3801e3ba156a9d876bcdf91e187071aa Fuqarolik va oila huquqi Darslik
Majburiyatlarning aniq bajarilishi shartnomada ko‘rsatilgan harakat- ning aynan o‘zi bajarilishini, topshirilishi lozim bo‘lgan narsa (mahsulot)ni asl holatida topshirilishini bildiradi.
Majburiyatning qarzdor aybi bilan kechiktirilishi yoki lozim daraja- da bajarilmasligi hollarini nazarda tutib, belgilangan neustoyka, jarima, penya hamda majburiyatning zarur darajada bajarilmasligi natijasida kelib chiqqan zararning undirilishi qarzdorni majburiyatni asl holida bajarishdan ozod qilmaydi.
Qonun hujjatlari yoki shartnomada nazarda tutilgan hollardan tashqari, majburiyatni bajarishdan bir tomonlama bosh tortish va shartnoma shart- larini bir tomonlama o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi (FK 237-m.). Ammo bu qoida, yuqorida aytilganidek, qonunda nazarda tutilgan ayrim hollar- da ba’zi majburiyatlar uchun qo‘llanilmaydi. Chunonchi, pudrat shart- nomasi bo‘yicha topshiriq beruvchi bergan topshirig‘ini xohlaganida bekor qila olgani kabi, topshiriq olgan shaxs ham istagan vaqtida topshiriqni bajarishdan bosh torta oladi. Temir yo‘l va boshqa turdagi transport vositasida yo‘lovchilar tashish munosabatida ham yo‘lovchi talabi bilan shartnoma istalgan vaqtda bekor qilinishi mumkin.
Majburiyatlarni bajarishda tejamkorlik qoidasiga muvofiq majburiyatni bajarishda taraflar kam xarajat bilan ko‘p foyda keltirishga qaratilgan
harakatlarni qilishlari lozim. Bu qoida kreditor va qarzdorning majburiyatni bajarish jarayonida eng qulay hamda eng foydali usuldan foydalanishi lozimligini belgilaydi. Chunonchi, pudrat shartnomasi bo‘yicha pudrat- chi ishni buyurtmachi materialidan bajarishda materialni tejamkorlik bilan sarflashi va u to‘g‘ri ishlatilishida javobgar bo‘lishi belgilangan. Yuk tashish shartnomasiga asosan yuk tashuvchi yukni eng qisqa yo‘ldan tashishi ko‘rsatilgan.
Majburiyatni bajarishda o‘zaro hamkorlik prinsipiga ko‘ra har ikki tomon majburiyatni bajarishda bir-birlariga zarur bo‘lgan yordamni ko‘rsatishlari lozim. Chunonchi, kreditor majburiyatning bajarilishini talab qilish huquqiga ega bo‘lishi bilan birga qarzdorning majburiyatini bajarishda unga yordam berish va ko‘maklashishga ham majbur. Masalan, kontraktatsiya shartnomasiga muvofiq qishloq xo‘jalik mahsulotlarini davlat yo‘li bilan xarid qilinishida kontraktant (mahsulot qabul qiluvchi) tashkilotlar qishloq xo‘jalik korxonalariga mahsulotlar yetishtirish va ularni tashishni tashkil qilishda yordam ko‘rsatishi zarur.
Majburiyatlarni tegishli shaxs uchun bajarilishi prinsipi Fuqarolik kodeksi 240-moddasida o‘z ifodasini topgan. Unga ko‘ra, agar bosh- qacha tartib taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan bo‘lmasa va ish muomalasi odatlaridan yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, qarzdor majburiyatni bajarish chog‘ida ijroni kreditorning o‘zi yoki bu ish uchun u vakolat bergan shaxs qabul qilayotganligini isbotlashni talab qilishga haqli va bunday talabni qo‘ymaganlik oqibatlari xavfi uning zimmasida bo‘ladi.
Majburiyat huquqidagi sanksiya masalasiga kelganda, fuqarolik huquqi normalariga muvofiq qo‘llaniladigan majburlash choralari ko‘pincha huquq buzilishida, majburiyatlarni bajarmaslik yoki tegishli darajada bajarmaslik hollarida qo‘llaniladi.
Sanksiya (fuqaroviy javobgarlik) – fuqaroviy-huquqiy munosabatda ishtirok etayotgan taraflar o‘z zimmalaridagi majburiyatlarini bajarma- ganlarida yoki lozim darajada bajarmaganlarida huquq normalariga muvofiq qo‘llaniladigan majburlash chorasidir. Buzilgan majburiyatlar yuzasidan qo‘llaniladigan sanksiyalar har xil bo‘ladi. Majburiy chora sifatida qo‘llaniladigan sanksiyalar umumiy xarakterga ega bo‘lishi bilan birga maxsus, ya’ni muayyan huquqiy munosabatdan yuzaga kelgan harakatlarga nisbatan qo‘llaniladigan bo‘lishi mumkin. Umumiy xarak- terdagi sanksiyalar majburiyatning bajarilishini kechiktirish yoki biron ashyoni topshirish majburiyatini bajarmaslik hollarida qo‘llaniladi.
Maxsus sanksiyalarga misol qilib, sotilgan ashyolarning sifati tegishli darajada emasligiga sotuvchining javobgar ekanligini ko‘rsatish mumkin. Sanksiya majburiyatlarda ishtirok etuvchi va o‘z zimmalaridagi majburiyatlarni bajarmagan taraf – kreditor va qarzdorga nisbatan qo‘llaniladi.
Majburiyatlarni buzganlik uchun qo‘llaniladigan sanksiyalar quyida- gi guruhlarga bo‘linishi mumkin:
ixtiyoriy bajarilmagan burchni majburiy ijro ettirishga qaratilgan sanksiya. Masalan, olingan qarz ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganidan so‘ng uni majburan undirish mumkin bo‘ladi;
shartnomada ko‘rsatilgan majburiyat bajarilmaganda uni bir tomonlama bekor qilish huquqini berishga qaratilgan sanksiya. Masalan, ijaraga oluvchi o‘z majburiyatini bajarmaganda ijaraga beruvchining talabi bilan shartnoma muddatidan avval bekor qilinishi mumkin;
majburiyatning ijro etilishi tartibini o‘zgartirishdan iborat sanksiya. Masalan, mahsulot oluvchi tashkilot olgan mahsulotlari uchun haq to‘lashni kechiktirganidan mahsulot yetkazuvchi u bilan «aksept» shakli bo‘yicha hisob-kitob qilmay, balki xaridor tashkilotga noqulay bo‘lgan
«akkreditiv» shakli bo‘yicha hisoblashish tartibiga o‘tishi mumkin;
tuzuk taraf zimmasida bo‘lgan majburiyatlar hajmini kamaytirish- ga qaratilgan sanksiyalar. Bunga misol qilib xaridor o‘ziga shartnoma shartlariga nomuvofiq sifatdagi ashyo sotilganida, uning narxini tegish- licha kamaytirishni talab qila olishini ko‘rsatish mumkin;
notuzuk tarafning zimmasida bo‘lgan majburiyatlar hajmini oshirish- ga qaratilgan sanksiyalar. Mazkur sanksiyada majburiyatni buzgan notuzuk taraf noqulay bo‘lgan ba’zi vazifalarni, ya’ni qo‘shimcha majburiyatlarni bajarishga majbur qilinadi. Masalan, sifatli narsa o‘rniga sifatsiz ashyo topshirgan sotuvchi bu ashyoning nuqsonlarini tuzatish uchun yoki kam- chiliklarini yo‘qotish uchun xaridor tomonidan qilingan xarajatlarni to‘lashga majbur qilinishi mumkin.
Yuqorida ta’kidlanganidek, majburiyat munosabatlarida qatnashuv- chi tomonlarning biri – kreditor, ikkinchisi – qarzdor hisoblanadi. Fuqarolik huquqlari va majburiyatlariga ega bo‘la oladigan (muomalaga layoqatli)shaxslar majburiyat munosabatlarida qarzdor va kreditor bo‘lib qatnasha oladilar. Fuqarolik-huquqiy majburiyat munosabatlarida kreditor va qarzdor sifatida jismoniy shaxslar, yuridik shaxslar hamda ba’zi hollarda, O‘zbekiston Respublikasi (davlat) ham ishtirok etishi mumkin.
Majburiyat munosabatlarida ba’zida kreditor yoki qarzdor tarafida yoxud xar ikkala tarafda ham ikki yoki undan ortiq shaxslar ishtirok etishlari mumkin. Bunday majburiyatlarga esa ko‘p shaxsli majburiyatlardeb ataladi. Masalan, qarz oluvchilar ikki yoki undan ortiq shaxslar bo‘lganda bunday majburiyat ko‘p shaxsli majburiyatlar hisoblanadi.
Majburiyatda ko‘pchilik bo‘lib qatnashuvchi shaxslar aktiv va passiv yoki aralash ishtirokchilarga ajratilishi mumkin. Majburiyatda kreditor taraf ko‘pchilik bo‘lganda – aktiv ishtirokchilar, qarzdor tarafida qatna- shuvchi shaxslar esa – passiv ishtirokchilar deb ataladi. Agar majburiyat- da qatnashuvchi shaxslar har ikki tarafda ham ko‘pchilik bo‘lib ishtirok etsa – aralashishtirokchilardeb ataladi.
Ko‘p shaxslar ishtirok etgan majburiyatlar ulushli va sherik majburiyatlarga bo‘linadi.