Seminar mashg’ulotlari 1-mavzu. Falsafa fanining predmeti, mazmu
5-MAVZU. OLAMNING UNIVERSAL ALOQALARI VA RIVOJLANISH. FALSAFANING QONUN VA KATEGORIYALARI 83
asosga ega bo‘lmagan imkoniyat formal imkoniyatdir. Formal imkoniyat ob’ektiv rivojlanish
qonuniyatlaridan kelib chiqmaydi. Shuning uchun ham u hech qachon voqelikka aylanmaydi.
Amalga oshishi uchun hali shart-sharoitlar to‘liq etilmagan, lekin amalga oshishi qonuniy
bo‘lgan, narsa va hodisaning o‘zgarish va rivojlanish mantig‘idan kelib chiquvchi imkoniyat
abstrakt imkoniyat deyiladi. Abstrakt imkoniyat rivojlanish jarayonida ma’lum ob’ektiv va
sub’ektiv shart-sharoitlar etilganda, real imkoniyatga aylanadi.
Real imkoniyat — bu rivojlanishning asosiy tendensiyasini ifodalovchi, hozirgi sharoitda
uning ichki mohiyatidan kelib chiquvchi imkoniyatdir. Real imkoniyat konkret, ayni vaqtda
amalga oshishi mumkin bo‘lgan imkoniyatdir.
Ijtimoiy taraqqiyotda imkoniyatning voqelikka aylanishida ob’ektiv shart-sharoit hal
qiluvchi rol o‘ynaydi. Ob’ektiv shart-sharoitlar — bular inson onggidan tashqarida mavjud
bo‘lgan shart-sharoitlardir. Biroq jamiyatdagi real imkoniyatlarni voqelikka aylantirishda ongli
faoliyatning roli ham g‘oyat kattadir. Buning ma’nosi shuki, jamiyat imkoniyatlarining
voqelikka aylanishida sub’ektiv omil muhim ahamiyatga ega. Sub’ektiv omil — bu xalq
ommasi, uning ongliligi va aktiv amaliy faoliyatidan iborat. SHuning uchun ham imkoniyat va
voqelik dialektikasini o‘rganish masalasi jamiyatni boshqarishda juda katta ahamiyatga ega.
Bunda sub’ektiv omil ob’ektiv shart-sharoitlarga asoslanadi. Ularsiz sub’ektiv omilning o‘zi
hech narsani yuzaga keltira olmaydi, chunki ob’ektiv shart-sharoitlar sub’ektiv faoliyatga
nisbatan birlamchi va belgilovchidir.
Ijtimoiy taraqqiyot yo‘llarini hamisha butun ichki murakkabligi va ziddiyatligi bilan
tasavvur etish kerak. Biroq bu jarayonlarning markazida doimo inson, uning manfaatlari va
qiziqishlari turmog‘i lozim. Falsafiy dunyoqarashning o‘ziga xos eng muhim xususiyati ham
mana shundan iborat. Umuman, dialektikada yuqoridagi deterministik aloqadorliklarni
ifodalaydigan kategoriyalar o‘zaro bir-birlari bilangina emas, balki boshqa barcha kategoriyalar
bilan ham chambarchas bog‘liqlikda o‘rganishni talab qiladi.