Shimoliy va Janubiy Afrika o'rtasida ulkan Tropik Afrika joylashgan bo'lib, u ekvatorning u va bu tomoniga 2 ming km. ga cho'zilgan, sharqdan Hind, g'arbdan Atlantika okeanlariga borib tutashadi. XVII va XIX asrlarda u Yevropa davlatlari tomonidan mustamlaka hududlarga bo'lib olindi. Eng yirik koloniyalar Fransiya (Dagomeya, Kamerun, Senegal, Mali, Ruanda, Somali, Togo, Markaziy Afrika Respublikasi, Gvineya, Chad, Niger), Angliya (Janubiy Afrika Ittifoqi, Gana, Nyasalend, Janubiy va Shimoliy Rodeziya, Uganda, Sudan), Portugaliya (Angola, Mozambik), Germaniya (Keniya, Kamerun, Tanganika, Namibiya), Italiya (Liviya va Somali)ga tegishli edi. Belgiya Afrikada bitta, biroq eng boy koloniya — Kongo (hozirgi Zair)ga egalik qilardi. Fransiyaga, bundan tashqari, Jazoir, Marokash, Habashiston (Mavritaniya) va G'arbiy Sahroi Kabir ham tegishli edi.
Tropik Afrika mamlakatlari siyosiy va iqtisodiy mustaqillikdan mahrum qilingan, maxsus tartib vositasida boshqariluvchi tipik mustamlakalar edi. Ular Yevropa mamlakatlari uchun juda ulkan daromad va boylik manbaiga aylandilar. XIX asr oxirlaridan boshlab mustamlaka hududlarga sarmoyalar joylashtirila boshlandi — mustamlakachilar bu yerlarda konlar, xom ashyoga dastlabki ishlov berish korxonalari, temir yo'llar, portlar, aloqa yo'llari barpo etdilar. Taraqqiyotini yuksaltirish jarayoni Afrikani keng miqyosda qamrab oldi. Bu yerda maktablar, oliy o'quv yurtlari tashkil qilina boshlandi, sog'liqni saqlash tizimi yuzaga keldi. Ayrim mustamlakalarda yashovchi oq tanli ko'chmanchilar o'zlari uchun sharoit va qulayliklar yarata boshladilarki, bu o'z-o'zidan mahalliy xalqlar moddiy va madaniy turmush darajasining umumiy ko'rsatkichlariga ham ta'sir qildi.
Shunga qaramay, Afrika hamon eng qoloq va qashshoq qit'a bo'lib qolaverdi. Milliy daromadning 90%ini hamon eng sodda ishlab chiqarish qurollari qo'llanuvchi qishloq xo'jaligi berardi. Turmush darajasi dunyoda eng past bo'lib qoldi. Yuqumli kasalliklar, ochMk, qashshoqlik hukmronlik qilardi.
Versal tinchlik shartnomasining shartlariga ko'ra, Afrikadagi Germaniya koloniyalari Fransiya va Angliya o'rtasida bo'lib olindi. Germaniyaga tegishli bo'lgan Sharqiy Afrika (Tanganika) Angliya qo'liga o'tdi, JanubiG'arbiy Afrika (hozirgi Namibiya)ni Janubiy Afrika Ittifoqi o'z nazorati ostiga oldi, Togo va Kamerun Angliya va Fransiya o'rtasida taqsimlandi. Misrning esa Angliyaga qaramligi tan olindi. Fransiya va Angliya ushbu koloniyalarni boshqarish huquqini qo'lga kiritdilar. Bitimlarda vijdon erkinligining saqlab qolinishi haqida gap borardi. Biroq mustamlakachilar asosan mavjud tartib va taomillarni saqlab qolish qoidasidan kelib chiqib ish yuritardilarki, bu tartibni himoya qilish uchun kuch ishlatishgacha bo'lgan cheksiz hukmronlikni anglatardi.