Samarqand davlat chet tillar instituti



Yüklə 2,66 Mb.
səhifə13/139
tarix28.11.2023
ölçüsü2,66 Mb.
#167183
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   139
Majmua 2023 yangi

Ijtimoiy tuzum. Xorazm davlatining aholisi va ularning turli qatlamlari haqida Muhammad Bag’dodiyning kitobida ma’lumotlar beriladi:
1.Sayyidlar-payg’ambar avlodlari sanalib, xorazmshohlar ularni muborak nasab vakillari sifatida hurmat qilganlar hamda ularni hech narsaga muhtoj qilmaslikka intilganlar.
2.Imomlar va olimlar-davlat ishlarida bunday shaxslarning maslahatlari va ko’rsatmalariga amal qilingan. Ijtimoiy hayotda ularning mavqei ancha ustun bo’lgan.
3.Qozilar va hokimlar-qonunlar chiqarganlar, shariatning aholi ustidan nazoratini amalga oshirganlar.
4.Tasavvuf vakillari-islomda noortodoksal oqim vakillari bo’lib, faqirona hayot kechirganlar. Ular orasidan donishmandlar, mashoyixlar chiqqan va so’fiylarning aksariyati xalq tomonidan e’zozlangan. Hukmdorlar bunday shaxslarni hurmat qilganlar va ko’pincha ulardan duo tilagini so’raganlar.
5. Oqsoqollar-qishloq, kasaba, urug’-qabila boshliqlari.
6. Amaldorlar va sipohiylar.Xorazmshohlarning joylardagi noiblari qo’li ostidagi xizmatdagi shaxslar.
7. G’oziylar-islom dini uchun kurashuvchi kishilar.
Mamlakat mehnatkashlarining qatlami va shuningdek, martabalar o’rtasidagi farqlar somoniylar davlatidagi singari edi.
Xorazmshohlar davrida ham qoraxoniylar davridagidek mulklar iqta tariqasida in’om etilgan. Masalan, xorazmshoh Takesh (1172-1200) Naso viloyatini To’g’onshoh g’uzga iqta tariqasida beradi. Yorliqda xorazmshohlar davridagi quyidagi ijtimoiy guruhlar tilga olinadi, mazkur hududda yashovchi ruhoniylar, g’oziylar, ulamo, davlatmandlar, hakimlar, sarkardalar, zamindorlarning To’g’onshoh g’uzga tobe bo’lishlari ta’kidlanadi. U shixna-qishloq va muzofot hokimi, mutasarruf-moliya va xiroj ishlari ma’murlari, mirob-suv taqsimoti bilan shug’ullanuvchi, Omil-xiroj yig’uvchi ekanligi ko’rsatiladi. Hujjatda barzgardan ortiqcha xiroj olish xoliq va xalq oldida nomaqbul hisoblanib, o’sha nohiyadagi ayollar nomusi, molu mulk va aholi hayoti muhofaza etilishi ta’kidlanadi.
Xorazm tarixi va madaniyatini o‘rgangan olim S.P.Tolstov “Bu davrlardagi Xorazmning iqtisodiy parvozini nazardan o‘tkazar ekansan, bir vaqtlar buyuk feodal monarxiya bo‘lgan bu davlat qiyofasining qoldiqlari ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Bizning nigohimizda yuz ming gektarlab yerlarga obihayot bergan ulkan irrigatsiya inshootlari, Xuroson, Movarounnahr va qipchoq dashtlariga tutashib ketgan strategik va savdo yo‘llari istehkomlari, shaharlarning qaynoq hayoti, hunarmandchilik va savdo-sotiq ravnaq topgan hamda O‘rta Osiyo, Eron va Volga bo‘yi badiiy madaniyatining keyingi butun tarixiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan Xorazm uyg‘onish davrining boy ulug‘vorligi va boy ravnaqi gavdalanganday bo‘ladi ...”, - deb yozgan edi.
Saljuqiylar Xorazmni egallagach, uni noiblar orqali boshqarishni yo‘lga qo‘ygan edilar. Masalan, Malikshoh huzurida (1072-1092y) devon mahkamasining boshliqi Anushteginga Xorazmni boshqarish topshirib qo‘yilgan edi.
1112-1127 yil uning o‘g‘li qutbiddin Muhammad noibligi davrida Xorazm mustaqillik yo‘liga olib chiqildi. Uning o‘g‘li Otsiz o‘zini Xorazmshoh deb e’lon qildi va Sirdaryo bo‘yidagi turklar bilan urush olib bordi. Shimoli Sharqdagi Jandni va Manqishloq yarim orolini bosib oldi.
Otsizning nevarasi Takash (1172-1200) davrida Xorazm davlati yanada kengayib, u Sirdaryo etaklaridan to Iroqqacha cho‘zilgan edi.
XIII asr boshlariga kelib Xorazmshohlar O‘rta Osiyoda hukmronlikni to‘la o‘rnatgan edilar. Lekin bu davrga kelib feodal tarqoqlik avj olib, turli viloyatlarning beklari va amaldorlari o‘z mustaqilligi uchun to‘xtovsiz kurashlar olib bordilar. Muhammad Xorazmshoh davlati tashqaridan kuchli ko‘rinsada, aslida zaiflashib qolgan bir davlat edi.
O‘zaro feodal urushlar, xalq qo‘zqolonlari va nihoyat hukmron tabaqa ichidagi oppozitsion kuchlar ta’siri markazlashgan davlat mavqeiga putur yetkazib ichki va tashqi dushmanlar uchun qulay shart-sharoitni yaratib berdi. Xorazmshoh davlatida kechayotgan bu xildagi chuqur tanazzul mug‘ullar hukmdori Chingizxonni befarq qoldirmadi. U kata harbiy tayyorgarlik ko‘rib, Movarounnahrga qarshi istilochilik urushlarini boshladi Xuddi shu davrda O‘rta Osiyo yerlarini mo‘g‘ul bosqinchilari tomonidan bosib olinishi tasoddifiy emas edi.
XIII asr boshlarida Mo‘g‘uliston cho‘llarida Chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi tarqoq ko‘chmanchi Chorvador aholi birlashib markazlashgan feodal davlatga aylandi.
Dunyoga yagona hukmdor bo‘lish da’vosi bilan dovrug‘ solgan o‘z zamonasida ne-ne mamlakatlaru xalqlarni larzaga keltirgan, ular boshiga mislsiz kulfatlar yog‘dirgan Chingizxon (Temuchin) 1155 yilda qiyot urug‘idan bo‘lgan mo‘g‘ul ulusi urug‘laridan bahodur Yesuchay oilasida dunyoga kelgan.
Temuchinning ulug‘ xoqon sifatida mavqeini har jihatdan mustahkamlashida 1206 yilda poytaxt qoraqurumda chaqirilgan umum mo‘g‘ul qurultoyi alohida o‘rin tutdi. Bu qurultoyda Temuchin barcha mo‘g‘ul-tatar xonlarining ulug‘ xoni (qooni) deb e’lon qilindi va unga Chingizxon laqabi berildi. Chingizxon iborasi mualliflar tomonidan “kuchli”, “qudratli”, “toza” va hokazo ma’nolarda talqin qilinadi5.
Qurultoy qabul qilgan “Yaso” hujjati ulug‘ xon hokimiyatini yanada mustahkamlash, ya’ni feodal tabaqa-tarxonlar mavqeini kuchaytirish, davlatning harbiy qudratini yuksaltirishning muhim qonuniy asoslarini yaratib berdi.
Chingizxon ulug‘ xoqon deb e’lon qilingan birinchi kunning o‘zidayoq o‘zining eng yaqin kishilaridan 95 nafarini bahodur-mingboshilar etib tayinladi vabir necha ming kishi tarxonlik yorliqlari Bilan siylandi. U Ayni paytda 10 ta oliy hokimiyat lavozimlarini ta’sis etdi va 150 kishidan iborat shaxsiy gvardiya hamda 1000 nafar dovyurak jangchilardan iborat shaxsiy drujina tuzdi. Keyinchalik shaxsiy drujina tarkibi 10 ming nafarga yetkazildi.
Chingizxon o‘z markaziy hokimiyatini mustahkamlab olgach, kuchli, har tomonlama harbiy tayyorgarlik ko‘rgan jangovar armiya tuzib, qo‘shni davlatlarni birin-ketin bosib olishga kirishadi. 1206-1211 yillar davomida Sibir va Sharqiy Turkiston xalqlari (buryat, yoqut, oyrat, qirg‘izlar) bo‘ysundiriladi. Mo‘g‘ul sarkardasi Xubilay Yettisuvning Shimoliy hududlarini zabt etadi. 1211 yilda uyg‘urlar yeri istilo etilgach, Chingizxon Xitoy hududlarini bosib olishga kirishadi. 4 yil davom etgan bu istilochilik urushlari davomida Xitoyning o‘nlab shaharlari yakson etilib, uning behisob boyliklari io‘g‘ullar tomonidan talanadi. Nihoyat 1215 yilda Shimoliy Xitoy poytaxti Pekin ishg‘ol qilinadi. 1217 yilga kelib, Xuanxe daryosining Shimolidagi barcha yerlar mo‘g‘ullar qo‘l ostiga o‘tadi. 1218 yilga kelib esa Yettisuv hududining qolgan qismi ham mo‘g‘ullarga tobe bo‘ladi. Mo‘g‘ullar bosqini xavfi Xorazmshohlar davlati sarhadlariga bevosita yaqinlashadi6.
Muhammad Xorazmshoh (1200-1220) davlati bu davrga kelib har jihatdan chuqur tanazzulga yuz tutgan, siyosiy beqarorlik kuchayib, markaziy hokimiyat bilan mahalliy hukmdorlar o‘rtasidagi ixtiloflar chuqurlashib, xalq ommasining ahvoli tobora noChorlashib borayotgan edi. Oliy hokimiyat tizimida shoh bilon uning onasi Turkan xotun o‘rtasida davom etib kelayotgan chuqUr ixtilof ham Xorazm davlatining benihoya zaiflashib borayotganligidan yaqqol dalolat berardi.
Xorazmshohlar davlati xalqaro maydonda ham yakkalanib bormoqda edi. Muhammad Xorazmshohning xalifalik hokimiyatini qo‘lga kiritish borasida olib borayotgan besamar urushlari uning ko‘pchilik musulmon davlatlari tomonidan ajoalib, ularning nafratiga duchor bo‘lishga mahkum etgandi.
Chingizxon Xorazmshohlar davlati to‘g‘risida chuqur ma’lumotga ega bo‘lish uchun o‘z tasarrufidagi elchilik, josuslik xizmatlaridan ustamonlik bilan foydalandi. Bunda u Xorazmdan Mo‘g‘ulistonga qatnaydigan bmr guruh savdogarlar xizmatiga tayandi. Unga Xorazmdan Mo‘g‘ulistonga qatnaydigan bir guruh yirik savdogarlar: Mahmud Yalovoch, Hasan Xoja, Yusuf O‘troriy, Ali Xoja al-Buxoriy singarilarning josuslik xizmati Ayniqsa qo‘l keladiyu Chingizxon ular orqali Xorazm mamg‘lakatiga oid keng ma’lumotlarni olib turdi va buni o‘z siyosatida hisobga oldi.
Nihoyat, 1218 yil kuzida Chingizxon jo‘natgan, tarkibi musulmon savdogarlaridan iborat 450 kishilik boy savdo karvonining O‘trorda Xorazmshoh ishorasi bilan talanishi va yo‘q qilinishi mo‘g‘ullar uchun muhim ashyoi dalil bo‘ldiki, bu hol ikki o‘rtada yuz berishi muqarrar bo‘lgan kata urushga sabab bo‘ldi.
Mo’g’ullar bosqini arafasida Xorazmshoh Muhammad davlati o’z boshidan g’oyatda og’ir, musibatli va tang siyosiy vaziyatni kechirayotgan edi. Bu vaziyat «O’tror voqeasi»dan so’ng yana ham keskin tus oladi. Xorazmshoh Muhammad o’zi boshlagan qaltis o’yindan talvasaga tushib, boshiga urgan ilondek gangib qoladi va qimmatga tushadigan juda katta xatolarga yo’l qo’ya boshlaydi. Bu xatolarning hammasiga asosiy sababi uning o’z onasi Turkon xotun bo’ldi. Xorazm saltanatining turli urug’lardan tashkil topganligi va hokimiyatning Muhammad hamda uning onasi Turkon xotun orasida bo’linganligi, ya’ni qo’shhokimiyatchilik tashqaridan qaraganda juda qudratli bo’lib ko’ringan bu hokimiyatni amalda juda bo’shashtirib yuborgan edi.
