Sud hokimiyati. Sud hokimiyati – O‘zbekiston Respubliksi Konstitutsiyasining 106-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida sud hokimiyati sohasida ham islohotlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va 2000-yilda qabul qilingan “Sudlar to‘g‘risida”gi qonuni (yangi tahrirda) sud islohotlarining huquqiy asosidir.
Sud tizimidagi islohotlarni ikki davrga bo‘lish mumkin.
1) 1991– 2016-yillar;
2) 2017-yildan keyingi davr.
O‘zbekistonda Bosh vazir maqomiga teng Vitse-prezidentlik lavozimida Shukrullo Mirsaidov (1990–1992), Bosh vazir lavozimida Abdulhoshim Mutalov (1992–1995), O.tkir Sultonov (1995–2003), Shavkat Mirziyoyev (2003–2016) lar faoliyat yuritgan. 2016-yil 14-dekabrdan Abdulla Aripov Bosh vazir etib tasdiqlangan.
Dastlabki davrda O‘zbekiston Respublikasi sud tizimiga besh yil muddatga saylanadigan quyidagi sudlar kirgan:
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi;
O‘zbekiston Respublikasining Oliy sudi;
O‘zbekiston Respublikasining Oliy xo‘jalik sudi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari;
fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari;
viloyatlar va Toshkent shahrining xo‘jalik sudlari;
harbiy sudlar.
Favqulodda sudlar tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasida sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib boriladi.
Sudlarning alohida hokimiyat sifatida belgilanishidan maqsad O‘zbekiston Respublikasida shaxs huquqi va erkinliklarining xolis organ sifatida faqat sud orqali ta’minlanishiga erishish va sudni avvalgi jazolovchi organdan shaxs huquq va erkinliklarini to‘laqonli himoya qila oladigan organga aylantirishdir.
Sudlar sud qarorini ijro etish kabi o‘zlariga tegishli bo‘lmagan vazifalardan ozod etildi. 2008-yil 1-yanvardan mamlakatda o‘lim jazosi bekor qilindi, fuqarolarni qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi prokuraturadan sudlarga o‘tkazildi. Davlatimizda jinoiy jazolashning insonparvar huquqiy tizimi tashkil etildi.
Islohotlar ikkinchi davrining asosiy xususiyati Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida amalga oshirilmoqda.
Mazkur farmon asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi birlashtirilib, fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Harbiy hay’ati, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, okrug va hududiy harbiy sudlar shtat birliklari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tizimiga o‘tkazildi.
2017-yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2 ming 700 nafar mahkumni, shu jumladan, jazoni ijro etish koloniyalaridan 956 nafar turli sharoitlar tufayli jinoyat sodir etgan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, yashash joyi va jazoni ijro etish muassasasida ijobiy tavsiflangan shaxslarni mamlakatimiz tarixida ilk marotaba afv etish to‘g‘risida farmon qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi “Sud huquq
tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, sudyalik lavozimiga tayinlash (saylash) muddatlariga qat’iy aniqlik kiritildi. Ya’ni sudyalik lavozimiga birinchi marotaba tayinlash besh yilga, ikkinchi marotaba – o‘n yil, keyingisida muddatsiz tayinlanish (saylanish) imkoni yaratildi. Bu sudyalarning yoshi, malakasi, kasb mahoratini inobatga olgan holda uzoqroq muddatga faoliyat
ko‘rsatishini kafolatlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari. Mamlakatimiz istiqlolga erishgan kundanoq O‘zbekiston milliy davlatchiligi, uning hududiy yaxlitligi, aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash davlat siyosatining bosh masalalaridan biri bo‘lib kun tartibiga qo‘yildi.
