Samarqand davlat universiteti pedagogika fakulteti pedagogika kafedrasi



Yüklə 4,36 Mb.
səhifə94/204
tarix27.12.2023
ölçüsü4,36 Mb.
#199562
1   ...   90   91   92   93   94   95   96   97   ...   204
Samarqand davlat universiteti pedagogika fakulteti pedagogika ka

Jazolash-bu tarbiyalanuvchilarning xatti-harakati va faoliyatiga salbiy baho berishdir. Jazo ham o`quvchining va butun sinf manfaati uchun qo`llanadigan oxirgi tarbiya metodi. Jazo choralarini qo`llashda jismoniy jazo: urish, kaltaklash mumkin emas, bolani qo`rqitish, g’azablantirish ham yaxshi natija bermaydi, o`quvchi qo’rqqanidan yolg’on gapirishga o`rganadi, ikkiyuzlamachi bo`lib qoladi.
Maktablarda qo`llashi mumkin bo`lgan jazo choralariga quyidagilar kiradi:
Tanbeh berish eng yengil jazo chorasidir. O`qituvchi bolaga yuzma-yuz turib tanbeh beradi, buni kundaligiga yozib qo`yish mumkin.
Ogohlantirish-noma`qul xatti-harakatlarning oldini olish uchun qo`llaniladi.
Hayfsan berish-agar tanbeh va ogohlantirish kutilgan natijani bermasa, o`quvchi belgilangan intizomni buzaversa, o`quvchining aybi qay darajada va uning intizomni qanday sharoitda buzganini e`tiborga olib, unga hayfsan e`lon qilish mumkin.
Uyaltirish-qizartirish. Odamning eng nozik sezgilaridan biri uyat, or-nomus, sharm-hayodir. Odatda odamda izzat-nafs, odamiylik qancha kuchli bo`lsa, avvalo o`zini hurmat qilsa, unda or-nomus, uyat shunchalik kuchli bo`ladi. Bolalarni tarbiyalashda shu hislarni ehtiyotkorlik bilan o`stirish lozim, lekin hadeb uyaltiraverish va qizartiraverish yaramaydi. Bundan oqilona va o`z o`rnida foydalanish kerak, shundagina ijobiy natijaga umid qilish mumkin.
Jazo yaxshi o’ylab qo`llanishi lozim, qiziq ustida tinimsiz jazolash ham mumkin emas. Jazolar yakka harakterli, ya`ni bitta bo`lsin, o`quvchilarning aybiga mos, muvofiq bo`lsin, tez-tez qo`llanilmasin, jazolanuvchi ongida jazoni haqqoniy ekanligi aniq bo`lsin va ular o`z ayblarini sezsinlar. Jamoada muhokama qilish va jamoa tomonidan qo`llab-quvvatlangan jazo berilsa, uning ta`sir kuchi yana oshadi. Barcha hollarda ham jazo tarbiyalanuvchining jismoniy va ruhiy azob-uqubatlarga solmasligi, uni taxqirlamasligi, sha`nini bukmasligi kerak.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, yuqorida ta`riflab berilgan tarbiyaning umumiy metodlari o`quvchilarga pedagogik ta`sir ko`rsatish metodlarini hammasini qamrab olmaydi.
Pedagogika fani va amaliyoti har doim rivojlanib boradi, shuning uchun tarbiya jarayoni ham takomillashib boraveradi.
Tarbiyaning metodini muvaffaqiyatli qo`llanishiga, bu metod mazkur sinf jamoasining tarbiya tizimidan qanchalik o`rin olganiga, qo`llanilayotgan tarbiya vositalari qanchalik javob berishiga bog’liqdir.
