2. Xoja Ahmad Yassaviy (1041-1167) qarashlari XII asrda Markaziy Osiyoda paydo bo‘lgan ilk tasavvufiy tariqatning asoschisi Xoja Ahmad Yassaviy 1041 yilda Sayramda, Shayx Ibrohim oilasida dunyoga kelgan. Uning vafot etgan vaqti ko‘pgina qo‘lyozma manbalarda hijriy 562 (1166/67) yil deb yozilgan. Ahmad yoshligida onasidan, so‘ng otasidan ajraladi. Uni bobosi Arslonbob tarbiyalab voyaga yetkazadi. Ahmad dastlabki ta’limotini Yassida mashhur olim Shahobiddin Isfijobiydan oladi. So‘ngra bobosi Arslonbob ko‘rsatmasi bilan Buxoroga borib Yusuf Hamadoniydan ta’lim oladi. Ahmad Yassaviyning o‘zi “Ustoz Yusuf Hamadoniyning huzuriga 23 yoshida borganini va ul Hazratning tarbiyasiga noil bo‘lg‘onligini” aytadi . U yerda tasavvufdan ta’lim olib, so‘ng o‘z yurti Turkistonga qaytadi, tasavvuf ta’limotini targ‘ib etib, shogird, muridlar tayyorlay boshlaydi.
Yassaviy madaniyatimiz tarixida ilk turkiyzabon mutasavvuf shoir sifatida ma’lumdir. Uning tasavvufni targ‘ib etuvchi turkiyda yozilgan she’rlari tilining xalqqa yaqinligi, ohangdorligi bilan tezda mashhur bo‘lib ketdi.
Alisher Navoiy iborasi bilan aytganda, “Turkiston mulkining ulug‘ Shayx-ul-mashoyixi” Hazrati Xoja Ahmad Yassaviy juda ko‘p mutasavvuf donishmandlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Ma’lumki, “Yassaviya” tariqatidan keyin Markaziy Osiyoda ikki yirik tariqat paydo bo‘ladi: “Naqshbandiya” (Xo‘jagon) va “Bektoshiya”10.
XVI asrda yashagan yirik tasavvuf namoyandasi bo‘lgan Mahdumi A’zam o‘zining “Risolayi ilmiya” (“Ilmiy risola”) asarida ta’kidlashicha, Yassaviya tariqatining shiori “Niyating xudoda, qo‘ling ishda bo‘lsin” iborasi edi. Keyinchalik ko‘ramizki, bu iboraning forscha tarjimasi bo‘lgan “Dil bayor, dast ba kor” Naqshbandiya tariqatining asosiy shioriga aylangan.
Tasavvufdagi barcha yirik tariqatlarda bo‘lganidek, “yassaviya” tariqatining ham o‘ziga xos muayyan qoidalari (odobi) bo‘lib, bu ta’limotdagi soliklar quyidagi qoidalarga amal qilishlari shart bo‘lgan: 1) Murid hech kimsani o‘z piridan afzal ko‘rmasligi, unga doimo taslimiyat izhor qilmog‘i lozim; 2) Murid shunchalik zukko va idrokli bo‘lishi kerakki, to o‘z shayxining rumuz va ishoralarini mukammal anglay olsin; 3) Shayxning barcha aqvoli (so‘zlari) va af’oli (ishlari)ga murid sodiq bo‘lib, unga mutlaqo mute va mu’taqid bo‘lmog‘i lozim; 4) Murid o‘z murshidi (piri)ning barcha topshiriqlarini chustu cholok¬lik (chaqqonlik) ila sidqidildan bajarib, uni hamisha rozi qilib yurmog‘i zarur. Chunki rizoi Alloh uning (ya’ni Shayhning) zimnidadir; 5) Murid o‘z so‘ziga sodiq, va’dasiga rosix bo‘lib, murshidi ko‘nglida hech qanday shaku shubha tug‘dirmasligi zarur; 6) Murid o‘z va’dasida vafodor, so‘zida ustuvor turmog‘i lozim; 7) Murid o‘z ixtiyoridagi barcha mol-mulkini, butun boru yo‘g‘ini o‘z shayxiga nisor etmoq uchun doimo tayyor turmog‘i lozim; 8) Murid o‘z murshidining barcha sir-asroridan ogoh bo‘lib, uning ifshosini (oshkor qilishni) hech vaqt xayoliga keltirmasligi kerak; 9) Murid o‘z shayxining barcha takliflarini nazarda tutib, uning mushkilotini oson qilmog‘i, pandu nasihatlarini bajo keltirmog‘i shart; 10) Murid xudo visoli uchun o‘z shayxi yo‘lida butun molu jonini nisor etmoqqa tayyor turishi, uning do‘stiga do‘st, dushmaniga dushman bo‘lib yashamog‘i shart.
“Yassaviya” tariqatining barcha aqidalari Ahmad Yassaviyning asosiy asari bo‘lmish “Hikmat”da mufassal bayon etilgan. XII asrdagi turkiyzabon she’riyatining ajoyib namunasi bo‘lgan, keyingi davrlardagi turkiy adabiyotga katta ta’sir ko‘rsatgan “Hikmat” asarida “Yassaviya” ta’limotidagi poklik, halollik, to‘g‘rilik, mehr-shafqat, o‘z qo‘l kuchi, peshona teri va halol mehnati bilan kun kechirish, Alloh taolo visoliga yetishish yo‘lida Insonni botinan va zohiran har tomonlama takomillashtirish kabi ilg‘or umuminsoniy qadriyatlar ifoda etilgan.
Bag‘dodda 922 yilning 22 mart kuni shayxlar va mutaassib ulamolar tomonidan xudosizlikda ayblanib dorga osilgan, so‘ngra qo‘l-oyoqlari kesilib, tanasi kuydirilib, daryoga tashlangan mashhur mutasavvuf Mansur Halloj (858-922)ni Yassaviy bir talay she’rlarida chuqur hurmat bilan tilga oladi, dovyurak va jasur mutasavvufga katta rag‘bat ko‘rsatadi:
“Bilmadilar mullolar “Anal-haq”ning ma’nosin,
Qol ahliga hol ilmin Haq ko‘rmadi munosib.
Rivoyatlar bitildi, holin ani bilmadi,
Mansurdek avliyoni qo‘ydilar dorga osib.
Shariatdur, deb olimlar buyurdilar,
Kofir Mansur o‘lmadi, deb kuydurdilar.
Axgar qilib kulin ko‘kka sovurdilar,
Tog‘u tuzlar “Anal-haq”, deb turar ermish” .
Yassaviy ham o‘zining piri buzrukvori shayx Yusuf Hamadoniyga o‘xshab mol-dunyo to‘plashga mutlaqo qiziqmaganini, kambag‘alparvar va g‘aribparvar bo‘lib yashaganligini uning ba’zi bir hikmatlaridan ham bilsa bo‘ladi. Mol-dunyoga , boylikka va davlat orttirishga mukkasidan ketgan, xasis va ochofat kishilarni Yassaviy qattiq tanqid qiladi:
Beshak biling bu dunyo barcha xalqdan o‘taro,
Ishonmag‘il molingga, bir kun qo‘ldan ketaro,
Oto, ono, qarindosh qayon ketdi, fikr qil,
To‘rt oyoqlik cho‘bin ot bir kun sango yetaro.
Darhaqiqat, Xoja Ahmad Yassaviy Markaziy Osiyodagi ilk tasavvufiy tariqat – “Yassaviya”ning asoschisi, nafaqat Xuroson va Movarounnahr, balki turkiyzabon xalqlarning ma’naviy tarixida keng ma’lum bo‘lgan, mutasavvuf, insonparvar shoir hisoblanadi.