2.3. Sanoat korxonalari ishlab chiqarish tuzilmasi shakllari. Ishlab chiqarishning ixtisoslashuvchi xarakteriga ko‘ra korxona ishlab chiqarish tuzilmasi 3 xil ko ‘rinishda tashkil etiladi:
- texnologik,
- buyumli (buyumli-yakunlangan),
- aralash (buyumli-texnologik).
Texnologik tuzilmaga ko ‘ra sexlarda texnologik jihatdan bir xil jarayonlar bajariladi. To‘qimachilik korxonalarida to‘quv, bezak berish sexlari, mashinasozlik korxonalarida - quyish, termik, mexanik, yig ‘ish sexlari.
Bunda ish o‘rinlarining ixtisoslashuvi chuqurlashadi, ya’ni har bir uchastkaga ma’lum bir texnologik operasiyalar biriktiriladi. Natijada ishlab chiqarishga maxsus jihozlarni joriy etish imkoniyati kengayadi.
Afzalligi:
- progressiv texnologiya jarayonlarni qo ‘llash imkoniyatining kengligi;
- asosiy vositalar va materiallardan to‘liqroq foydalanish imkoniyatining kengligi;
- texnik rahbarlikning soddaligi.
Kamchiligi:
- sexlar orasidagi kooperasiya aloqalarining murakkablashuvi;
- ishlab chiqarish siklining uzunligi;
- transport xarajatlarining ortishi.
Ishlab chiqarish tuzilmasining buyumli turi sexlarning alohida turdagi mahsulotlar, mahsulot turlarini ishlab chiqarishga moslashuvi bilan xarakterlanadi. Bunda mahsulotlarga to‘liq ishlov berish faqat bir sex doirasida amalga oshiriladi va yakunlanadi. Masalan: mashinasozlik (avtomobilsozlik) korxonalarida shassi va kuzov, motor ishlab chiqarish sexlari; tikuvchilik va poyafzal korxonalarida tikuv sexlari va h.k.
Afzalligi:
- sexlar orasidagi kooperasiya aloqalarini soddalashtiradi;
- mahsulot sifati yaxshilanadi;
- ishlab chiqarish sikli qisqaradi;
- rejalashtirish soddalashadi.
Kamchiligi:
- mahsulot turini ko ‘paytirish imkoniyati qisqaradi.
Aralash tuzilmada turli belgiga ko ‘ra ixtisoslashgan sexlar o‘zaro birga tashkil etiladi. Masalan: tayyorlov sexlari texnologik belgiga ko‘ra, ishlov beruvchi va yig ‘uvchi sexlar buyumli belgiga asosan tashkil etiladi.
Aralash (buyumli-texnologik) tuzilma mashinasozlik, tikuvchilik, mebelsozlikda keng tarqalgan.
Ichki bo‘linmalarning mamuriy xo‘jalik xususiyatiga ko‘ra ishlab chiqarish tuzilmasi turli xilda bo‘lishi mumkin. Sanoatda ishlab chiqarish tizimining sexli, sexsiz, kombinat va korpusli ko ‘rinishlari qo‘llaniladi.
Bular ichida sexli tuzilma keng tarqalgan. Sexsiz tuzilmai kichik korxonalarda tashkil etilib, bunda sexlar o‘rnida ustaxonalar, atelyelar yoki ishlab chiqarish uchastkalari tashkil etiladi. Ushbu struktura boshqaruv apparatini soddalashtirishga, boshqaruvchi bilan ishchining o‘zaro yaqinlashuviga olib keladi.
Kombinatli tuzilma yirik qayta ishlash korxonalarida qo‘llaniladi. Bunda ishlab chiqarish bo‘limlari qat’iy texnologik jarayon asosida tashkil etiladi. Korpusli tuzilmada asosiy, yordamchi va xizmat ko ‘rsatish sexlari bloklarga birlashtiriladi va har bir blok alohida binoga (korpusga) joylashtiriladi. Bunda territoriyaga talab kamayadi, transport xarajatlari qisqaradi.
Shunday qilib korxonalarda turli ko‘rinishdagi ishlab chiqarish tuzilmalari tashkil etiladi. Asosiy maqsad ishlab chiqarish xususiyatidan kelib chiqqan holda samarali shaklni tanlash va shu orqali mavjud resurslardan unumli foydalanishdan iboratdir.