2
Kadrlar tayyorlash milliy dasturida “yosh avlodni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda xalqning boy milliy madaniy, tarixiy an’analariga, urf-odatlariga hamda umumbashariy qadriyatlariga asoslangan samarali tashkiliy, pedagogik shakl va vositalar ishlab chiqilib, amaliyotga tadbiq etiladi”, - (55-bet) deb alohida ta’kidlangan. “Qobil odamni tarbiya qilmaslik – zulmkor va noqobil odamga tarbiyani behuda sarf qilish xayfdir. Tarbiyangni ayab unisini nobud qilma, tarbiyangni bunisiga zoya ketkizma”, - deb ta’kidlaydi A.Navoiy.
“Qayerda rag’batlantirish bo’lsa, umid shu tomonga yo’l oladi, qayerga don sepilsa, shu yerga qush qo’nadi” , - degan Al-Buxoriy (Al-jomye as-saxix 114-bet).
Farobiy deydi: Muallim shogirdiga nisbatan o’ta hokimlikka ham yo’l qo’ymasligi lozim, chunki o’ta hokimlik shogirdda muallimga nisbatan nafrat uyg’otadi. Agar shogird muallimning bo’shlig’ini sezsa, unda muallimga va uning o’qiyotgan ilmiga nisbatan sovish va mensimaslik paydo bo’ladi, - deb ta’kidlaydi.
J.J.Russo “Agar siz bolalardagi sho’xlikni o’ldirsangiz, hech qachon dono odamlarni voyaga yetkaza olmaysiz”, - degan fikrni bildirgan.
A.S.Makarenko “...Men ta’sir qilishning jismoniy metodiga qarshiman... Umuman jismoniy jazoni metod sifatida tan olmayman. Men jismoniy jazo foyda keltirgan biror bir oilani ko’rmadim”, - degan.
Tarbiya metodlarida insonni har tomonlama kamol toptirish maqsadida bola ongi, his-tuyg’ulari, irodasi va xulq-atvoriga ta’sir ko’rsatishga aytiladi. A.S.Makarenko tarbiya metodlarini insonga ta’sir ko’rsatishni quroli deb ta’riflagan.
Qimmatbaho marvarid donachasini oxirigacha parmalashda hadiksirab, ustalar uning bahosini tushunib yetmagan shogirdlariga berishadi. Shogirdlari butun borlig’i bilan ishga kirishib ketadi. Bunda ular qo’llari qaltiramay, qo’rqmasdan parmalashni davom ettirgan. Agar bu ishda xavfsirash bo’lsa, parmalash davomida biron bir tasodif bilan dur maydalanib ketsa, usta shogirdini shapaloq bilan tushurgan. Tarsaki zarbi ularni yaxshiroq, sifatliroq ishlashga ko’niktirgan. Dur tirmalanib bo’lgandan so’ng xavfli vaziyat o’tib ketgan.
A.R.Beruniy tarbiyachi bolalarga faqat nasihatgo’ylik qilmay, balki o’z xatti-harakati bilan namuna bo’lib ta’sir ko’rsatishi zarur", deb hisoblangan.
Bola o`qishni, tarbiya olishni istaydi, katta bo`lib jamiyat hayotida faol ishtirok etishni xohlaydi. Pedagog uni qay usulda, qanday munosabatlar sharoitida, qanday pedagogik jarayonda tarbiyalashi lozimligini bilishi kerak. Shu bilan birga bola o`zini o`zgartirishda faol ishtirokchi ekanligini ham unutmaslik lozim.
O`qituvchi-do`st, murabbiy, yo`l boshlovchi bo`lgandagina o`quvchilar o`zlarining ichki olamlarini ochib ko`rsatadilar.
Yuqorida aytganimizdek, tarbiya tarbiyachi va tarbiyalanuvchi faoliyatlarini o`z ichiga olgan ikki yoqlama jarayon. Tarbiyachilar bilim va tarbiyaga ega bo`lgan kishilar, tarbiyalanuvchilar-bilim va tajriba o`rganuvchi yoshlardir. Ammo tarbiyalanuvchilar muayyan darajada faol faoliyat ko`rsatmasalar, tajriba va bilim o`rgana olmaydilar.
