BILIB OLING. Bajaruvchining o'zi ustida amalga oshadigan harakat yoki holatni ifodalaydigan fe'l shakli o'zlik nisbati deyiladi. O'zlik nisbati shakli fe'l asosiga -(i)n, -(i)l qo'shimchalarini qo'shish bilan hosil bo'ladi.
Taradi — tarandi, yuvdi — yuvindi, maqtadi — maqtandi.
ESDA SAQLANG. Unli bilan tugagan fe'l asosiga o'zlik nisbatining -n yoki -l, undosh bilan tugagan fe'l asosiga esa -in yoki -il qo'shimchalari qo'shiladi.
Matnni o'qing. Fe'llarni ajratib, nisbatini aniqlang va yasalishini tushuntiring.
O'zbekiston xalq shoiri Habibiy domla aruzni chuqur o'rganib va unda ijod qilib, mumtoz adabiyotimiz an'analarini baholi qudrat davom ettirgan. Shu boisdan u o'ttizinchi yillarning boshida adabiyotdan chetlatilgan, uning uchun nashriyot eshiklari yopib qo'yilgan. O'sha kezlari domla tirikchilik vajidan Andijonning chekka bir qishlog'idagi magazinda ishlashga majbur bo'lgan. («Vatan tuyg'usi»)
Berilgan qo'shimchalardan nisbat qo'shimchalarini ajrating. Ularni fe'l asoslariga qo'shib, gaplar tuzing.
-gach, -t, -uv, -ir, -n, -guncha, -la, -in, -il, -tir, -giz, -l, -gan, -chi, -li, -iz.
Nuqtalar o'rniga qavs ichidagi qo'shimchalardan mosini qo'yib, gaplarni ko'chiring.
1. Ilm zehnimizni, fikrimizni qilich kabi o'tkir qiladi, savobni gunohdan, halolni haromdan, pokni nopokdan ajra... (-t, -l, -sh)ib beradi. (A. Avloniy) 2. Ammo kampirning dodiga odam tez to'pla... (-l, -n, -t )di. (Abdulla Qahhor) 3. Uning og'ilga kirib qilgan taftishi Qobil boboga bir umid bag'ishlagan edi, bu so'zdan haddan ziyoda sev... (-il, -in, -dir)di. (Abdulla Qahhor) 4. Nurga to'ldi dara, to'ldi soy, Nur yog'... (-in, -l, -il)di qorong'i jarga. (Hamid Olimjon) 6. Yaltiraydi, doim tovla... (-t, -n, -l)ar, Oy nuriga cho'miluvchi tosh. (Hamid Olimjon)
1. O'zlik nisbati shakli qanday ma'noni bildiradi?
2. O'zlik nisbati qo'shimchalarini ayting va ularni fe'l asosiga qo'shing.
3. Hosil bo'lgan fe'llar ishtirokida gaplar tuzing.
Dostları ilə paylaş: |