MAMLAKAT XAVFSIZLIGI VA MUDOFAA SALOHIYATI Shuni inobatga olgan holda, biz Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning dastlabki davridayoq tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashni faoliyatimizning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab oldik. Harakatlar strategiyasiga muvofiq, bu boradagi vazifalar turkumiga quyidagilar kiritildi:
Oʻzbekistan Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini muhofaza qilish;
Davlatning mudofaa salohiyatini mustahkamlash, Oʻzbekistan Respublikasi Qurolli Kuchlarining jangovar qudrati va qobiliyatini oshirish;
Axborot xavfsizligini taʼminlash va axborotni himoya qilish tizimini takomillashtirish, axborot sohasidagi tahdidlarga oʻz vaqtida va mutanosib ravishda qarshi harakatlarni tashkil etish;
Fuqarolar, millatlar va konfessiyalararo tinchlik va totuvlikni mustahkamlash;
Atrof-tabiiy muhit, aholi sogʻligʻi va genofondiga putur yetkazuvchi ekologik muammolarni bartaraf etish;
Favqulotda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tizimini takomillashtirish.
OCHIQ VA PRAGMATIK FAOL TASHQI SIYOSAT — USTUVOR VAZIFAMIZ Mamlakatimizning tashqi siyosat sohasidagi muhim ustuvor yoʻnalishi dunyoning yetakchi davlatlari va xalqaro tashkilotlari bilan strategik sheriklik hamda hamkorlikning muvozanatlangan tizimini shakllantirishdan iborat. Bizning bunday yondashuvimiz iqtisodiyotni modernizatsiyalash, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash, Markaziy Osiyoda hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish vazifalarining samarali hal qilinishini taʼminlashga qaratilgan.
Oʻzbekiston uchun dunyoning Rossiya, Xitoy, AQSH kabi yetakchi davlatlari, Osiyo–Tinch okeani mintaqasidagi rivojlangan mamlakatlar, xususan, Koreya Respublikasi va Yaponiya, Yevropa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi, arab-musulmon hamda turkiy tilli davlatlar bilan oʻzaro manfaatli, samarali va koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
BMT VA XALQARO TASHKILOTLAR BILAN HAMKORLIK Mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan muloqotni va hamkorlikni rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratmoqda. Soʻnggi yillarda BMT va uning institutlari — Inson huquqlari boʻyicha oliy komissar boshqarmasi va Inson huquqlari kengashi bilan oʻzaro hamkorlik darajasini oshirishga erishdik.
Orol muammosini hal etishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan tuzilgan Orol dengizi mintaqasida inson xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻp tomonlama Trast fondi oʻz amaliy faoliyatini boshladi.
Biz qatiy ishonamiz — Birlashgan Millatlar Tashkiloti bundan keyin ham xalqaro munosabatlarda hal qiluvchi oʻrin tutadi. Oʻzbekiston ushbu tashkilotning bosqichma-bosqich isloh etilishi tarafdoridir. Oʻzbekiston Xavfsizlik Kengashini bugungi kun talablariga mos ravishda kengaytirish boʻyicha oʻz pozitsiyasida sobit turadi.