Bodringni isitilmaydigan plyonkali issiqxonalarda yetishtirish xususiyatlari. Quyosh bilan isitiladigan bahorgi plyonkali issiqxonalarda bodring bahorgi-yozgi aylanish davrida yetishtiriladi. Respublikaning janubida bu inshootlar issiqsevar ekinlarni yetishtirish uchun fevral oxiri, markaziy mintaqalarda esa – martni ikkinchi dekadasidan boshlab foydalaniladi. Bahorgi issiqxonalardan yana ham ertaroq foydalanish kechasidagi past harorat tufayli limitlangan (chegaralangan).
Isitilmaydigan bahorgi issiqxonalarda o‘ziga xos havo harorati va namligi tartibotlari yaratiladi. Quyoshli kunlarda inshoot ichidagi harorat tashqi haroratdan ancha yuqori bo‘ladi. Kechasidagi soatlarda u keskin pasayib tashqi haroratga yaqinlashadi. Haroratni o‘zgarish amplitudasi juda yuqori. Shamollatish imkoniyati bo‘lmasa, plyonkali issiqxonalarda havoning nisbiy namligi juda oshib ketadi. Bu issiqxonalarda mikroiqlimni boshqarish, isitiladiganlarga nisbatan ancha qiyin. Ammo O‘zbekiston sharoitida quyosh radiatsiyasini yuqori bo‘lishi yuqori hosil olishga imkon beradi.
Plyonkali issiqxonalar foydalanilgan ekinlarni ekish yoki o‘tqazishga 10-15 kun qolganda to‘liq tayyor bo‘lishi kerak, chunki tuproq va havo yaxshi isishi lozim. Bodringni ikkinchi ekin sifatida ko‘chat va ko‘kat ekinlardan keyin yetishtirish ma’qul.
Bahorgi issiqxonalarni o‘ziga xos mikroiqlimi bu inshootlar uchun navlarni tanlashga ma’lum talablarni qo‘yadi. Bahorgi plyonkali issiqxonalar uchun ertapishar, yuqori hosildor, sutkalik haroratni o‘zgarishiga bardosh bera oladigan va shakl berishda katta harajatlarni talab qilmaydigan nav va duragaylar juda qo‘l keladi. Bu yerda ari bilan changlanadigan ertapishar navlarni yetishtirish maqsadga muvofiqdir.
Bahorgi plyonkali issiqxonalar uchun urug‘larni ekishga tayyorlash va ko‘chatlarni yetishtirish usullari qishki issiqxonalardagi bilan bir xil. Lekin, urug‘ va ko‘chatlar albatta chiniqtiriladi. Plyonkali issiqxonalarga 20-30 kunlik ko‘chatlar ekilganda yaxshi natija olinadi. Bahorgi issiqxonalarga ekiladigan ko‘chatlar chiniqtirish davrini o‘tagan bo‘lishi kerak. Ko‘chatlar tuproq yetarli darajada (16-17°S dan past bo‘lmaganda) isiganda o‘tqaziladi. Bahorgi plyonkali issiqxonalarda xavfli holatlarda foydalaniladigan (avariyali), texnik, koloriferli, issiqlik beruvchi generatorli, biologik yoqilg‘i bilan isitiladigan vositalar qo‘llanilsa bodringni yetishtirish samaradorligi yana ham oshadi. Biologik usulda isitilganda tuproq ostidagi o‘ralarga 20-30 sm qalinlikda yaxshi namlangan paxta qovochog‘i, go‘ng, somon toylar joylashtiriladi. Bunda ko‘chatlar isitilmaydigan issiqxonalarga qaraganda 10-15 kun ilgari ekiladi.
O‘zbekistonda Toshkent QXI tajribalaridan ma’lum bo‘lishicha Manul duragay uchun lentasimon usulda sm va sm ekish shakli eng yaxshi hisoblanadi. Ba’zan keng qatorli usulda, qatorlar orasini 70-80 sm va o‘simliklar orasidagi masofani 25-30 sm qilib ekiladi. Lentalar va qatorlarni, ham sarrov yo‘nalishida, ham issiqxonaga ko‘ndalang joylashtirish mumkin.
Bahorgi issiqxonalarda bodring o‘simligini parvarishlash xuddi qishki issiqxonalardagi bilan bir xil. U havo harorati, tuproq va havo namligini boshqarish, sug‘orish, egatlarni yumshatish, o‘simliklarga shakl berish, qarigan barglarni va hosili tugagan poyalarni kesib tashlash, tuproq solish kabi tadbirlardan iborat.
Plyonkali issiqxonalarda bodring ekini tik bag‘azda o‘simliklar simbag‘azda osilib turgan kanopga bog‘langan holda o‘stiriladi va har haftada o‘simliklar kanopga o‘rab turiladi. O‘simliklarga bir poyali shakl beriladi, asosiy poyani uchi sinchlarga yetmaguncha chilpilmaydi. Barcha nav va duragaylarning yon shoxlari 1-2 bargi yuqorisidan chilpiladi. Agar yon shoxda tugunchalar bo‘lmasa, uni uchinchi barg yuqorisidan chilpiladi yoki butunlay kesib olib tashlanadi.
Chilpish o‘z vaqtida o‘tkazilishi kerak, uni kechiktirish yon shoxlarni kuchli o‘sib ketishiga va hosilni kamayishiga olib keladi.
Agar issiqxona tuprog‘i unumdor bo‘lib, ko‘chat ekishdan oldin yerga organik va oson eruvchan mineral o‘g‘itlar solingan bo‘lsa, o‘simliklar hosilga kirguncha oziqlantirilmaydi. Kam unumdor yerlarda ko‘chat ekilgandan so‘ng bir hafta o‘tgach oziqlantirish boshlanadi. Hosil berish davrida har 7-10 kunda bir marta oziqlantiriladi. Ekinni tugashiga bir oy qolganda oziqlantirish to‘xtatiladi.
O‘simliklarni issiqlik tartibotiga talabi, qishki-bahorgi davrdagi bilan bir xil, ammo tuproq haroratini 16°S dan pastga tushishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Sug‘orishlar ertalabki soatlarda o‘tkaziladi. Mayni o‘rtalarida issiqxonadan plyonkalar olinadi, lekin ekinni o‘stirish iyun oxirigacha davom etadi.
Haroratni keskin o‘zgarishi, plyonkaning ichki yuzasida shudring tomchilarini (kondensat) hosil bo‘lishi zamburug‘ kasalliklarini rivojlanishiga imkon beradi. Chirish paydo bo‘lganda havo namligini 70% gacha kamaytiriladi.
Bodring ekilgan issiqxonalarni shamollatishda yelvizakka yo‘l qo‘ymaslik kerak.
Bahorgi issiqxonalarda kasalliklarni tarqalishi havo namligi yuqori bo‘lishi bilan birga, o‘tgan mavsumda ekilgan o‘simliklarni qoldig‘i o‘z vaqtida yo‘qotilmaganligi va profilaktik tadbirlarni o‘tkazmaganligiga ham bog‘liq.
Plyonkali issiqxonalarda bodring hosili O‘zbekistonning markaziy qismida aprelni ikkinchi yarmidan boshlab chiqadi va iyun o‘rtalarigacha, ya’ni ochiq yerdan mahsulot chiqqungacha davom etadi. Bahorgi issiqxonalar sharoitida mevalar tez o‘sadi shuning uchun hosil muntazam – kun ora terilishi va barralarni sarg‘ayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.