YAqinda yiringli yallig‘lanish kasalliklari (panaritsiy, mastit, furunkul,
angina, pulpit, sinusit, otit va b.) ni boshidan kechirgan bemorlarning siydigidan
ko‘pincha stafilokokk ajraladi. Sovqotishdan yoki me’da–ichak kasalliklaridan
keyin pielonefrit paydo bo‘lgan bemorlarning siydigidan ko‘pincha ichak
tayoqchasi ajraladi. Avval qovuqni kateterlash, buyraklar va siydik yo‘llarida
operatsiya qilingan yoki asboblar bilan tekshirishlar o‘tkazilgandan (kasalxona
mikroflorasi) keyin pielonefrit paydo bo‘lgan bemorlarning siydigida proteya
guruhi bakteriyalari, ko‘k yiring tayoqchalari aniqlanadi.
Pielonefrit bo‘lgan ba’zi bemorlarda mikroorganizmlar noqulay omillar
(antibakterial terapiya, antibakterial antitelalar titri balandligi, siydik rN o‘zgarishi)
ta’sirida o‘zining qobig‘ini yo‘qotishi sababli L–shaklga va protoplastlarga
aylanishi mumkin. Bunday mikroorganizmlar oddiy oziq muhitlarda o‘smaydi,
tashqi muhit ta’siriga chidamliroq. Lekin ular uchun qulay sharoit vujudga
kelganda, yana tegishli vegetativ shakllarga aylanib, kasallikning qaytalanishiga
sabab bo‘ladi. Protoplast shakldagi mikroorganizmlar paydo qilgan pielonefritni
davolash ancha qiyin, ko‘pincha o‘tkir pielonefritni surunkaliga o‘tishiga yordam
beradi.
Dostları ilə paylaş: