Respublikasi ichki


Sug‘urta shartnomasning huquqiy belgilari



Yüklə 5,47 Mb.
səhifə98/154
tarix25.12.2023
ölçüsü5,47 Mb.
#194966
1   ...   94   95   96   97   98   99   100   101   ...   154
3801e3ba156a9d876bcdf91e187071aa Fuqarolik va oila huquqi Darslik

Sug‘urta shartnomasning huquqiy belgilari


Sug‘urta shartnomasi haq evaziga tuziladigan shartnoma hisoblanib, sug‘urta qildiruvchi sug‘urta mukofotini to‘laydi, sug‘urtalovchi esa sug‘urta hodisasi ro‘y berishi bilan sug‘urta pulini to‘laydi.
Sug‘urta shartnomasi ikki tomonlama shartnoma bo‘lib, ikkala taraf o‘z zimmalariga ham huquq, ham majburiyatlarni oladilar. Sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalovchi sug‘urta badalini talab qilib olish huquqiga ega bo‘lsa, sug‘urta hodisasi ro‘y berganida sug‘urta tovonini to‘lash majburiyatini oladi. Sug‘urta qildiruvchi esa sug‘urta badalini to‘lash majburiyatini olsa, sug‘urta hodisasi ro‘y berganida sug‘urta tovonini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Sug‘urta shartnomasi tuzilish paytiga va mazmuniga qarab real va konsensual shartnomalar toifasiga kiradi. Ixtiyoriy sug‘urta shartnoma- lari real shartnoma hisoblanadi. Chunki, real shartnomalarda huquq va majburiyatlarning paydo bo‘lishi taraflar o‘zaro kelishgan, shartnomani rasmiylashtirgan bo‘lishidan tashqari shartnoma obyekti, ashyo yoki pulning topshirilishi talab qilinadi.
Sug‘urta shartnomasining muhim shartlari shartnoma mazmunini tashkil qilganligi uchun, avvalambor, ushbu shartlarni ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bu shartlar FK 929-moddasida mulkiy sug‘urta va shaxsiy sug‘urta uchun alohida tartibda berilgan.
Mulkiy sug‘urta shartnomasi tuzishda sug‘urta qildiruvchi bilan sug‘urtalovchi o‘rtasida quyidagilar to‘g‘risida kelishuvga erishilishi lozim:

  • sug‘urta obyekti bo‘lgan muayyan mol-mulk yoxud boshqa mulkiy manfaat to‘g‘risida;

  • yuz berishi ehtimol tutilib sug‘urta amalga oshirilayotgan voqea (sug‘urta hodisasi)ning xususiyati to‘g‘risida;

  • sug‘urta puli miqdori to‘g‘risida;

  • sug‘urta tovoni miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risida, agar shart- nomada uni sug‘urta pulidan oz miqdorda to‘lash mumkinligi nazarda tutilgan bo‘lsa;

  • sug‘urta mukofotining miqdori va uni to‘lash muddati (muddatlari) to‘g‘risida;

  • shartnomaning amal qilish muddati to‘g‘risida.

Shaxsiy sug‘urta shartnomasi tuzishda sug‘urta qildiruvchi bilan sug‘urtalovchi o‘rtasida quyidagilar to‘g‘risida kelishuvga erishilishi lozim:

  • sug‘urtalangan shaxs to‘g‘risida;

  • sug‘urtalangan shaxs hayotida yuz berishi ehtimol tutilib sug‘urta amalga oshirilayotgan voqea (sug‘urta hodisasi)ning xususiyati to‘g‘risida;

  • sug‘urta puli miqdori to‘g‘risida;

  • sug‘urta mukofotining miqdori va uni to‘lash muddati (muddatlari) to‘g‘risida;

  • shartnomaning amal qilish muddati to‘g‘risida.

