Majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash usullari
Fuqarolik huquqida qarzdor zimmasidagi majburiyatlarning kreditor foydasiga bajarilishi shartnoma intizomini mustahkamlashda, shuning- dek, fuqarolik huquqlarini himoya qilishda o‘ta muhim ahamiyatga ega. Zero, majburiyatning bajarilishidan nafaqat kreditor, balki davlat va jamiyat ham manfaatdordir. Chunki, majburiyatlarning bajarilishi tad- birkorlik faoliyatini rivojlantirishda, mulk shakllarini huquqiy himoya- lashda, jamiyatning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirishda muhim o‘rin egallaydi.
Fuqarolik-huquqiy majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash fuqaro- lik-huquqiy munosabatdir.
Fuqarolik huquqida majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash usullari deb, qarzdor zimmasida bo‘lgan majburiyatlarni u tomonidan lozim darajada bajarilishiga majbur qiluvchi choralarga aytiladi. Bu choralar, ya’ni usullar Fuqarolik kodeksining 259-moddasida, shuning- dek, «Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida»gi 1998-yil 29-avgustdagi qonunning 14-moddasida belgilangan.
Yuqoridagi qonun hujjatlarida, majburiyatlarning bajarilishini ta’min- lashning quyidagi usullari belgilangan: neustoyka, garov, qarzdorning mol-mulkini ushlab qolish, kafillik, kafolat, zakalat.
Fuqarolik kodeksining 259-moddasiga ko‘ra, majburiyatlarning baja- rilishi qonun hujjatlari yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqacha usullar bilan ham ta’minlanishi mumkin. Majburiyatlarning bajarilishini ta’minlashning boshqa usullari esa fuqarolik huquqi sohasidagi qonun- larda yoki tomonlarning kelishuvi bilan tuziladigan shartnomalarda
nazarda tutilishi mumkin. Umumiy qoidaga ko‘ra tomonlar kelishuvi bilan shartnomada belgilanadigan majburiyatlarni ta’minlashning chora- lari qonun hujjatlariga zid bo‘lmasligi kerak.
Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan majburiyatlarning bajarilishini ta’minlashning usullaridan biri bu «neustoyka» hisoblanadi. FKning 260-moddasiga ko‘ra, neustoyka qonun hujjatlari yoki shartnoma bilan belgilangan, qarzdor majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajar- magan taqdirda kreditorga to‘lashi shart bo‘lgan pul summasiga aytiladi.
Neustoyka majburiyatlarning bajarilishni ta’minlashda eng ko‘p qo‘l- laniladigan usul hisoblanadi. Amaldagi qonunchilik bo‘yicha neustoyka fuqarolik huquqi subyektlari (jismoniy shaxslar, yuridik shaxslar va davlat) ishtirokidagi barcha shartnomaviy munosabatlar bo‘yicha vujud- ga keladigan majburiyatlarda qo‘llaniladi.
Kreditor tomonidan neustoykani undirish uchun, umumiy qoidaga binoan, majburiyatning buzilishi (huquqning buzilishi) va qarzdorning aybi asos bo‘lib hisoblanadi, biroq bunda huquqbuzarlik tarkibining (zarar, huquqqa xilof harakat, sababiy bog‘lanish, ayb) to‘liq bo‘lishi shart emas. Chunki, neustoyka kreditorga zarar yetkazilmagan hollarda ham undirilishi mumkin.
Akademik H.Rahmonqulov ta’kidlaganidek, neustoyka majbu- riyatlarning bajarilishini ta’minlashda muhim usullardan iborat bo‘lishi bilan bir qatorda mulkiy javobgarlik chorasi ham hisoblanadi. Neustoyka asosiy majburiyat buzilganligi natijasida zarar yetkazilgan bo‘lishidan qat’i nazar undiriladi. Shuning uchun ham kreditor neustoykani to‘lash haqida talab qo‘zg‘atar ekan, o‘ziga yetkazilgan zararni isbotlashga majbur emas.1
Neustoyka jarima yoki penya shaklida bo‘ladi. Majburiyatning bajarilishini ta’minlash usullari bo‘lgan jarima bilan penya o‘rtasida jiddiy farq yo‘q. Ular faqat hisoblanish metodlari jihatidangina bir-biri- dan farq qiladi.
Qarzdor majburiyatlarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan hollarda to‘laydigan va, qoida tariqasida, qat’iy pul summasida hisobla- nadigan neustoyka jarima hisoblanadi.
Jarimani qo‘llash shartnoma majburiyatining bajarilishini ta’minlash uchun xizmat qiladi. Shuning bilan birga jarima shartnomaning majburiyati
1 Раҳмонқулов Ҳ. Р. Мажбурият ҳуқуқи (умумий қоидалар): Дарслик. – Т., 2005. – Б. 63.
bajarilmaganligi uchun qo‘llaniladigan javobgarlik chorasi hisoblanadi. Jarima shartnoma ishtirokchisi tomonidan majburiyat uning aybi bilan bajarilmagan taqdirda to‘lanadi, aybidan qat’i nazar jarima to‘lashga istisno tarzida qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi. Jarima tadbirkorlar ishtirokida tuziladigan shartnomalarda samarali natija beradigan, majburiyatni buzgan tarafga nisbatan ta’sir o‘tkazadigan chora sifatida keng ko‘lamda qo‘llanadi.
Qarzdor majburiyatlarning bajarilishini kechiktirib yuborganida to‘laydigan va o‘tkazib yuborilgan muddatning har bir kuni uchun majburiyatning bajarilmagan qismiga nisbatan foiz bilan hisoblanadigan neustoyka penya hisoblanadi.
Penya majburiyatning bajarilishi kechiktirilganda qo‘llaniladi va muayyan vaqt, masalan, 10, 20, 30 kun davomida hisoblanadi. Penya majburiyatning bajarilishi kechiktirilganda, kechiktirishning barcha mud- dati davomida hisoblanib, bajarilmagan summasi yuzasidan belgilangan foizlar bilan undiriladi. Majburiyatning bajarilish vaqti kechiktirilgani sari penya summasining ham o‘sib borishi qarzdorni majburiyatni mumkin qadar tezroq ijro etishga majbur qiladi.
Agar penya faqat muayyan kunlar, masalan, 30 kun davomida hisoblansa, mazkur kunlar o‘tgandan so‘ng uning hisoblanishi to‘xta- tiladi. Odatda, keyinchalik kreditorga qarzdordan birdaniga 2% dan 5% gacha neustoyka olish huquqi paydo bo‘ladi. Tor ma’nodagi neustoyka majburiyatni butunlay bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun, shu jumladan, shartnoma majburiyatlarining ijrosini kechiktirgan- lik uchun undiriladi va yetkazib berilmagan mahsulotning yoki tovarning qiymati summasidan yoki pudrat shartnomasi bo‘yicha bajarilmagan ishlar summasidan va shu kabi boshqa summalarga nisbatan foiz bilan, masalan, 2, 3, 4, 5 % miqdorida neustoyka olinadi.
Neustoykaning xususiyati shundaki, u majburiyat bajarilishining buzilishida har qanday fakt uchun, miqdori esa majburiyat kechiktiri- lishining qanchalik uzoq bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar belgilanadi.
Fuqarolik qonunchiligi neustoykani ikki huquqiy asosini: qonun va shartnomadan kelib chiqishini belgilaydi.
Qonuniy neustoyka deb majburiyatlarning muayyan turlari uchun qonun bilan maxsus belgilangan neustoyka tushuniladi. Bu holda qonun neustoykaning miqdori, uning undirilishi tartibi va shartlarini belgilaydi.
Qonun bilan belgilanadigan neustoykaning xarakterli tomoni shundaki, uni to‘lash taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan yoki tutilmaganli- gidan qat’i nazar, kreditor qonunda belgilangan neustoyka (qonuniy neustoyka)ni to‘lashni talab qilishga haqli. Qonuniy neustoykaning miqdori, agar qonun taqiqlamasa, taraflarning kelishuvi bilan ko‘paytiri- lishi mumkin (FK 263-m.).
Taraflar qonunda nazarda tutilgan neustoykani undirishdan bosh torta olmaydilar va uning miqdorini ham kamaytira olmaydilar. Agar shartnomada bunday shartlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, ular haqiqiy sanalmaydi.
Qonuniy neustoyka xo‘jalik tashkilotlari o‘rtasidagi munosabatlarda ko‘p qo‘llaniladi va maxsus normativ hujjatlarda nazarda tutiladi.
Shartnomali neustoyka taraflarning o‘zaro kelishuvi bo‘yicha belgi- lanadi. Mazkur neustoyka asosiy majburiyatning neustoyka bilan ta’min- lanishi yoki ta’minlanmasligi to‘g‘risidagi masala, uning miqdori, undi- rish tartibi va shartlari faqat taraflarning o‘zlari tomonidan belgilanadi. Masalan, ikki jamoa xo‘jaligi bir-biriga qurilish uchun g‘isht yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma tuzganlarida majburiyatni buzganlik uchun neustoyka to‘lanishini ko‘rsatishlari mumkin.
Neustoyka (jarima, penya) to‘g‘risidagi kelishuv Fuqarolik kodeksi- ning 262-moddasida ko‘rsatilganidek, yozma shaklda tuzilishi kerak. Bunday kelishuv maxsus shartnoma yoki asosiy shartnomaga qo‘shim- cha kelishuv shaklida rasmiylashtirilishi mumkin. Kelishuvning yozma shaklda bo‘lishiga rioya qilmaslik neustoyka (jarima, penya) to‘g‘risi- dagi kelishuvning haqiqiy sanalmasligiga sabab bo‘ladi.
Neustoykani undirishdan asosiy maqsad majburiyatning bajarilishini ta’minlashdir. Fuqarolik qonunida ko‘rsatilgan neustoyka faqat pul bilan belgilanadi. Neustoyka miqdori qonun bilan yoki shartnoma bilan belgi- lanishi lozim. Odatda, neustoyka bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan majburiyat summasiga nisbatan foiz bilan yoki qat’iy summa bilan belgilanadi (FK 261-m.).
Dostları ilə paylaş: |