3801e3ba156a9d876bcdf91e187071aa Fuqarolik va oila huquqi Darslik
Mulk huquqining vujudga kelishi va bekor bo‘lishi asoslari
Mulk huquqining vujudga kelish va bekor bo‘lish asoslari deganda, mulk huquqining olinishi yoki yo‘qotilishi bilan bog‘liq yuridik faktlar nazarda tutiladi.
Mulk huquqining olinishi asoslari jamiyatning iqtisodiy tizimida o‘z ifodasini topadi. Mulk huquqining olinishi ikkiga: dastlabki va hosilaasoslarga bo‘linadi.
Mulk huquqining vujudga kelishini bildiradigan dastlabki asoslar bo‘yicha mulkka nisbatan egalik huquqi ilgari hech kimga tegishli bo‘l- magan mulkka nisbatan yoki avvalgi mulk egasining huquqi bilan bog‘liq bo‘lmagan holda vujudga keladi. Mulk huquqining dastlabki asosda vujudga kelishi:
birinchidan, tabiat ne’matlarini o‘zlashtirish, FKning 189-moddasida hamma yig‘ib olishi mumkin bo‘lgan ashyolarni mulkka aylantirish nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, qonun hujjatlarida yovvoyi mevalar, yong‘oq, zamburug‘lar, rezavor mevalar hamda o‘simlik, hayvonot dunyosi va jonsiz tabiatning hamma olishi mumkin bo‘lgan boshqa obyektlarini yig‘ish yo‘li bilan fuqarolar mulkiga aylantirish tartibi va shartlari belgilab qo‘yilishi mumkin;
ikkinchidan, ishlab chiqarish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish natijasida yangi ashyolarni vujudga keltirish, FKning 183-moddasida mulkni yaratish va ko‘paytirish lozimligi belgilangan, ya’ni mulk huquqi yangi mol-mulkni yaratish hamda mulkdor ixtiyoridagi mol-mulkni ko‘paytirish natijasida vujudga kelishi mumkin.
Agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, mol-mulkdan xo‘jalik usulida va o‘zgacha usulda foydalanish natijalari, shu jumladan mahsulot, hosil va boshqa daromad- lar mulkdorga tegishli bo‘ladi;
uchinchidan, egasiz mulk sud qarori bilan davlat ixtiyoriga olinishi mumkin. Xususan, FKning 191-moddasiga asosan egasiz ko‘chmas ashyolar tegishli davlat organining yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining arizasiga muvofiq ko‘chmas mol-mulkni davlat ro‘yxatiga oluvchi organ tomonidan hisobga olinadi.
Egasiz ko‘chmas ashyo hisobga olinganidan keyin bir yil muddat o‘tgach, davlat mol-mulkini boshqarishga vakolati bo‘lgan organ yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi bu ashyoni davlat mulkiga
yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mulkiga kirgan deb hisoblash to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat etishi mumkin;
to‘rtinchidan, egasi bo‘lmagan mulkka yoki egasi bo‘lsa ham xo‘jasizlik bilan saqlanayotgan mulkka, egalari tomonidan belgilangan muddatlarda talab qilib olinmagan mulklarga, shu jumladan topilgan ashyolar, xazinalar (boshqa usulda yashirilgan narsalar)ga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, FK 187-moddasiga asosan, mulkdor bo‘lmagan, lekin ko‘chmas mol-mulkka o‘n besh yil davomida yoki boshqa mol-mulkka besh yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini oladi (egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat).
Ko‘chmas va boshqa mol-mulkka davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart bo‘lgan mulk huquqi ushbu mol-mulkka egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tufayli olgan shaxsda ana shunday ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
Mulkka nisbatan egalik huquqini vujudga keltiruvchi hosila usulimuayyan shaxs tomonidan olinayotgan mulk huquqining dastlabki mulk egasining huquqiga bog‘liq bo‘lgan usulidir. Bu usul mulk huquqining ma’lum ashyoga nisbatan paydo bo‘lishi yoki bu ashyoga nisbatan mulk huquqining ilgari ma’lum shaxsga tegishli bo‘lishi bilan bog‘liq. Shu ma’noda mulk huquqining boshqa shaxsga o‘tishi haqida so‘z yuritiladi. Zero, hosila usulida vujudga kelgan mulk huquqi bu mulkka bo‘lgan huquqning bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tishini bildiradi. Masalan, oldi-sotdi shartnomasi tuzilishi bilan o‘zgalarga tegishli ashyoga nisbatan egalik huquqi bir shaxsda, ya’ni sotib oluvchida paydo bo‘ladi.
Mulk huquqining hosila usulida vujudga kelishiga misol qilib oldi- sotdi, hadya, ayirboshlash, qarz shartnomalari, shuningdek, qonun va vasiyat bo‘yicha meros olish hamda davlat mulkining xususiylashtiri- lishini ko‘rsatsa bo‘ladi.
Qonunda uy-joy (kvartira)ga nisbatan mulk huquqi belgilangan tartibda ajratib berilgan yer uchastkasida qurilayotgan yangi uy-joyning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytidan boshlab vujudga keladi.
Xususiy alomatlari bilan belgilangan ashyolar bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tkazilgan taqdirda agar uning tegishli organlardan ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart bo‘lsa, ashyoga nisbatan egalik huquqi shartnomaning qayd etilishi paytidan e’tiboran vujudga keladi.