Demak, tarbiya metodi tarbiyachi va tarbiyalanuvchilarning hamkorlikdagi faoliyat va o`zaro ta`sir ko`rsatish usullaridir. Shaxsni shakllantirish maqsadida, bolaning ongi, his-tuyg’ulari, irodasi, xulq-atvori va munosabatlari tizimiga ta`sir ko`rsatish uchun tarbiya metodlari ishlatiladi. Ilmiy adabiyotlarda tarbiya metodlarini tarbiya usullari, deb ham yuritiladi.
Ta`lim metodlari, o`qituvchi sinfda birinchi marta sinf xonasini tozalash uchun shanbalik uyushtirmoqda. Bolalarga ish bo`lib berishdan oldin u lattani qanday qilib ho`llash, partalarni va polni artish haqida gapirib, ko`rsatib beradi. O`qituvchining so`zi bu yerda uslub bo`lib hisoblanadi. Metod va uslub bir-biri bilan o`zaro bog’liq va pedagogik jarayon mohiyatiga ko`ra bir-biriga o`tib turishi mumkin.
O`quvchilarning jamoa va individual faoliyatlarini maqsadga muvofiq tashkil qilish uchun tarbiya shakllaridan foydalaniladi. Masalan, sinf majlisi, yig’ilishi, ertalabki saflanish, klub ishlari va boshqalar.
Tarbiya vositalari biron-bir tarbiyaviy masalani maqsadga muvofiq yo`l bilan hal qilishni tashkil etish uchun ishlatiladi (ko`rsatmali qo`llanmalar, kitoblar, radio, televidenie). Yana o`quvchilar jalb qilingan faoliyat turlari ham tarbiya vositasi bo`lishi mumkin. Kinofil’mlar, san`at asarlari, o`qituvchining jonli so`zi, bolalar o`yini, mehnat, sport, badiiy havaskorlik, ijtimoiy va boshqa faoliyat turlari tarbiya vositalari bo`lishi mumkin. Tarbiya vositalari tarbiyaviy maqsadlarni amalga oshirish uchun o`qituvchi-tarbiyachining tarbiya tizimiga kiritilishi lozim. Masalan, maktab kutubxonasi tarbiya vositasi bo`lishi uchun o`qituvchi va kutubxonachi yozuvchilar bilan uchrashuv, o`qilgan kitoblarni muhokamasini uyushtirishlari lozim.
Tarbiya natijasi tarbiyaviy jarayonning usullari, uslubi, vositalari va shakllaridan mohirona foydalanishga bog’liq.
Tarbiyachilar ta`sir etishning bola shaxsiyatiga maqbul metodni, tanlab olishlari, uning shaxsini o`zgartirish uchun kerakli sharoit yaratishlari lozim.
Tarbiya metodlari har bir bolaga, bolalalar jamoasiga alohida munosabatda bo`lishni nazarda tutadi. Shunday qilib, tarbiya jarayonida o`qituvchi yakka o`quvchi yoki sinf jamoasi manfaati yo`lida biron-bir tarbiyaviy masalani hal qilish uchun o`quvchilarning yosh va individual hususiyatlarini, tarbiyalanganlik darajalarini, pedagogik vaziyat xarakterini hisobga olgan holda ta`sir etishning turli-tuman metod, uslub va shakllarini majmuasiga tarbiya usuli deyiladi. Tarbiyaning metodlari, vositalari asrlar davomida shakllanib takomillashadi, o`zini oqlagan urf-odatlar an`anaga aylanadi. Binobarin, tarbiyada har bir xalqning o`z udumi, usuli tarixan shakllangan va tajribada sinalgan dunyoqarashi, tarbiya vositalari bo`ladi, shuning uchun tarbiya milliy va tarixiy zamindan uzilmasligi kerak.

Yüklə 4,36 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   90   91   92   93   94   95   96   97   ...   204




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin