necha kun oldin ekiladi. Toshkent shahrining atrofidagi mintaqalar sharoitida urug‘ va ko‘chatni qulay ekish muddati mart oyining oxirgi dekadasidir.
Tonnellarni o‘rnatish uchun eng qulay ekish shakli qo‘shqatorli lentasimon ekish usuli bo‘lib, bunda tonnel har ikki bir-biriga yaqin egatlar ustiga o‘rnatiladi, lentalar oralig‘idagi kengroq joy yo‘lka o‘rnida foydalaniladi. O‘zbekistonning sug‘orib dehqonchilik qilinadigan sharoitida lentalar orasidagi masofani 140 sm, sug‘oriladigan tor qatorlar oralig‘ini 70 sm qilib olinganda eng yaxshi natija bergan, bunda tonnellar o‘rnatilganidan so‘ng, qolgan keng joy yo‘lka o‘rnida foydalaniladi, plyonka yig‘ishtirilib olinganidan keyin bu yo‘lka o‘rtasi tomon bodring o‘simligini palaklari taraladi. Qatordagi o‘simliklar orasidagi masofa 25 sm ni tashkil qiladi.
Bodring urug‘i va ko‘chati plyonkali tonnellar ostiga ekilgandan keyin, puxta ishlov berishni talab etadi. Urug‘ yoki ko‘chatlar ekilgandan so‘ng tonnellar o‘rnatiladi va tor qatorlari orasidan olingan sug‘orish jo‘yaklari orqali sug‘oriladi. Urug‘ bilan ekilganda nihollar 1-2 dona chinbarg hosil qilgandan so‘ng birinchi marta yagana o‘tkazilib har uyada ikki tupdan o‘simlik qoldiriladi.
Qator orasiga birinchi ishlov berib yumshatish va o‘simliklar bag‘riga tuproq tortish nihollar hosil bo‘lganidan yoki ko‘chat ekilganidan 10-12 kun keyin o‘tkaziladi. Bu texnologik jarayon tonnellar olinmasdan qo‘lda olib boriladi. Iliq kunlarda tonnelning bir tomonidagi plyonkani ko‘tarib qo‘yilib, tuproq yumshatiladi. Qatorlar orasi yumshatib bo‘lingandan so‘ng mineral va organik o‘g‘itlar berilib oziqlantiriladi. Organik o‘g‘it bo‘lmagan taqdirda gektariga 200-300 kg ammiakli selitra va 100-150 kg ammofos solinadi.
Tonnellar tashqi muhit harorati 20°S dan yuqori bo‘lsa shamollatiladi. Agar tonnel biroz shamollatish zaruriyati tug‘iladigan bo‘lsa, bosh va oxirgi tomoni ochiladi, harorat yuqori bo‘lganida esa yon tomon plyonkalari ochilib shamollatiladi. Kechalari plyonkani tushirib tonnellar yopib qo‘yiladi. Sovuq kunlar xavf xatari tugab, kunlik harorat turg‘un bo‘lib 25-30°S ga yetganda tonnellar yig‘ishtiriladi. Bu sharoit Toshkent viloyatining pastekislik qismida 5-10 mayga to‘g‘ri keladi.
Tonnellarni yig‘ishtirish davrida bodring gullash bosqichiga kiradi. Sinch va plyonkalar yig‘ishtirilganidan so‘ng ikkinchi marta kompleks ishlov berish o‘tkaziladi. Sug‘oriladigan tor oraliqli egatlar va keng pushtalari -yo‘lkalari traktor kultivatori bilan yumshatiladi. So‘ng sug‘orish egatlarini ochish o‘g‘it solish bilan birga o‘tkazilib, birinchi oziqlantirishda foydalanilgan mineral o‘g‘itlar beriladi.
Qiyg‘os hosil berish davrida uchinchi marta gektariga 150-200 kg hisobida faqat azotli o‘g‘it berish ham ijobiy natija beradi. Tonnellar o‘rnatilgan davrda tuproqdagi suvni parlanishi pasayadi, shu bois bodring
kamroq sug‘oriladi. Tonnellar yig‘ishtirib olinganidan keyin bodring hosil berish davrida har 4-5 kunda bir marta sug‘oriladi.
Hosili terish plyonka va sinchlar yig‘ishtirilganidan so‘ng boshlanadi. Barra mevalar avval 4-5 kun oralatib, keyinchalik esa har ikki kunda teriladi.