Xorazmshoh Muhammadning qo’shinlari asosan qang’lilar, qipchoqlar va turkmanlardan tashkil topgan edi. Turkon xotun tufayli Dashti Qipchoq va Kaspiy dengizining Shimoliy hududlarida yashab yurgan va madaniy jihatdan orqada bo’lgan qabilalar Xorazmshoh Muhammad qushinida lashkarboshilik va viloyatlar hokimligi lavozimlarini egallab olgan bo’lib, ular faqat Turkon xotun buyrug’iga quloq solar edilar. U asosiy masalalarda o’zini Muhammaddan ustun qo’yar va uning ko’plab buyruqlarini bekor qilar edi. Turkon xotun o’ziga o’zi «dunyo malikasi» unvonini berib, buyruqlariga «Tinchlik va din homiysi, koinot ayollari malikasi Turkon» deb imzo chekar ekan. Xorazmshoh Muhammad islom olamida ham o’z obro’-e’tibori va puturini ketkazib bo’lgan edi. Xullas, Chingizxon bosqini arafasida Xorazmshohlar davlatida ichki vaziyat notinch va barqaror emas edi.
Chingizxon bu mamlakatining harbiy qudrati, geografik holati davlat boshqaruvidagi qarama - qarshilik va zaiflik tomonlarini o’rganib chiqadi hamda mavjud ijtimoiy-siyosiy vaziyat urush uchun nihoyatda qulay ekanini tushunib, 1218 yili navbatdagi qurultoyni chaqirgan va unda harbiy harakatlar rejasini ishlab chiqadi. 1219 yilning ko’zida Chingizxon Xorazmshoh Muhammadga qarshi urush harakatlarini boshlaydi. Bu paytda Chingizxon lashkarlarining umumiy soni 200 mingga (ba’zi manbalarda 600 000 jangchi) yaqin edi.
Chingizxonga uyg’ur xoni Ediqut va Olmaliq hukmdori Sig’noqtakin kuchlari ham qo’shiladi. Chingizxon Irtish qirg’oqlaridan to Sayhun sohillarigacha bo’lgan harakati davomida hech qanday qarshilikka duch kelmaydi. Hujumning dastlabki zarbasi O’trorga qarshi qaratiladi (1219 sentyabr-1220 yil mart). Shu yerda Chingizxon o’z lashkarlarini to’rt qismga bo’ladi va Movarounnahr va Xorazmni tezroq zabt etish maqsadida ularni to’rt yo’nalish bo’yicha yalpi hujumga tashlaydi. U o’g’illari Chig’atoy va O’qtoylarni O’tror shahrini qamal qilishga qoldiradi, va buning uchun 100 ming kishilik lashkar ajratadi. Yana bir o’g’li Jo’chini ikkinchi qism lashkarga bosh qilib, Sirdaryo etaklari tomon yuboradi va unga Sig’noq, O’zgan, Barchinlikent, Jand, Yangikent va boshqa shaharlarni bosib olishni topshiradi. Uncha katta bo’lmagan 5 ming kishilik qo’shinga Aloqno’yon va Sukatu Cho’rbiy ismli sarkardalar qo’mondon etib tayinlanadi. Ularning vazifasi Sirdaryoning o’rta sohili bo’ylab, uning yuqori oqimida joylashgan Banokat va Xo’jand shaharlarini egallashdan iborat edi. Chingizxonning o’zi kichik o’g’li Tuluxon bilan birgalikda Movarounnahrning katta qismini Muhammadning boshqa yerlaridan kesib qo’yish va qamal qilingan shaharlarga yordam yuborilishiga to’sqinlik qilish maqsadida Buxoroga yurish boshlaydi.
Muhammad Oloviddin Xorazmshoh dushmanga qarshi harbiy harakatlarni belgilash maqsadida Mashvarat (harbiy kengash) o’tkazadi. Biroq unda uning o’jarligi bilan noto’g’ri yo’lni belgilaydi. O’lkan qo’shin tor shaharlarga bo’lingan holatda jo’natiladi va janglarning boshidayoq yagona boshqariladigan qo’shin sun’iy ravishda parchalanib, tarqoq holatga tushib qoladi. Umumiy nazoratdan xalos bo’lgan bir qancha lashkarboshilar qo’l ostidagi qo’shinlari bilan dushman tomonga o’tib ketadilar. Koracha Xojib, Safiy Akra, Badriddin Amid kabi sarkardalar sotqinlik yo’liga kiradilar. Ammo oddiy xalq va o’z yerining ozodligi uchun ko’rashgan hokimlar mo’g’ullar istilosiga qarshi jiddiy ko’rashga bel bog’laydi. O’tror shahri Inalxon boshchiligida 5 oy davomida qamal holatida bosqinchilar hujumlarini daf etadilar. Ammo mo’g’ullar katta kuch safarbar etib shaharni egallagan. Inalxon qo’lga olingach Samarqandga olib borilib, qiynab o’ldiriladi. O’trorni egalagan mo’g’ullar shaharni talab vayron qiladilar.
1220 yilning fevral oyida mo’g’ullar Buxoroni qamal qilishni boshlaydilar. Shahar mudofaasiga Inanchxon O’g’ulhojib, Ixtiyoriddin Qo’shlu, Hamid Pura Qoraxitoylar boshchilik qiladi. Ularning safini mo’g’ullardan qochib kelgan uyg’ur Gurxon (Ko’kxon) ham to’ldiradi. Noteng dushmanga qarshilik ko’rsatildi. Lekin 1220 yil 16 fevralda mo’g’ullar Buxoro shahrini egalladi. Shunday bo’lsa-da, shahar hali ularga batamom taslim bo’lgan emas edi. Uyg’ur Gurxon boshchiligida 400 nafar buxorolik vatanparvarlar shahar arkiga chiqib olib yana 12 kun mobaynida tengsiz dushman kuchlariga qarshi jang qiladilar. Faqat barcha vatanparvar jangchilar kurashib jon berganlaridan so’nggina mo’g’ullar Buxoro arkini qo’lga kirita oladilar. Alamga mingan mo’g’ullar bunga javoban buxoroliklarning 30 mingini qirib tashlaydilar.Aholining qolgan qismi qullarga aylantiriladi.
