3801e3ba156a9d876bcdf91e187071aa Fuqarolik va oila huquqi Darslik
Sug‘urta hodisasi deyilganda, sug‘urta shartnomasida ko‘zda tutila- digan va yuz berishi mumkin bo‘lgan voqea tushuniladi. Sug‘urta hodisasi ba’zi hollarda sug‘urta xatari deb ham yuritiladi. «Sug‘urta xatari» atamasi turlicha ma’nolarda qo‘llanilishi mumkin. Aksariyat hollarda, sug‘urta xatari deb quyidagilarga aytiladi:
FK 953-moddasida: «Agar sug‘urta hodisasi sug‘urta qildiruvchi, naf oluvchi yoki sug‘urtalangan shaxsning qasd qilishi oqibatida yuz bergan bo‘lsa, sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini yoki sug‘urta pulini to‘lashdan ozod qilinadi, qasddan zaruriy mudofaa yoki oxirgi zarurat holatida qilingan harakatlar bundan mustasno», deb belgilangan.
Agar, sug‘urta shartnomasini tuzishda mazkur obyektga doir voqea- ning albatta ro‘y berishi ma’lum bo‘lsa, u holda sug‘urtani amalga oshirib bo‘lmaydi.
Ma’lum turdagi bir necha xil mol-mulkni, bir turdagi xavf-xatardan yoki ayni bir vaqtda turli xil xavf-xatarlardan sug‘urta qilish mumkin. Hozirgi kunda sug‘urta idoralari jismoniy va yuridik shaxslarni turli xavf- xatarlardan sug‘urtalash orqali himoyalash vazifasini amalga oshirmoqda.
Sug‘urta shartnomasida ishtirok etayotgan sug‘urta obyekti va su- g‘urta subyektlariga qarab sug‘urta hodisasi ham turlicha bo‘ladi. Hayot- ni sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalanuvchining vafoti sug‘urta hodisasi hisoblansa, tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilish shart- nomasi bo‘yicha, tadbirkor olishi mumkin bo‘lgan foydaning olinmay qolishi, sug‘urta shartnomasining hodisasi, zarar yetkazganlik majburiyat- larini sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha esa, uchinchi shaxsga zarar yetkazilishi sug‘urta hodisalari hisoblanadi.
FK 943-moddasiga asosan, sug‘urta shartnomasida sug‘urta predmeti sifatida belgilanadigan hodisa ehtimol tutiladigan va tasodiflik belgilari- ga ega bo‘lishi lozim. Masalan, qarzdorning kredit summasini qaytarish majburiyatini bajarmasligi faqat tasodif bo‘lgandagina, ya’ni mazkur holat sug‘urtalanuvchining erkidan tashqari sodir bo‘lgandagina sug‘urta hodisasi sifatida baholanishi mumkin.
Sug‘urta hodisasi ro‘y berganda, shartnomada belgilangan muddatda sug‘urta idoralariga xabar bermaslik ham sug‘urta tovonini to‘lashni rad
etish uchun asos bo‘ladi. FK 951-moddaga ko‘ra, sug‘urta qildiruvchi shartnomada yoki sug‘urta qoidalarida nazarda tutilgan muddatlarda sug‘urtalovchiga sug‘urta hodisasi ro‘y berganligi haqida xabar bermasa, agar sug‘urtalovchi sug‘urta hodisasi yuz berganini o‘z vaqtida bilganligi yoxud bu haqida sug‘urtalovchida ma’lumotlarning yo‘qligi, uning sug‘urta tovonini to‘lash majburiyatiga ta’sir etmasligi isbotlanmasa, sug‘urta tovonini to‘lashni rad etish huquqini beradi.
FK 935-moddasiga muvofiq, sug‘urta shartnomasini tuzish paytida taraflarning kelishuviga ko‘ra aniqlanadigan, sug‘urta manfaati bilan bog‘- lanadigan mol-mulk qiymati, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, sug‘urta qiymati (sug‘urta bahosi) deb hisob- lanadi. Mol-mulkni sug‘urta qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, sug‘urta qilingan mol-mulkning nobud bo‘lishi yoki shikastlanishi natijasida yetgan zararni qoplashdan iborat. Shu bois, sug‘urta yuzasidan berila- digan pulning miqdori (sug‘urta puli), sug‘urta qilingan mol-mulkning qiymatidan oshmasligi talab etiladi. Shu ma’noda, ayni bir obyektning sug‘urta pulini belgilash uchun, uning qiymatini aniqlash kerak bo‘ladi.
FK 935-moddaga ko‘ra, mulkiy sug‘urta shartnomasi amal qilgan davrda tomonlarga mol-mulkning shartnomada ko‘rsatilgan qiymati yuza- sidan nizolashish huquqi berilmagan, sug‘urtalovchi o‘zining sug‘urta qildiruvchi tomonidan ataylab chalg‘itilganligini isbotlab beruvchi holatlar bundan mustasno. Agar shartnomada sug‘urta puli bilan sug‘urta qiymatining nisbati buzilgan bo‘lsa, mazkur shartnoma qisman haqiqiy emas deb topiladi va shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, mulkning shartnoma tuzilgan paytdagi qiymatidan kelib chiqqan holda sug‘urta tovoni to‘lanadi.
Mulkning sug‘urta qiymati uning haqiqiy qiymati doirasida va uning tabiiy eskirishini hisobga olgan holda belgilanadi. Bunda mulkning haqiqiy qiymati uni ko‘rikdan o‘tkazish, baholash, ekspertiza tayinlash va uning xulosasi, bozordagi shunga o‘xshash mulkning bahosini beligilash bilan aniqlanadi.
Obyektning (binolar, chorva mollari, biron qishloq xo‘jalik ekinining hosili va boshqalarning) sug‘urta qilish maqsadlari uchun belgilangan qiymati – sug‘urta uchun baholash deb ataladi.
Sug‘urta qilinuvchi obyektlarni baholash juda muhim ahamiyatga ega. Chunki bu baho sug‘urta yo‘li bilan ta’minlash summasini belgilash uchun asos qilib olinadi. Agar, sug‘urta qilinayotgan obyektlarga uning
haqiqiy qiymatidan kam baho qo‘yilsa, u holda sug‘urta yo‘li bilan ta’minlash puli ham kamayadi.
Sug‘urta puli sug‘urta uchun qo‘yilgan baho bilan to‘g‘ri kelishi mumkin. Bu holda mulk uning to‘la qiymati miqdorida sug‘urta qilingan hisoblanadi. Agar mol-mulk nobud bo‘lsa, yoki zarar yetkazilsa, unga yetgan zarar to‘liq hajmda qoplanadi. Sug‘urta puli sug‘urta qiymatidan kam bo‘lishi ham mumkin.
FK 938-moddasida: «Sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan mol-mulk yoki tadbirkorlik xavfining sug‘urta puli sug‘urta qiymatidan ortiq bo‘lsa, shartnoma sug‘urta pulining sug‘urta qiymatidan ortiq bo‘lgan qismida o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi va sug‘urta mukofotining ortiqcha to‘langan qismi qaytarib berilmaydi».
Sug‘urta qiymati – sug‘urta obyektining asl, faktik qiymati bo‘lib, uni belgilash turli mamlakatlardagi joriy qonunchilik va amaliyotda shakllangan o‘ziga xos qoidalarga asoslanib amalga oshiriladi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida sug‘urta qiymati tovar yuklanayotgan paytdagi bozor narxi qancha bo‘lsa, shundan kelib chiqib hisoblanadi va bu reys boshlanishi oldidan aniqlanadi. Fransuz qonunchiligida sug‘urta qiymatiga tovarning sotilish narxi va yuklash paytida sarflangan xarajatlar, uning belgilangan joyga yetkazilishi va kutilayotgan daromad miqdori ham qo‘shib belgilanadi. Germaniyada esa sug‘urta qiymati sifatida, sug‘urta hodisasi yuzaga kelishi bilan tovarning asl sotilish qiymati qabul qilingan.
Sug‘urta puli va sug‘urta bahosi to‘g‘risida yuqorida ta’kidlab o‘tilgan qoidalar shaxsiy sug‘urta shartnomasiga qo‘llanilmaydi. Chunki, kishining hayoti yoki mehnat qobiliyatini sug‘urta qilish maqsadlarida baholab bo‘lmaydi.
Xullas, sug‘urta qiymatini aniqlash, sug‘urta hodisasi natijasida to‘lanadigan sug‘urta tovoni, sug‘urta badali miqdorini sug‘urta pulini belgilashda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u qat’iy belgilanishi lozim.
Sug‘urta puli – sug‘urta qiymatidan kelib chiqib belgilanadi va u sug‘urta qiymatidan kam yoki teng miqdorda belgilanishi mumkin.