Sug‘urta obyekti sifatida nafaqat fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki, balki javobgarlik majburiyatlari, tadbirkorlik xavfi va yana bir qator manfaatlar ham bo‘lishi mumkin.
Sug‘urta shartnomasi obyektlarining shartnoma tuzilayotgan vaqt- dagi holati muhim ahamiyatga ega. Ba’zi hollarda, sug‘urta shartnomasi obyektining holati, joylashish sharoiti tufayli, shaxsiy sug‘urta shart- nomasida esa sug‘urtalanuvchi shaxsning salomatlik holati, sug‘urta xavfini baholashga, uning miqdorini o‘zgartirishga yoki sug‘urta shart- nomasini umuman tuzmaslikka sabab bo‘lishi mumkin. Albatta, bu haqida, Fuqarolik kodeksning 932-moddasida sug‘urtalanuvchining sug‘urta xavfini baholash huquqi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, mol-mulkni
sug‘urtalash shartnomasi tuzilayotganda, sug‘urtalovchi sug‘urtalanayot- gan mol-mulkni ko‘zdan kechirishga, zaruriyat bo‘lgan taqdirda uning haqiqiy qiymatini belgilash maqsadida ekspertiza tayinlashga haqli.
Shaxsiy sug‘urta shartnomasi tuzilayotganda esa, sug‘urtalovchi sug‘urta qilinayotgan shaxs sog‘lig‘ining haqiqiy holatini aniqlash uchun uni tekshirtirishga haqli. Agar sug‘urtalovchi ushbu tekshiruv davomida sug‘urta qilinishi lozim bo‘lgan obyektlarda sug‘urta shartnomasi tuzmaslikka asos bo‘ladigan holatlarni aniqlasa, sug‘urta shartnomasini tuzishdan bosh tortishga haqli bo‘ladi.
Shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha chet el davlatlarining tajriba- siga nazar soladigan bo‘lsak, Germaniyada, aholining yoshi chegaralan- maganligini, aksincha, sug‘urtalanyotgan shaxsning yoshiga, ya’ni sug‘urta xavfining oshib borishiga qarab, sug‘urta badallari miqdorining oshib borishini kuzatamiz1.
Fuqarolarning uy-joyini ixtiyoriy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qoida- larga asosan, agar uy-joylar qarovsiz ahvolda, yoki qulab tushish ehtimoli bor yerlarda bo‘lsa, ularni sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi2. Sug‘urta obyektiga berilgan ta’rifda fuqarolarning mol-mulki va sog‘lig‘i sug‘urta obyekti bo‘ladi deb hisoblansa-da, sug‘urta hodisasi xavfi yuqori bo‘lganligi sababli bunday obyektlar sug‘urtalanmaydi.
Sug‘urta shartnomasining obyektlari, shartnoma mazmuniga qarab turlicha bo‘lishi mumkin. Agar shartnoma turlariga qarab sug‘urta obyekt- larini bo‘ladigan bo‘lsak, ularni mulkiy va mulk bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy obyektlarga ajratishimiz mumkin. Masalan, shartnomadan kelib chiqadigan javobgarlikni sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha, shaxsning shartnomada belgilangan javobgarligi sug‘urta obyekti bo‘lib hisoblana- di. Shaxsiy davlat majburiy sug‘urtasi bo‘yicha sug‘urtalangan shaxsning faqat ish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘iga zarar yetishi, shikastlanishi yoki vafot etishi, ya’ni xizmat burchini bajarayotgan vaqtdagi hayoti va sog‘lig‘i sug‘urta obyekti sanaladi. Xizmat burchini bajarishdan tashqari holatdagi hayoti va sog‘lig‘i obyekt hisoblanmaydi.
FK 916-moddaga muvofiq quyidagi manfaatlar sug‘urta qilinmaydi:

  • g‘ayriqonuniy manfaatlarni sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi;




1 «Структуры социальной рыночной экономики». Глава из книги Германия.
Факты. С-48.
2 Қишлоқ аҳолиси уй мулкини ихтиёрий суғурта қилиш қоидаси. – Т., 1997. – №19.

  • qimor, lotoreya va garov o‘yinlarida ishtirok etishda ko‘riladigan zararni sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi;

  • garovga olinganlarni ozod qilish maqsadida shaxs majburan qilishi mumkin bo‘lgan xarajatlarni sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi.


Yüklə 5,47 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   94   95   96   97   98   99   100   101   ...   154




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin