O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi. “Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan O’zbekiston Oliy Kengashining 1990-yil 20-iyunda bo’lgan II-sessiyasidayoq yangi Konstitutsiya ishlab chiqish lozim,degan xulosaga kelingan edi. Sessiya O’zbekiston Prezidenti I.A. Karimov boshchiligida 64 kishidan iborat Konstitutsiya loyihasini tayyorlash bo’yicha komissiya tuzish to’g’risida qaror qabul qiladi.Komissiya tarkibiga Oliy Kengash deputatlari,Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyat vakillari,davlat,jamoat tashkilotlari va xo’jaliklarning rahbarlari,olimlar,mutaxassislar kiritildi.
Konstitutsiyaviy komissiya O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini ishlab chiqish ustida qariyib 2.5 yil ishladi. Konstitutsiyaviy komissiyaning 1991-yil 12-aprelda bo’lgan yig’ilishida komissiya a’zolari hamda yetakchi mutaxassislar va olimlardan iborat 32 kishilik ishchi guruhi tuzildi. Konstitutsiya bo’limlarini tayyorlash bo’yicha 50 kishidan iborat 6 ta kichik guruhlar tuzildi.1991-yil avgustda O’zbekiston Davlat mustaqilligi asoslari to’g’risida” gi Qonunning qabul qilinishi,bu Qonunga konstitusiyaviy maqom berilishi Konstitutsiyaviy komissiya mas’uliyatini yanada kuchaytirdi.
Konstitutsiya loyihasini ishlab chiqishda Konstitusiyaviy rivojlanishning jahon tajribasi o’rganildi,inson huquqlari,demokratiya va qonunchilik sohasida jahonda qo’lga kiritilgan yutuqlar hisobga olindi.Milliy davlatchiligimizning tajribasi,Amir Temur va boshqa allomalarimizning davlatni idora qilish sohasidagi g’oyalari yangi Konstitutsiyaga asos qilib olindi.
1992-yil 26- sentabrda O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi loyihasi umumxalq muhokamasi uchun matbuotda e’lon qilindi.Muhokama 2 oycha davom etdi.Muhokama jarayonida bildirilgan takliflar asosida tuzatishlar kiritilgan loyiha 1992-yil 26-noyabrda matbuotda 2- marta e’lon qilindi.Umumxalq muhokamasi davrida 6 mingdan taklif va mulohazalar bildirildi.,ular inobatga olindi. Konstitutsiyamiz xalqimizning siyosiy dahosi va tafakkurining mahsuli bo’ldi. Prezidentimiz I.A. Karimov O’zbekiston Konstitutsiyasini ishlab chiqishga rahbarlik qildi va o’zining katta hissasini qo’shdi.
Oliy Kengashining 1992-yil dekabrida bo’lgan XI sessiyasi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish masalasini muhokama qildi. “Shuni alohida ta’kidlashimiz kerakki,-degan edi Prezident I.A. Karimov sessiyada so’zlagan nutqida, - yangi Konstitutsiya loyihasini yaratishda BMT hujjatlariga, Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasiga,xalqaro huquqning barcha e’tirof etgan qoidalariga amal qilindi. Shuningdek,rivojlangan demokratiya mamlakatlari hisoblanmish AQSH,Yaponiya,Turkiya,Ispaniyaning hamda Sharq mamlakatlari Hindiston,Pokiston,Misr davlatlarining Konstitutsiya tajribalaridan ijodiy foydalanildi.”
Sessiyada deputatlar loyihaga 80 ga yaqin o’zgartirish,qo’shimcha va aniqliklar kiritdilar.Shunday qilib,1992-yil 8- dekabr kuni O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi.