Islomda imon masalasi. Imom Moturidiy, imom Tahoviy, Abul Muin Nasafiy va boshqa olimlar tomonidan yozilgan asarlarda «imon» masalasi alohida o‘rganilgan, chunki u kalom ilmining eng nozik va asosiy mavzularidan biri hisoblanadi. Chunki imon islomning birinchi sharti hisoblanadi. Imonga berilgan ta’rif orqali bandaning xatti-harakati xususida hukm chiqarilgan. Islomda adashgan ekstremistik, terroristik va aqidaviy oqimlarning aksariyati imon masalasida xatoga yo‘l qo‘yib, o‘z shubhalarini keng xalq ommasi orasida yoyishga harakat qiladilar.
Yuqorida keltirilgan olimlar aqida mavzusini to‘rt qismga ajratib o‘rganganlar: ilohiyot, nubuvvat, kavniyot va sam’iyot. «Ilohiyot» iloh va Unga oid masalalar haqida bahs yuritadi. «Nubuvvat»da vahiy, payg‘ambarlik va ularga tegishli masalalar, kavniyotda esa, borliqdagi mavjudotlar – inson, farishta, jin va sababiyat qonunlari haqida bahs yuritiladi. Sam’iyot eshitish bilangina sobit bo‘ladigan aqidalar haqida bahs yuritadi. Bular asosan g‘ayb olamiga tegishli masalalar bo‘lgani uchun bu turni «g‘aybiyot» ham deyiladi. Islom besh asosga qurilgan. Ular: imon, namoz, zakot, ro‘za va haj. Bular islomning rukni (farz) hisoblanadi. «Imon» so‘zi ishonmoq, tasdiqlamoq ma’nolarini bildirib, istilohda, kalimai shahodatni aytish, ya’ni «La ilaha illalohu Muhammadun Rasululloh» («Allohdan boshqa iloh yo‘q, Muhammad uning rasuli»)ni til bilan aytish va dil bilan tasdiqlashdir. Buni chin dildan aytgan kishi musulmon hisoblanadi.
Abu Mansur Moturidiyning fikricha, insonning qalbida imon xuddi osmonda oy yagona bo‘lgani kabi yagona bo‘ladi. Agarda u kamaysa, yarimta, ko‘paysa bir yarim yoki ikkita bo‘lishi kerak. Bu esa haqiqatga ziddir. Imonning faqat qalbdagi nuri yaxshi amallar sababli yorug‘lashishi va imonning nuri xiralashishiga olib keladi.
Hadislarda imonning yetti sharti mavjudligi qayd etilgan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
Allohning borligi va birligi, Qur’on va hadislarda bayon qilingan barcha ism va sifatlariga ishonish, uning barcha buyruqlarini qabul qilish va barcha qaytariqlaridan tiyilish.
Tarixda ulamolar Allohning borligi haqida alohida to‘xtalib, dalil keltirmaganlar. Zero, u davrlarda Xudoning borligiga shubha bo‘lmagan va unga barcha ishongan (ya’ni, xudo yo‘q degan tasavvur bo‘lmagan). Ammo keyingi davrlarga kelib Xudoning borligiga ishonmaydiganlar chiqqandan keyin olimlar bu mavzuni ham aqida kitoblariga kiritganlar va u aqidaning bosh mavzusiga aylangan. Chunonchi Allohning borligiga imon keltirmagan kishiga aqida mavzusini tushuntirishning foydasi yo‘q.
Qur’onda: «Yoki ular hech narsadan (ya’ni, Yaratuvchisiz) yaralib qolganmilar?! Yoki ular o‘zlari yaratuvchimilar?! Yoki osmonlar va Yerni ham ular yaratganmi?! Yo‘q! Ular (baribir) imon keltirmaslar» (Tur, 35-36), deyilgan va Xudoning borligiga ishonmaydiganlarga dunyo o‘zidan-o‘zi yaralib qolishi mumkin emasligi aytilgan. Aqida ilmida Allohning yagonaligi masalasi alohida ahamiyatga molik mavzulardan biridir. Buni «tavhid» deyiladi. Tavhid lug‘atda biror narsaga birlik va yagonalikni nisbat berishdir. Istilohiy ma’noda Allohga shirk keltirishning turli shakllaridan voz kechish, Allohning zotida, sifatida, ishlarida, ismlarida, hukmlarida ham sherigi yo‘q deb, e’tiqod qilishga aytiladi. Allohning sherigi yo‘qligi borasida Qur’on oyatlari va hadislarda ko‘plab misollar mavjud. Bu oyatlarda Allohning sherigi bo‘lganida koinotdagi tartib buzilib ketishi ko‘rsatilgan. Jumladan: «Agar ikkisi (Yer va osmon)da Allohdan o‘zga ilohlar bo‘lganida, har ikkisi buzilib ketgan bo‘lur edi. Bas, Arsh egasi bo‘lmish Alloh ular sifatlayotgan (sheriklardan) pokdir» (Anbiyo, 22), «Alloh farzand tutgan emas va U bilan birga biror iloh ham bo‘lgan emasdir. Aks holda, har bir iloh o‘zi yaratgan narsa bilan (kibrga) ketib, bir-biridan ustun bo‘lib olur edi (natijada Yeru osmon buzilib ketgan bo‘lur edi). Alloh ular vasf etayotgan narsadan pokdir» (Mu’minun, 91) oyatlarini keltirish mumkin.
Islom dinida Allohga ishongan kishi uning ismi va sifatlariga ham imon keltirish shart qilib qo‘yiladi. Qur’onda: «Allohning chiroyli ismlari bordir. Uni o‘sha (ism)lar bilan atangiz!» (A’rof, 180), «Uning go‘zal ismlari bordir» (Hashr, 24) deyilgan. Bu ism va sifatlar orqali Alloh haqida bilimlarga ega bo‘linadi. Barcha ulamolarning fikriga ko‘ra, Alloh ismlarini o‘rganishdan maqsad Unga loyiq bo‘lmagan sifatlarni bermaslikdir. Shuningdek, «Allohning to‘qson to‘qqizta ismi bor»ligi haqidagi hadisni muhaddislar rivoyat qilganlar. Imom Abu Hanifa o‘zining «al-Fiqh al-akbar» asarida Alloh haqida shunday degan: «U o‘zi yaratgan narsalardan birortasiga o‘xshamas. Unga ham biror narsa o‘xshash emas. O‘zining zotiy va fe’liy sifatlari bilan azaldan bor bo‘lgan va abadiy bor bo‘lur. Zotiy sifatlari – hayot, qudrat, ilm, kalom, eshitish, ko‘rish, iroda. Fe’liy sifatlari – xalq etish, yasash va boshqa shu mazmunga dalolat qiluvchi sifatlar. U o‘zining barcha ism va sifatlari bilan birgalikda doim bo‘lgan va abadiy bo‘lajak. Unga biror ism yoki sifat keyin qo‘shilib qolgan emas».
Boshqa bir o‘rinda: «Qur’onda O‘zi zikr etganidek, Allohning qo‘li, yuzi, nafsi (O‘zi) bor deb bilamiz. Bular Uning sifatlaridan, lekin qanday, qanaqa deyilmas. Hatto, qo‘li-qudrati yoki ne’mati ham deb ta’vil etilmas. Aks holda uning bir sifatini yo‘qqa chiqarilgan bo‘lur. Bu esa qadariylar va mo‘taziliylar so‘zidir. Biz aytamizki, qo‘li o‘ziga xos, kayfiyatsiz sifatdir. Shuningdek, Uning g‘azabi va rizosi ham o‘ziga xos kayfiyatsiz sifatlaridandir», deyilgan. Islom ta’limotiga ko‘ra, Allohning ismi va sifatlarini boshqa biror maxluqotga o‘xshatish mumkin emas. Uning holati, kayfiyati, surati haqida bahs qilinmaydi, ya’ni Alloh ko‘radi, eshitadi, biroq biz insonlar va boshqa maxluqotlar kabi emas, balki u haqda bahs yuritish bid’at hisoblanadi.
Musulmon kishi farishtalarga ham ishonishi lozim. Farishta arab tilida «malak», ko‘pligi «maloika» deyiladi. Ularga ishonmagan musulmon hisoblanmaydi. Qur’onda: «(Ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg‘ambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi» (Baqara, 285) deyilganidan farishtalarga ishonish imonning asoslaridan biri deb qaraladi.
Farishtalar nurdan yaratilgan, nurning tezligi juda kuchli bo‘lganidan farishtalar ko‘zga ko‘rinmaydi. Farishtalar sonini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi, ular Allohning buyrug‘idan chiqmay doimo o‘zlariga buyurilganini bajaradigan xos bandalar hisoblanadi. Ular Allohning barcha maxluqotlaridagi elchilar deyish mumkin. Xudoning huzuridan ishni olamga olib tushib, o‘shaning tadbirini qiladilar. Ularning jinsi yo‘q. Xohlagan qiyofaga kira oladilar. Oyatda: «Biz unga ruhimiz (ya’ni Jabroil)ni yubordik. Bas, u (Maryamga) chin odam bo‘lib ko‘rindi» (Maryam, 17).
Qur’on va sunnatda farishtalarning muayyan vazifalari borligi haqida ma’lumot berilgan. Masalan, tog‘larga, yomg‘irga, bulutga, quyoshga, oyga, ekinga va hatto ona qornidagi bachadonga vakil qilingan farishtalar toifasi bor. Shu bilan birga insonga vakil qilingan farishtalar har bir bandaning qilgan ishlarini yozib boradilar. Oxirat ishlariga ham vakil qilingan farishtalar mavjud: o‘limga, qabrdagi savol-javobga, jannatga, do‘zaxga va hokazo. Masalan: «Birortalaringizga o‘lim kelgan paytda, uni elchi (farishta)larimiz erinmay (o‘z vaqtida) vafot ettirurlar» (An’om, 61), «Biz faqat farishtalarni do‘zax egalari (qo‘riqchilari) qildik va Biz faqat kufrga ketgan kimsalarni sinash uchun ularning sanog‘ini (o‘n to‘qqizta) qildik... Parvardigoringizning qo‘shinlarini (farishtalarning adadi va sifatlarini) Uning o‘zigina bilur» (Muddassir, 31), «Farishtalar esa (osmon) atrofida (Allohning amriga muntazir bo‘lib) tururlar. Ularning ustida Rabbingiz Arshini u kunda sakkiz (farishta) ko‘tarib turur» (Hoqqa, 17). Farishtalarning aniq ko‘rinishlari haqida ma’lumotlar manbalarda berilmagan. Faqat ba’zi jihatlari aytilgan, jumladan: «...farishtalarni ikki, uch, to‘rt qanotli elchilar qiluvchi...» (Fotir, 1). Farishtalardan to‘rttasi: Jabroil, Mikoil, Isrofil va Azroil bosh farishtalar hisoblanadi.
Ilohiy kitoblarga imon keltirish. Alloh tarafidan payg‘ambarlariga kitoblar tushirilganiga imon keltirish. Buni «... kitoblariga va payg‘ambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi» (Baqara, 285) oyatidan bilish mumkin. Shu bilan birga bu kitoblarga umumiy imon keltiriladi. Ammo ularning adadi va ismlari haqida aniq ma’lumot mavjud emas. Muhammad payg‘ambarga (alayhis-salom) Qur’on nozil qilinganidek, boshqa payg‘ambarlarga ham kitob tushirilgan. Ulardan manbalarda zikr qilib o‘tilganlari quyidagilardir: Ibrohim payg‘ambarga «Sahifalar», bu haqda Qur’onda «Ibrohim va Muso sahifalarida (ham) bordir» (A’lo, 19) deyilgan. Bir hadisda «Abu Zarr: Ey Allohning Rasuli, Ibrohimning sahifalarida nima bo‘lgan?» deb savol berganda, Payg‘ambar (alayhis-salom): «Barchasi zarbulmasal bo‘lgan...» dedilar. Bu hadisdan uning mavzusi qanday bo‘lganini bilish mumkin. Olimlar uni ma’lum varaqlardan iborat ekani va kitob holiga yetmaganini aytganlar. Keyingisi «Tavrot» bo‘lib, u Muso payg‘ambarga, «Zabur» Dovud payg‘ambarga berilgan. Iso payg‘ambarga «Injil» nozil qilingan. Islom ta’limotiga ko‘ra Muhammad payg‘ambarga (alayhis-salom) «Qur’on» nozil qilingan. Shuningdek, biror payg‘ambarga kitob nozil qilinsa, u o‘zidan avvalgi shariatni o‘zgartirgan yoki butunlay yangi qarashlarni olib kelgan deb hisoblangan.
Payg‘ambarlarga imon keltirish. Islom dini ta’limotiga ko‘ra Allohning insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish uchun yuborgan payg‘ambarlariga imon keltirish vojib hisoblanadi. «...Payg‘ambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi» (Baqara, 285). Shuning uchun ularning barchasiga birdek ishonish shart qilib qo‘yilgan. Ulardan birini inkor qilish barchasini inkor qilish bilan barobar. Alloh taolo Odam (alayhis-salom)dan boshlab. Muhammad payg‘ambar (alayhis-salom) gacha bo‘lgan oraliqda payg‘ambarlar yuborgan. Ularning soni, hadis asosida bir yuz yigirma to‘rt ming nafar deyiladi. Faqat yigirma besh nafar payg‘ambarning nomi Qur’onda zikr qilingan. Payg‘ambarlar nabiy va rasul degan ikki qismga bo‘linadi.
Nabiy va rasul orasidagi farq: 1. Alloh kimga vahiy yuborib, shu xabarni boshqalarga yetkazishni buyursa, o‘sha odam nabiy va rasuldir. Ammo uni boshqalarga yetkazish shart qilib qo‘yilmasa, nabiy hisoblanadi, rasul emas; 2. Rasul yangi shariatni olib keladi. Nabiy esa, yangi shariat bilan kelmaydi. Balki, o‘zi oldingi shariatga amal qiladi va boshqalarni shunga amal qilishga da’vat qiladi; 3. Rasul umumiy bo‘lib, farishtalarga ham, insonga ham qo‘llanadi. Qur’onda: «Albatta, u (Qur’on) bir ulug‘ rasul (Jabroil Alloh huzuridan keltirgan vahiy) so‘zidir» (Takvir, 19). Bu oyatda farishta Jabroil nazarda tutilgan.
Umuman olganda, payg‘ambarlar ham inson bo‘lib, ular boshqalarni Allohning ko‘rsatmasiga amal qilishga chaqirish uchun kelganlar. Ular orasida rasullar 313 nafarni tashkil etadi. Payg‘ambarlar Allohning buyruq va qaytariqlarini bajarib, boshqa odamlarga namuna bo‘lganlar. Ular taom yeb, suv ichib, tirikchilik qilib bozorlarda yurganlar. Payg‘ambarlarni oddiy kishilardan ajratib turadigan birgina sifatlari ma’siyat qilish, shahvatlarga berilish, insoniylikka zarar yetkazadigan va insoniy qadrni ketkazadigan yomon illatlardan saqlanganlaridir. Ular turlicha mo‘jiza ko‘rsatib, payg‘ambarliklarini tasdiqlaganlar. Iso payg‘ambar bemorni davolagan, Muso payg‘ambar dengizni ikkiga bo‘lgan, Muhammad payg‘ambar (alayhis-salom) qo‘l ishorasi bilan oyni ikkiga bo‘lganlari va boshqa mo‘jizalarini misol qilib keltirish mumkin. Payg‘ambarlarning ko‘rsatgani mo‘jiza bo‘lsa, avliyolarning ko‘rsatgani karomat bo‘ladi.
Oxirat kuniga ishonish ham imonning bir qismi hisoblanadi. Islom ta’limoti bo‘yicha bu dunyo sinov-imtihon maydonidir. Alloh qiyomatda barcha yaratgan maxluqlari jonini oladi va qayta tiriltiradi insonlar qilgan ishlariga javob beradilar. Agar u yaxshi amallarni qilgan bo‘lsa mukofotini, yomon amallarni qilgan bo‘lsa jazosini oladilar va ularning bu dunyoda qilib o‘tgan barcha amallari o‘zlariga ko‘rsatiladi va tarozuda tortiladi.
Inson boshiga tushadigan yaxshilik yoki yomonlik Alloh tarafidan bo‘lishiga – taqdirga imon keltirish. Batafsil qilib aytganda, taqdir – insonga keladigan barcha yaxshilik va yomonlik, borliqdagi har bir hodisa va voqealar yoki oxiratda bo‘ladigan hamma ish Allohning taqdiri, ilmi, irodasi va belgilab qo‘ygani bo‘yicha sodir bo‘lishiga imon keltirish hisoblanadi. Xursandchilik va xafalik, hayot va o‘lim, boylik va kambag‘allik, kasallik va sog‘lomlik va boshqalar Allohdan deb bilish shart. Taqdirni Allohdan boshqa hech kim bilmaydi, hatto payg‘ambarlar ham va farishtalar ham bu sirdan xabardor emas. Manbalarda qadar masalasida chuqur ketib bahs-munozara yuritishdan qaytarilgan. Oqimlarning aksari bu masalada adashgan. Taqdirda baxtli deb yozib qo‘yilgan kishi baxtlidir. Shuningdek, taqdirda baxtsiz yoki badbaxt deb yozib qo‘yilgan kishi baxtsizdir. Bir oyatda: «U (Alloh) o‘zi qiladigan biror narsa haqida javobgar emas, balki ular (Allohning oldida bandalar) javobgardirlar» (Anbiyo, 23), deyiladi.