1220 yil martida Samarqandga qarshi harakat boshlanadi. Qamalning beshinchi kuni shahar qozisi va Shayxulislom boshchiligida mo’g’ullarga vakillar yuboriladi. 1220 yil 16 martda Samarqand darvozalari mo’g’ullarga ochib beriladi. Shaharda ommaviy qirg’in boshlanadi. Mo’g’ullar Samarqandning bosh suv inshooti «Juyi arzis» («Qo’rg’oshin nova»)ni buzib tashlab, shahar aholisini suvsiz qoldiradilar. Namozgoh darvozasidan bostirib kirib, barcha istehkomlarni xonavayron qiladilar. Chingizxon Samarqand shahridan 30 mingga yaqin hunarmand va rassomlarni asirlikka oladi va ularni o’z farzandlari, xotinlari, qo’shin boshliqlari, qarindosh-urug’lari va yaqin kishilariga xizmatkorlikka bo’lib, hadya qilib beradi.
Samarqand jangidan so’ng Muhammad Xorazmshoh taxlikaga tushib, o’z mamlakatidan qocha boshlaydi. Avval Iroqqa, so’ng Kaspiy dengizi bo’yida joylashgan Obeskun shahri yaqinidagi Ashura oroliga borib yashirinadi. 1220 yilning dekabrida u ayanchli tarzda vafot etadi. Yozma manbalarning guvohlik berishicha, Xorazmshoh o’limi oldidan Xorazm saltanatini faqat sulton Jaloliddin saqlab qola olishiga nihoyat ko’zi yetadi, uning beliga qilich taqib, Jaloliddinni taxt vorisi va valiahd deb e’lon qiladi. Qolgan farzandlariga Jaloliddin izmidan chiqmaslikni vasiyat qiladi.
Shu o’rinda Jaloliddin Manguberdi haqida to’xtalib o’tadigan bo’lsak, uning to’liq ismi Jaloliddin ibn Alovuddin Muhammad (1198-1231) – Xorazmshohlar davlatining so’nggi hukmdori (1220-1231) edi. Onasi-Oychechak turkman kanizaklardan bo’lgan. Jaloliddin burnida xoli (mank) bo’lgani uchun Mankburni nomi bilan atalgan. Keyinchalik bu nom talaffuzda o’zgarib «Manguberdi» nomi bilan mashhur bo’lib ketgan. U voyaga yetgach, otasi uni G’azna, Bomiyon, G’ur, Bust, Takinobod, Zamindovar va Hindiston hududlarigacha bo’lgan yerlarga hokim va taxt vorisi etib tayinlagan (1215 yil). Biroq Turkon xotun va qipchoq amirlarining qatiy noroziligi sababli Qutbiddin O’zloqshoh foydasiga vorislikdan mahrum etilgan edi.
1220 yilning yozida Chingizxon Naxshab (Qarshi)ga bostirib kiradi va uni egalladi. Shu yilning kuzida esa Termizga ham qo’shin tortgan. Termiz qamalning 11 kuni qattiq hujum bilan zabt etilib, shahar xarobaga aylantiriladi. Harbiy yurishlar oqibatida Sirdaryo havzasi, Zarafshon va Qashqadaryo vodiylari, Amudaryo o’rta oqimining o’ng sohili viloyatlari ham zabt etilgan.
1221 yilning boshida Jaloliddin Manguberdi va shahzodalar Oqshoh, O’zloqshohlar bilan Ko’xna Urganch (Gurganch)ga kelib, shahar mudofaasiga kirishadi. Lekin shahardagi Qipchoq amirlari Turkon xotunning akasi Xumorteginni sulton deb e’lon qilib, Jaloliddin Manguberdiga qarshi suiqasd uyushtirmoqchi bo’ladilar. Bunday vaziyatda mudofaani tashkil etib bo’lmasligi aniq bo’lib qolgan edi. Ushbu voqealardan so’ng Jaloliddin 1221 yil 10 fevralda Xo’jand hokimi Temur Malik maslahati bo’yicha 300 nafar sinalgan suvoriylar bilan Urganchni tark etib, Xurosonga yo’l oladi. U Niso shahrigacha bo’lgan masofani 16 kunda bosib o’tadi.
Shuni ta’kidlash lozimki, mo’g’ullarga qarshi mardonavor ko’rashgan yana bir tarixiy shaxs Xo’jand shahri hokimi Temur Malik edi. U 1220 yilning aprel oyida Xo’jand mudofaasiga rahbarlik qilgan. Ma’lumotlarga ko’ra, Chingizxon Xo’jand shaharni egallashga salkam 70 ming kishini safarbar etgan. Uzoq muddatli og’ir janglardan xolsizlangan Temur Malik o’zining oxirgi odamlarini 70 ta qayiqqa joylab Sirdaryo o’zanidan Urganch yerlariga olib ketadi. U yerda uning qo’shinlari yangi taxt vorisi Jaloliddinga qo’shiladi. Urganch himoyaga tayyorlanadi. Chingizxon bu shahar istilosiga eng sara 50 ming kishilik askar kuchlarni tashlaydi. Mo’g’ullar shafqatsiz jang olib boradilar. Shahar himoyasida sabot turgan 76 yoshli Shayx Najmiddin (asl ismi - sharifi-Ahmad ibn Umar Xivakiy)ning «Yo Vatan, yo sharafli o’lim» degan g’oyasi ila har qaysi uy uchun jang olib boriladi. Urganch kurashi 7 oy davom etadi. Haligacha mo’g’ullar hech yerda bunchalik ko’p talofat ko’rmagan edi.
Xuroson hududida Jaloliddin Manguberdi Nishopur, Razna, Niso kabi shaharlar atrofida mo’g’ullarga qaxshatgich zarbalar beradi. G’azna yaqinidagi Voliyon qal’asidagi jangning o’zida mo’g’ullardan 9 mingtasi halok bo’lgandi. Ayniqsa, 1221 yilda Shimoliy Afg’onistonning Lagar daryosi bo’yidagi Parvona dashti yaqinida 30 minglik mo’g’ul qo’shini Jaloliddin tomonidan tor-mor etilganligi Chingizxonni hayratga soldi. O’zaro o’lja talashuvi arazlab qolib Sayfiddin Ig’roqdan ajralgan Jaloliddin ko’p sonli dushman oldida chekinishga majbur bo’ladi.
