5 – Mavzu: Xristianlik dinining jamiyat taraqqiyotida tutgan o‘rni Reja: 1.Xristianlikning vujudga kelishi.
2.Xristianlik ta’limoti
3.Xristianlikning yo‘nalishlarga bo‘linishi: pravoslavlik, katoliklik va protestantlik.
Tayanch iboralar: Iso Masih, Injil, cho‘qintirish, yetti sirli marosim, xoch, indulgensiya, inkvizitsiya, ikona, pravoslavlik, katoliklik,protestantlik.
Xristianlik buddizm va islom dinlari qatorida jahonda eng keng tarqalgan dinlardan biri hisoblanadi. Ushbu din taravdorlarining miqdori boshqa dinlarga qaraganda eng ko‘p bo‘lib, bu ko‘rsatkich dunyo aholisining deyarli uchdan birini (taqriban 28 foizi) tashkil etadi.
Xristianlik, asosan, Yevropa, Amerika, Avstraliya hamda qisman Afrika va Osiyo qit’alarida tarqalgan.
1.Xristianlikning vujudga kelishi. Xristianlik (yun. Christos-Xudo yarlaqagan vakil, xaloskor) –Rim imperiyasining sharqiy qismi (Falastin)da paydo bo‘lgan. Iso Masih (Iisus Xristos), Bibliyaning xabar berishiga ko‘ra, xristianlik ta’limotining asoschisi bo‘lib, u Rim imperiyasi tashkil topganining 747 yili Falastinning Nazaret qishlog‘ida bokira qiz Maryamdan Xudoning amri bilan dunyoga keldi. Yangi eraning boshlanishi ham Iso Masihning dunyoga kelishi bilan bog‘liq.
Dastlabki davrda Iso izdoshlari o‘zlarini xristianlar va ta’limotini Xristianlik deb atamaganlar. Bu nom dastlab ularga qarshi tomondan haqorat sifatida qo‘llanilgan.
Iso nomiga qo‘shiluvchi “Masih” so‘zi qadimiy yahudiy tili – ivritdagi meshiax so‘zidan olingan bo‘lib, «silangan» yoki «siylangan» ma’nolarini beradi. Yunon tilida bu so‘z «xristos» shakliga ega. Bu dinning «xristianlik» yoki «masihiylik» deb atalishi ham shu so‘zlar bilan bog‘liq. Bundan tashqari xristianlikni Iso Masihning tug‘ilgan qishlog‘i – «Nazaret» bilan bog‘lab, nazroniya deb ham ataganlar. Keyinchalik bu nom nasroniya shaklini olgan.
Xristianlikning vujudga kelishi va shakllanish davri va davlat mafkurasiga aylanishi.
Xristianlik milodning I asrida rim imperiyasining tarkibida bo‘lgan Falastinda paydo bo‘ldi. Falastin aholisining etnik tarkibi rang barang edi. Bu yerga kelganlar o‘zlari bilan boshqa madaniyat va dinlarning unsurlarini ham olib kelardilar. Siyosiy mustaqillikning tugashini Falastin aholisining bir qismi fojea sifatida qabul qildi. Mahalliy an’analar va diniy qadriyatlarni inkor etadigan ajnabiy xukmronlikdan norozilik, Rimga qarshi qo‘zg‘olonlarning bostirilishidan vujudga kelgan umidsizlik, ijtimoiy va mulkiy tabaqalanishning o‘sib borishi, ichki ziddiyatlarning kuchayishi, ishonchsizlik, loqaydlik va mistik kayfiyatlarni keltirib chiqardi. Milodiy I asriga kelib, Falastinda dinni targ‘ibot qiluvchi sayyohlar ko‘paya boshladi. Ular yahudiy qavmi shohiga aylanuvchi va ularni zulmdan ozod qiluvchi xaloskor Masihning kelishini bashorat qila boshladilar.
Umuman, olganda Falastinda sodir bo‘layotgan jarayonlar Rim imperiyasining boshqa hududlaridagi jarayonlarga ham monand edi. Milodning I asrida bu imperiya ellin olamini deyarli hamma qismini o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Milliy davlatlar o‘rnida rang barang etnik tarkibdan iborat bo‘lgan yirik imperiya shakllandi. Buning natijasida kishilarda davlat qudrati oldida ojizlik, himoyasizlik hissiyoti vujudga keldi. Bu jarayonlarning hammasi inqiroz vaziyatidan chiqish, yovuzlik olamidan xalos bo‘lish extiyojini tug‘dirdi. Shuning uchun jodugarlik, folbinlik, suriya-fors, boshqa sharqiy dinlarning mistik amalmyotiga qiziqish ortib bordi. Norozilikning shakli sifatida xristianlik kuchli g‘oyaviy oqimga aylandi. Hech qanday kuch uning rivojlanishiga to‘siq bo‘la olmadi. Xristianlik, umidsizlika tushgan kishilarga zulmdan, asoratdan qutilish umidini berdi. Xristianlik olamni qayta qurishga chaqirib, huquqsiz va asoratga tushganlarning manfaatlarini ifoda etardi. Qulga taskin berib, insonga e’tiqod orqali ozodlikka erishish mumkinligiga umid uyg‘otdi.Xristianlik yahudiylik g‘oyalarini o‘zlashtirib, ularni yangi mazmun bilan boyitdi.
Xristianlik paydo bo‘lganidan boshlab uning asoschisi Iso masih haqidagi rivoyatlar juda ko‘p shubha va munozaralarga sabab bo‘ldi, va bu ikki mifologik va tarixiy maktablarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Mifologik maktab vakillarining nuqtai nazaricha, fan Iso Masihning tarixiy shaxs ekanligini to‘g‘risida aniq dalillarga ega emas. Tarixiy maktab vakillari Iso masihni muayyan shaxs sifatida ta’rif etib, u yangi dinning targ‘ibotchisi sifatida bir qancha umumiy g‘oyalarni ishlab chiqqan, deb hisoblaydilar.
Iso Masih yahudiylikni isloh qilish va uni turli xurofotlardan tozalash g‘oyasi bilan chiqib, xristian diniga asos soldi. Yahudiylar uni va uning izdoshlarini Falastindan quvg‘in qildilar. Isoni 33 yoshida fitnachilikda ayblab, qatl etishga hukm qildilar.
Iso Masih o‘z ta’limotini o‘zining 12 o‘quvchisi apostollar – havoriylarga o‘rgatdi. Ular esa Isoning vafotidan keyin ustozlarining ta’limotlarini har birlari alohida-alohida tarzda kitob shakliga keltirdilar. Bu kitoblar Bibliyaning «Yangi Ahd» qismini tashkil etadi.