Shuningdek, aqidaga oid asarlarda Alloh qiyomatgacha nima bo‘lishini bilishi, agar ularni bilmasa, Uning komil sifati nuqsonli bo‘lib qolishi va mazkur ilohiy ilm «qazoi-qadar» deb atalishi keltirilgan. Allohning hamma ishlarning kelajakda qandoq bo‘lishini azaldan bilishi qazo deb nomlangan. Qadar deb ana shu ishlar Allohning azaliy ilmiga muvofiq vujudga kelishiga aytiladi. Qazo va qadarning ma’nosi bandalarning kelajakda bo‘ladigan ishlarini Alloh tomonidan oldindan bilib turilishidir. Qazo va qadarni noto‘g‘ri tushunish oqibatida qadariy, jabariy va boshqa oqimlar paydo bo‘lgan.
O‘lgandan keyin qayta tirilishga ishonish ham imon shartlaridan biri bo‘lib, unga ko‘ra qiyomat kuni bo‘lganda, barcha insonlar qayta tirilib, mahshargohga yig‘iladi. Yaxshi amal qilib o‘tganlarning mukofoti (jannat), yomon amal qilganlarning jazosi (do‘zax) mavjud. Bandaning barcha ishlari hisob-kitob qilinib Allohning huzurida ko‘riladi. Har bir kishining qilgan ishlari kitobi – nomai a’moli o‘qiladi. Yaxshi amallar va yomon ishlar hammasi o‘lchanadi. Bu borada Qur’on oyatlari va hadislarda misollar ko‘p. Masalan: «Ular: «Holimizga voy! Kim bizlarni uxlayotgan joyimizdan uyg‘otdi?» – deganlarida, (ularga aytilur): «Mana shu Rahmon va’da qilgan va payg‘ambarlar so‘zlagan rost narsa (qiyomat)dir» (Yosin, 52).
Insonlar hisob-kitob qilinadigan kunni «qiyomat» deb ataladi va u «tik turish» ma’nosini bildiradi. Barcha qabridan tik turib tirilishiga shu nom berilgan. Qiyomat – hisob kuni, oxirat kuni, mahshar kuni kabi bir qancha nomlar bilan yuritiladi. Manbalarda qiyomatning qachon bo‘lishi masalasi aniq aytilmagan. Islom ta’limoti bo‘yicha uning qachon sodir bo‘lishini Allohdan boshqa hech kim, hatto payg‘ambar va farishtalar ham bilmaydi. Faqat kitoblarda uning ba’zi bir alomatlari haqida ma’lumotlar mavjud. Islom ta’limotiga ko‘ra qiyomatda insonlar savol-javobdan o‘tadigan joy – mahsharga yig‘iladilar. Mahsharda savol-javobdan keyin insonlarga do‘zax ustidagi sirot degan ko‘prikdan o‘tishlari kitoblarda aytilgan. Qiyomatdan o‘tgan inson jannat (bog‘, bo‘ston) yoki do‘zaxdagi joyiga yetib boradi. Alloh jannatni ham, do‘zaxni ham yaratib qo‘ygan. Ular inson yetib boradigan so‘ngi manzil hisoblanadi. Diniy aqida bo‘yicha, jannat imon keltirgan, taqvodor, yaxshi insonlar uchun tayyorlab qo‘yilgan. Ular u yerda rohat va farog‘atda yashaydilar. Qiyinchilik, kasal, qarilik va o‘lim yo‘q. Istagan narsalari muhayyo bo‘ladi. Bularning barchasi bu dunyoda qilib o‘tgan amallari tufayli beriladi. U yerdagi noz-ne’matlar tugamaydi, insonlardan to‘silmaydi. Jannatdagi eng oliy ne’mat, bu Allohning diydorini ko‘rishlik hisoblanadi. Do‘zax esa, jannatning aksi kofir, munofiq va gunohkor – diniy majburiyatlarni bajarmaganlar uchun tayyorlab qo‘yilgan va ularga turli azoblar, qiynoqlar beriladigan jazolash joyi. U yerda azob uchun olov, qaynab turgan buloq mavjud. Yeb-ichadigan narsalari ham ularni azoblash uchun hozirlab qo‘yilgan. U bir necha tabaqa chuqurlikdan iborat, odamlar gunohlari darajasiga qarab jazolanadilar. Jannatdagi rohatlar va do‘zaxdagi azob-uqubatlar ham jasad va ham ruh uchun bo‘ladi. Qiyomat, jannat va do‘zaxning vasfi haqida Qur’onning ko‘p oyatlarida ma’lumotlar berilgan.