Endi Chingizxonning o’zi Jaloliddinga qarshi qo’shin tortadi. Fapdiz qal’asi (G’aznadan 50 km. Sharqda joylashgan) yaqinida Jaloliddin Chingizxon qo’shinining ilg’orini tor-mor keltiradi va kuchi ozligi sababli Sind (Hind) daryosi tomon chekinadi. Chingizxon qo’shini Jaloliddinni daryodan o’tishiga imkon bermay qurshab oladi.1221 yil 25 noyabrda payshanba kuni bo’lgan tengsiz jangda mag’lubiyatga uchragan Jaloliddin 4000 jangchisi bilan Sindning o’ng sohiliga suzib o’tib, cho’l ichkarisiga kirib ketdi (bu cho’l hozirda ham Cho’li Jaloliy deb ataladi). Daryo qirg’og’iga kelib, bu voqeani kuzatib turgan Chingizxon taajjub va hayratdan yoqasini barmoqlari bilan tutib: «Otadan dunyoda hali bunday o’g’il tug’ilmagan. U sahroda sher kabi g’olib jangchi, daryoda esa nahang (akula) kabi botir. Qanday qilsinki, hali hech kim taqdir bilan, hech bir mojaroda teng kelolmagan. Lekin u mardlikning dodini berdi. Qazoyi qadar qarshisida qudrat qo’lini (mardona) ochdi. Mardlik bilan undan (qazo) qutulib bo’lmaydi. Nima qilsin - qilmasin bu ulug’ Xudo ishidir», – degan edi.
1222 yildaJaloliddin Manguberdi Shimoliy Hindistonga yurish qilgan. U katta o’ljani qo’lga kiritib, shu asosda Hind yerlarida yana yangi qo’shin tuzishga muvaffaq bo’ladi. Bu qo’shin harakati tufayli 1225-1227 yillarda Iroq va Kavkazga yurish qilgan. 1227 yilning sentyabrida Isfaxon (Eron) shahri yaqinida Jaloliddin katta mo’g’ul qo’shinlarini mag’lubiyatga uchratadi.
1230 yil 10 avgustda Arzinjon yaqinidagi jangda Jaloliddin Manguberdi kuchlari mag’lubiyatga uchradi. Uning kuchsizlanganidan foydalangan mo’g’ullar katta qo’shin bilan Ozarbayjonga bostirib kirib Marog’a, Tabrizni 1231 yilda egallab, Jaloliddinni ta’qib etishgan. U ta’qibdan qutulib, Kurdiston tog’lariga chiqib ketgan. Ammo bu yerda qaroqchi kurdlar qo’liga asir tushib, fojiali ravishda 1231 yil 20 avgustida halok bo’ldi. Shunday qilib, 140 yil hukmronlik qilgan buyuk Xorazmshohlar davlati va uni boshqargan xonadon yakun topdi.
Jaloliddin Manguberdi O’rta Osiyo urush domiga tortilgan, siyosiy parokandilik hukm surgan bir vaqtda tarix sahnasida paydo bo’lgan edi. U Vatan va xalq erki uchun kurashib, mo’g’ullarga qarshi 11 yil kurash olib bordi. 14 marotaba mo’g’ullarga qarshi ot surib, uning 13 tasida g’oliblikni qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ldi. Mustaqillik yillarida hukumatimiz tomonidan uning xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni qaror toptirish yo’lida muhim Chora-tadbirlar amalga oshirildi Xususan, 1999 yil 5 noyabrda Xorazmda Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi tantanali nishonlandi. Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdiga muhtasham haykal o’rnatildi. 2000 yil 30 avgustda esa «Jaloliddin Manguberdi» ordeni ta’sis etildi.
Mo‘g‘ullar tomonidan mahalliy xalq ommasining haddan ziyod asoratga solinishi va ezilishi o‘z navbatida ularga qarshi aholining keskin noroziligi va g‘alayonlarining yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.
Xalq qo‘zg‘olonlaridan biri 1238 yilda Buxoro yaqinidagi Torob qishlog‘ida elaksoz hunarmand Mahmud boshchiligida sodir bo‘ldi. Mo‘g‘ul zodagonlarining mahalliy aholining yuqori tabaqasi vakillari bilan til biriktirib beChorahol xalqni talab, boylik orttirayotganligi, oddiy fuqaroning turmushi noChorlashib borayotganligi Mahmud va uning maslahatdoshlarini g‘azabga keltirdi hamda qo‘lga qurol olib mo‘g‘ullar zulmini ag‘darib tashlash uchun kurashga undadi.
Mahmudning oddiy xalq manfaatlarini himoya qilish, zolimlarning kirdikorlarini fosh etishga qaratilgan otashin so‘zlari hamda vatanparvar ruhoniylardan biri, nufuzli Shamsiddin Mahbubiyning qo‘zg‘olonchilar tarafiga utishi xalq harakatining ommaviy tus olishiga olib keldi. qo‘zg‘olonchilar tez orada Buxoroni egallab, xalq manfaatiga javob beradigan bir qator tadbirlarni ham amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldilar. Mahmud Torobiy Buxoroni egallagach, xalqqa zulm o‘tkazgan ko‘plab amaldorlarni jazolaydi hamda bir qator soliq va to‘lov turlarini bekor qiladi. Tarixchi Juvayniy bu xususda to‘xtalar ekan: “Amaldor va mu’tabar zotlarning katta qismini u (Mahmud) haqorat qildi, ayrimlarini o‘ldirdi, qolganlari qochishdi. Oddiy fuqaroga va daydilarga esa hurmat-izzat ko‘rsatdi”, deb yozgan edi.
Mo‘g‘ul bosqinchilari bu qo‘zg‘olonni bostirish uchun mahalliy amaldorlar bilan birikkan holda bir necha bor harakat qildilar. Nihoyat Karmana yaqinidagi to‘qnashuvda har ikkala tomon kata talofat ko‘radi. Ayniqsa bunda Mahmud Torobiy va Shamsiddin Mahbubiylarning halok bo‘lishi xalq qo‘zg‘olonining keyingi borishi uchun salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘p o‘tmay mo‘g‘ul hukmdorlari yuborgan ko‘p sonli qo‘shin bu qo‘zg‘olonni uzil-kesil bostiradi. Garchi qo‘zg‘olon yengilgan bo‘lsada, u Movarounnahr erksevar xalqining hurlik, ozodlik va mustaqillik yo‘lidagi mardonavor kurashi, qat’iyatini namoyon etdi. U xalqimizning keyingi ozodlik kurashlari uchun, xususan sarbadorlar harakati uchun o‘ziga xos ma’naviy asos bo‘lib xizmat qildi.