1991-yil 19–21-avgust kunlari sobiq ittifoq poytaxti Moskva shahrida ro‘y bergan davlat to‘ntarishi sababli mamlakat halokat girdobiga kelib qoldi. Shunday sharoitda mamlakat hududiy yaxlitligi, aholi tinchligi va osoyishtaligini qurolli himoya qilish yo‘lida yangi qadamlar qo‘yildi. O‘zbekiston Prezidentining 1991-yil 25-avgustdagi f armoni asosida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizligi komitetining respublika tasarrufiga o‘tishi, SSSR Ichki ishlar vazirligining yurtimizdagi qo‘shinlari O‘zbekiston Prezidentiga bo‘ysundirilishi ana shunday birinchi qadamlardan bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentininig 1991-yil 6-sentabrdagi farmoniga asosan Mudofaa ishlari vazirligi tashkil qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 1992-yil 10-yanvarda “O‘zbekiston
Respublikasi hududida joylashgan SSSR Ichki ishlar vazirligining harbiy qismlari
va o‘quv muassasalarini O‘zbekiston Respublikasi tasarrufiga olish to‘g‘risida” va 14-yanvarda “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida”gi qarorlarni qabul qildi. Ushbu qarorlarga muvofiq, sobiq SSSR Qurolli Kuchlarining respublika hududida joylashgan qismlari, qo‘shilmalari, birlashmalari, harbiy o‘quv yurtlari, tashkilotlari va boshqa harbiy tuzilmalari qonuniy asosda O‘zbekiston Respublikasi yurisdiksiyasiga olindi. Mazkur qaror qabul qilingan kun – 14-yanvar O‘zbekiston Respublikasining 1993-yildagi qonuniga muvofiq “Vatan himoyachilari kuni” deb e’lon qilindi.
1992-yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Milliy xavfsizlik xizmati tasarrufida Chegara qo‘shinlari boshqarmasi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasiga muvofiq Prezident mamlakat Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh Qo‘mondoni hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining quyidagi harbiy okruglari tashkil topdi:
1. Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati);
2. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug (Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari);
3. Markaziy harbiy okrug (Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari);
4. Toshkent harbiy okrugi (Toshkent shahri va Toshkent viloyati);
5. Sharqiy harbiy okrug (Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlari).
1995-yilning may oyida davlat va jamiyat xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Xavfsizlik kengashi tuzildi. Xavfsizlik Kengashi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahatlashuv organi hisoblanadi.
Prezidenti lavozimiga ko‘ra ushbu Kengashning raisi hisoblanadi. Xavfsizlik Kengashi o‘zining majlislariga muvaqqat ravishda O‘zbekiston Respublikasidagi har qanday mansabdor shaxsni taklif etishi mumkin. Kengash majlisi davomida bildirilgan taklif va mulohazalar ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi va mamlakat Prezidenti tegishli qarorni tasdiqlagandan so‘ng kuchga kiradi.
Mamlakatimizda ilk marta 1996-yil 24-aprelda Oliy Majlisning beshinchi sessiyasida ma’qullangan to‘rt bo‘lim, yigirma sakkiz moddadan iborat bo‘lgan “Milliy xavfsizlik to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi muhokama qilindi. Milliy xavfsizlik tizimini shakllantirish, milliy xavfsizlikni ta’minlash borasidagi vazifalar va ularni amalga oshirish prinsiplarini huquqiy normalarda belgilab beradigan, butunlay yangicha hujjat sifatida ko‘rib chiqildi. 1997-yil avgust oyida Oliy Majlisning IX sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik konsepsiyasi qabul qilindi.
Xorij tajribasida milliy xavfsizlik deganda ko‘proq davlat xavfsizligi tushuniladi. Bu borada O‘zbekiston o‘ziga xos yo‘liga ega. Chunonchi, masalaga bunday yondashuv milliy xavfsizlik muammosining mohiyatini birmuncha toraytiradi. To‘g‘ri, milliy xavfsizlikda harbiy va davlat xavfsizligi masalalari asosiy o‘rin tutadi. Biroq milliy xavfsizlik deyilganda faqat ana shularning o‘zigina tushunilmaydi.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yil 9-yanvarda “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa doktrinasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qonun globallashuv sharoitida xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlar kengayib borayotgan vaziyatda geosiyosiy qarama-qarshilik, kuch ishlatish, shu jumladan, ommaviy qirg‘in qurolini qo‘llash ehtimoli oshganligi, xalqaro terrorizm va ekstremizm faollashganligi, axborot makonida o‘zaro kurash kuchayganligiga qarshi munosib tura olish masalalarini kafolatlaydi.
2018-yil 10-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining ilk bor kengaytirilgan, ochiq, videokonferensiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining jangovar holatga shayligi ilgarigi 5 kundan bugungi kunda 3 soatga yetkazilgani ta’kidlandi.