Kepakxon mamlakatda ichki savdo-sotiqni tartibga solish, xorijiy davlatlar bilan tashqi savdo aloqalarini yaxshilash maqsadida ikki xil pul birligini yo’lga qo’yadi. Yirik kumush tangalar – dinor, mayda kumush tangalar – dirham, deb yuritilgan va ularning har ikkalasiga ham bir xil nom – «kepaki» berilgan edi. Bu pul birligi, hatto temuriylar davrida ham aholi o’rtasida muomalada bo’lgan.
Chig’atoy ulusi hukmdorlari davrida yerga egalik qilishning turt xili mavjud edi: birinchisi mulki devon deb atalib, bu davlatga qarashli yerlar edi; ikkinchisi mulki inju – xon noiblari va ularning avlod-ajdodlariga qarashli yerlar. Uchinchisi mulki vaqf – masjid, madrasa, xonaqo, mozor va maqbaralarga qarashli yerlar. To’rtinchisi – xususiy mulk yerlari. Yerlar va mulklarning kattagina qismi harbiy zodagonlarga, xon oldida alohida xizmatlari bo’lgan shaxslarga «iqto’» va «suyurg’ol» yer-mulklari tarzida bo’lib berilgan. Ular «iqto’dorlar» va «suyurg’ol egalari» deb atalib, har qanday soliq, oliq va to’lovlardan ozod qilinganlar. Yirik yer egalarining – mulklarida qaram bo’lib qolgan mayda dehqonlar «kadivarlar» deb yuritilgan va ular o’z xo’jayinlariga qarashli bo’lgan yerlarga hosilning 1/3 evaziga koranda bo’lib ishlab berar edilar.
XIV asrning 40-yillaridan e’tiboran Qarshi shahri mo’g’ul xonlaridan bo’lgan Qozonxonning poytaxtiga aylanadi. U Kesh – Samarqand hududlari oralig’ida «Zanjir saroy» nomi bilan ma’lum bo’lgan saroy barpo qiladi. 1347-yilda Qozonxon mahalliy turk zodagonlari tomonidan qattiq mag’buliyatga uchraydi va Qozog’on tomonidan o’ldiriladi. Ana shu tariqa Chig’atoy sulolasi hukmronligi barham topadi.
1269 yilda Chig’atoy ulusi ikki qismga: Yettisuv – Farg’onaning Sharqiy qismi, Sharqiy Turkistondan iborat Mo’g’ulistonga va G’arbiy ulus, ya’ni Movarounnahrga bo’linib ketgan edi. «Xorazmning Sharqiy qismi ham G’arbiy ulusga qaragan». 1348 yildan boshlab Movarounnahr, ya’ni Chig’atoy ulusi yerlariga hukmronlik qilish mo’g’ullardan bo’lgan To’g’lug’ Temurga, 1363 yilda uning vafotidan so’ng esa o’g’li Ilyos Xo’ja ixtiyoriga o’tadi.
Bular jumlasiga XIV asrning birinchi yarmida ijod etib, o‘zlaridan boy meros qoldirib ketgan Xorazmiy, uning o‘zbek dunyoviy sheriyatining dastlabki ajoyib namunasi hisoblangan “Muhabbatnoma”, qutbning “Xusrav va Shirin”, Sayfi Saroyining “Suhayl va Guldursun”, “Gulistoni biturkiy” singari go‘zal dostonlarini ham nisbat berish mumkin.
Shunday qilib, XIII-XIV asrlar davomida Movarounnahr hududi mo‘g‘ullar hukmronligi bilan bog‘liq qanday ziddiyatli, murakkab hayotiy jarayonlarni boshdan kechirmasin, uning ko‘hna madaniyati ilm-urfoni o‘ziga yo‘l topib rivojlanishda davom etdi. Xalq dahosi, ijodkorligi uning asl iste’dodli salohiyatli namoyandalari sa’y-harakatlari ila sayqal topib, yangi jozibador qirralar kashf etib bordi. Bu esa, shubhasiz, o‘lka xalqlari ma’naviy merosi, qadriyatlarining mazmunan boyib, yuksalishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
1.XIV asr o’rtalarida Chingizxon egallab olgan yerlar uning merosxo’rlari qo’l ostida bo’lsa ham, bu yerlar mayda bo’laklarga bo’linib ketib, ularda toju-taxt, hokimiyat uchun o’zaro nizolar kuchayib ketgan edi. Chig’atoy ulusidagi barqarorlik Qozonxon vafotidan so’ng (1336-1347) barham topdi. Siyosiy va iqtisodiy inqiroz Amir Qazog’on (1347-1357) davrida yanada avj oldi. Amir Qazog’on fitna natijasida o’ldirilgach, XIV asrning 50-60-yillarida Chig’atoy ulusiga qarashli Movarounnahr hududida 10 ga yaqin mustaqil bekliklar vujudga keldi (Xorazmda so’fiylar, Qashqadaryoda barloslar, Ohangaron vodiysida jaloyirlar, Buxoroda sadrlar, Termiz atrofida sayidlar amirlari va boshqalar). Mustaqil bekliklarga bo’linish oqibatida beklar o’rtasida doimiy nizo, janjallar yuzaga keldi. Yurt butunligiga jiddiy havf ostida qoladi.
Buning ustiga, 1348 yil taxtni egallagan Tug’luq Temur 1360-1361 yillarda Movarounnahrga birin-ketin ikki marta bostirib kiradi. Uning xuruji ham vaziyatni yanada qiyinlashtirdi. Mana Shunday o’zaro ichki urushlar qizigan, mo’g’ullar zulmiga qarshi mehnatkash xalq harakatlari boshlangan bir davrda mamlakatda yangi siyosiy kuch yetilmoqda edi. Bunday qaltis vaziyatda siyosiy kurash maydoniga yosh Amir Temur kirib keldi.
Amir Temur, (to’liq ismi Amir Temur ibn Amir Tarag’ay ibn Amir Barqul) 1336 yil 9 aprelda Kesh, hozirgi Shahrisabz shahri yaqinidagi Xoja Ilg’or (hozirgi Yakkabog’ tumani) qishlog’ida barlos urug’ining oqsoqollaridan hamda Chig’atoy ulusining e’tiborli beklaridan hisoblangan Amir Tarag’ay (?-1360) oilasida dunyoga keldi. Amir Temurning onasi Takina xotun (taxm. 1318-1353) buxorolik.
Amir Temurning yoshligi Keshda kechdi. Yetti yoshga to’lgach, otasi uni o’qishga beradi. Shayx Shamsuddin Kulol (?-1360 yilgacha, Kesh) Temurbekning piri bo’lgan. U yoshlik chog’laridanoq maxsus murabbiylar nazorati ostida chavandozlik, ovchilik, kamondan nishonga o’q uzish, boshqa turli mashq va harbiy o’yinlar bilan mashg’ul bo’lgan. Shu asnoda Amir Temur tulporlarni saralab ajrata oladigan mohir chavandoz va dovyurak bahodir bo’lib voyaga yetgan. Amir Temur tabiatan og’ir, bosiq, teran fikrli va idrokli hamda nihoyatda ziyrak, kishilardagi qobiliyat, fazilat, ayniqsa, samimiyatni tezda fahmlab oladigan inson bo’lgan. Shu tufayli o’spirinlik chog’laridayoq atrofiga tengqurlari orasidan sadoqatli do’stlarni jalb qila olgan. Uning atrofiga bolalikdagi do’stlari va maktabdoshlari (Abbos Bahodur, Jahonshohbek, Qimori Inoq, Sulaymonshohbek, Idiku Temur, Sayfuddinbek, Hindushoh, Qarqara va boshqalar) to’planishib, birgalikda mashq qilar, musobaqalarda ishtirok etishar, asta-sekin navkar bo’lishib va harbiy guruhga birlashib, harbiy bo’linma sifatida shakllana borgan. Keyinchalik ular Amir Temur qo’shinida lashkarboshilik darajasigacha ko’tarilganlar.
Yuqorida ta’kidlab o’tilganidek, Tug’luq Temur 1360-1361 yillarda Movarounnahrga harbiy yurishlarni amalga oshirdi. Movarounnahr amirlari xalqqa bosh bo’lib mo’g’ul bosqinchilariga qarshi kurashga jur’at eta olmaydilar. Ular­ning bir qismi dushman tarafiga o’tadi, ikkinchi qismi esa el-yurtni tark etib, o’zga mamlakatlardan boshpana izlaydi. Amir Temurning amakisi Kesh viloyatining hukmdori Amir Hoji Barlos Xuroson tomonga qochadi.
Yurt boshiga tushgan mana Shunday og’ir pallada siyosat maydoniga kirgan 24 yoshli Temur xalq bilan birga bo’lishga intilib, boshqacha yo’l tutadi. U 1360 yilning boshida Tug’luq Temur tomonidan Keshga yuborilgan beklar bilan kelishib, xon xizmatiga kiradi. Natijada Tug’luq Temurning yorlig’i bilan o’z viloyatining dorug’asi (hokim) etib tayinlanadi. Shubhasiz, bu noilojliqdan qo’yilgan siyosiy hamda strategik qadam bo’lib, bu bilan Amir Temur mo’g’ullarning navbatdagi talon-tarojining oddini olgan, mamlakat va xalqni faloqatdan qutqargan edi. Biroq, Movarounnahrning hukmdori etib tayin qilingan Ilyosxo’ja va uning lashkarboshisi amir Bekkichik bilan Amir Temurning murosasi kelishmay qoladi. Shu sababdan 1361 yilning oxirida u mamlakatni tark etishga majbur bo’ladi.
Amir Temur Xivaning janubida, Urganjiy dashtida Tug’luq Temurning yana bir raqibi - qaynog’asi Amir Husayn (Husain ibn Musallab – ?-1370) bilan uchrashadi. Amir Xusayn bilan Sohibqiron Temurning bir-birlari bilan juda yaqinlashgan va yaxshi munosabatda bo’lgan davrlar 1361-1365 yillarni o’z ichiga oladi. Dastlab ular Tug’luq Temurning farmoniga binoan Amir Temurni ta’qib qilishga kirishgan Xiva dorug’asi To’qol (Tavakkal) bilan jang qiladilar va uni tor-mor keltiradi. Biroq ushbu jang oqibatida Sohibqiron g’oyat og’ir ahvolga tushadi. 1362 yil bu vaziyatdan xabar topgan Maxon (hozirgi Mari yonida) hokimi turkman Alibek Joniqurbon Ilyosxo’jaga yoqish maqsadida Temurni qo’lga oladi va zindonga tashlaydi. Temur zindonda 62 kun tutqunlikda hayot kechirgan. Bunday og’ir vaziyatda unga turkmanlarning sanjari qabilasi boshlig’i Muborakshoh yordam beradi.
1362 yilning kuzida Seyistonda viloyat (Eron va Afg’oniston chegarasida joylashgan tarixiy viloyat) hukmdori Malik Qutbiddinning tarafida turib mekroniylar bilan bo’lgan to’qnashuvda Amir Temur o’ng kafti va o’ng oyog’idan jarohatlandi. Buning oqibatida u bir umr oqsoqlanib yuradi. Shu bois undan dahshatga tushgan dushmanlari hasad bilan «Temurlang» deb atashgan. Ikki oy mobaynida Temur Garmsirda davolandi. So’ngra Balxga yo’l oldi. Bu yerda hal qiluvchi jangga tayyorgarlik ko’rdi.
Biroq Movarounnahrni qo’ldan chiqarishni istamagan Ilyosxo’ja 1365 yilning bahorida yana Movarounnahr ustiga qo’shin tortadi. Ikki o’rtadagi jang Toshkent bilan Chinoz o’rtasidagi Chirchiq daryosi bo’yida (Nizomiddin Shomiyning «Zafarnoma»siga ko’ra 1360 yil 16 iyunda) SHarafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma»siga binoan 1365 yil 22 mayda sodir bo’ladi. Tarixda u «Jangi loy» - «Loy jangi» nomi bilan shuhrat topadi. Chunki o’sha kuni kuchli jala quyib, jang maydoni botqoqlikka aylangan, hatto otlar loyga botib qolgan. Jangda amir Husaynning xiyonati oqibatida mag’lubiyatga uchraydilar va o’z qo’shinlari bilan Amudaryo bo’ylariga chekinib, Balx viloyatida o’rnashdilar. Ilyosxoja esa hech qanday qarshilikka uchramay Xo’jand, Jizzax va boshqa bir qancha shahar hamda qishloklarni egallab, Samarqand ustiga yuradi. Samarqand o’sha paytlarda katta qo’shinga qarshilik ko’rsata olmasdi. Shaharning na devori va na mustahkam istehkomlari, na qurollangan sipohiysi bor edi. Bek va amirlar shaharni tark etgan edi, lekin mo’g’ullarga qarshi xalq ko’tarildi, sarbadorlar shahar mudofaasini o’z qo’llariga oldilar. Shahar mudofaachilariga Madrasa tolibi ilmlaridan Mavlonozoda Samarqandiy, jun (paxta) tituvchilar mahallasining oqsoqoli Abu Bakr Kuluyi (Kalaviy) Naddof va mergan mavlono Xurdaki Buxoriylar boshchilik qiladilar. Sarbadorlar Samarqand shahrida mo’g’ullarga qaqshatqich zarba beradilar.
Sarbadorlarning Ilyosxo’ja ustidan g’alabasi butun Movarounnahrga ovoza bo’ldi. Bu paytda Keshda bo’lgan Amir Temur bu xabarni Amudaryo bo’ylarida bo’lgan Amir Xusaynga yetkazdi. 1366 yilning bahorida ular Samarqandga yetib keladilar va shahar yaqinidagi Konigil (Samarqandning janubiy-Sharqida, CHo’ponota tepaligi etagidagi gil koni bo’lib, bu kon yaqinida, Siyob (Obirahmat) arig’i bo’yida joylashgan keng, ko’kalamzor mavze) mavzeyiga kelib tushadilar. Beklar sarbadorlarning yetakchilari bilan muzokara olib boradilar. Uchrashuvning birinchi kunida beklar ularning sharafiga ziyofat berib, sha’niga hamdu sanolar aytadilar. Biroq ertasi kuni Abu Bakr Kuluyi bilan Xurdaki Buxoriylar dorga tortiladilar. Mavlonozodani esa Amir Temur o’rtaga tushib qutqarib qoladi. Shu tariqa sarbadorlar boshliqsiz qoldirilib, harakat bostiriladi. Movarounnahrda Amir Husaynning hukmronligi o’rnatiladi. Ammo ko’p vaqt o’tmay Husayn bilan Amir Temur o’rtasida munosabat keskinlashib, ochiqdan ochiq nizoga aylanadi. Amir Xusayn Amir Temurga yaqin bir necha beklarniisyon ko’tarishda gumonsirab, ularga katta jarima soldi. Temur do’stlariga yordam berish maqsadida bisotidan bor javohirlarni qaynog’asiga to’lab yaqin kishilarini qutqarib qoldi. To’plangan boyliklar ichida Xusaynning singlisi O’ljoy Turkonning qulog’idagi oltin sirg’a ham qo’shib tovonga kiritilgan bo’lib uni aslida Temur va O’ljoy Turkonning to’y kunlariga yaqin Xusayn tomonidan hadya qilingan edi. Javohirlar ichida sirg’a egasi kimligini bilib turib Xusayn uni qaytarib bermagan. Amir Temur bundan qattiq g’azablangan. 1366 yilda O’ljoy Turkon xotunning o’limi ham ikki hukmdorni bir-biridan ajralishini tezlashtirgan omil desak bo’ladi. 1366-1370yillar davomida ular o’rtasida bir necha bor o’zaro to’qnashuvlar ham bo’ladi.
1370 yilning bahorida Amir Temur butun qo’shinlari bilan kuchli raqib-Balx hukmdori Amir Husaynga qarshi yo’lga chiqadi. Qo’shin Termiz yaqinidagi Biyo qishlog’iga yetganida uning huzuriga taniqli ulamolardan Sayyid Baraka (?-1404) tashrif buyuradi. Sayyid Baraka Amir Temur faoliyatini qo’llab-quvvatlab, unga Oliy hokimiyat ramzi tabl (nog’ora) bilan yalovbayroq tortiq qilib, uning buyuk kelajagidan bashorat qiladi. Bu voqea, shubhasiz, siyosiy ahamiyatga ega edi. Chunki u saltanatlik ramzi edi. Amir Temur qo’shini to Balxga yetib borgunicha, yo’l-yo’lakay unga yangi-yangi kuchlar kelib qo’shiladi. Bu paytga kelib Amir Husaynning ko’pchilik amirlari uni tark etadilar. Jangda Amir Husayn qo’shinlari yengiladi, ikki kunlik qamaldan so’ng, 1370 yilning 10 aprelida Balx shahri Amir Temurga taslim bo’ladi. Amir Husayn qatl etiladi. Bu g’alabadan so’ng o’sha davrning udumiga ko’ra, Temur Amir Husayn taxtiga o’tirgach, uning xotinlaridan to’rttasini o’ziga xotinlikka tanladi, ular aql va farosatda yagona, go’zallikda tengsiz Chig’atoy ulusi xoni-Qozonxonning qizi Saroymulkxonim, Bayon sulduzning qizi Ulus og’o, Xizr-Yasavuriyning qizi Islom-og’o va Tog’oy-Turkonlar edilar. Husaynning boshqa xotinlarini Temur o’ziga yaqin kishilarga xotinlikka berdi.
Amir Temur Qozonxonning qizi Saroymulkxonim (1341-1408) ya’ni xon qiziga uylanganligi munosabati bilan Amir Temur «ko’ragon», ya’ni «xonning kuyovi» unvonini oldi. Zotan xon avlodiga mansub Saroymulkxonim haramdagi barcha malikalardan ulug’ hisoblanib, «Katta xonim» yoxud «Bibixonim» degan unvonga ega bo’ladi.
1370 yilning 11 aprelida Chig’atoy ulusining bek va amirlari, viloyat va tumanlarning dorug’alari, Amir Temurning quroldosh do’stlari, shuningdek, Amir Temurning piri Sayyid Baraka ishtirokida qurultoy o’tkaziladi. Qurultoyda Amir Temurning hukmdorligi rasman tan olinib, u Movarounnahrning amiri deb e’lon qilinadi. Lekin o’sha davrdagi vaziyatni va amirlardan bo’lganligini hisobga olib, mo’g’ullarning qarshiligini kuchaytirmaslik maqsadida xon taxtiga «soxta xon» Chingizxon naslidan Suyurg’otmish (1370-1388) o’tqazildi. Keyinchalik Amir Temur Xorazmga qilgan 4-yurishidan qaytib kelgach, Buxoroda olamdan o’tgan Suyurg’atmishxon o’rniga uning o’g’li Sulton Mahmud (1388-1404) rasmiy ravishda xon sifatida taxtga o’tqazilgan. Amalda markaziy hokimiyatni Amir Temur o’zi boshqardi. Samarqand davlat poytaxti deb e’lon qilindi. Samar­qandda mustahkam devorlar, qal’alar hamda saroylar barpo etiladi7.

Yüklə 2,66 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   139




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin