Soliqlar va soliqqa tortish” kafedrasi “soliqlar va soliqqa tort
5.Soliq hisobotlarini taqdim etish va soliqni budjetga to‘lash muddatlari. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar ortib boruvchi yakun bilan chiqarilgan foyda solig‘i bo‘yicha soliq hisobini ro‘yxatdan o‘tgan joydagi soliq idoralariga yilning har choragida hisobot choragidan keyingi oyning 25 kunidan kechiktirmay, yil yakunlari bo‘yicha esa, yillik moliyaviy hisobot taqdim etiladigan muddatda taqdim etiladi.
Yuridik shaxs tugatilgan taqdirda soliq organi soliq to‘lovchidan kamroq bo‘lgan davr uchun hisobotlar, soliq hisobini taqdim etishni yozma xabarnoma topshirish yo‘li bilan talab qilib olishi mumkin. Xabarnomada buning sababi hamda hisobotlar, soliq hisobi qachon va qaysi davr uchun taqdim etilishi lozimligi ko‘rsatiladi.
Yuridik shaxsni tugatish haqida belgilangan tartibda qaror qabul qilingan taqdirda tugatish komissiyasi (tugatuvchi) 5 kunlik muddatda bu haqda soliq organini yozma ravishda xabardor qiladi.
Yuridik shaxsni tugatish xaqida qaror qabul qilingandan so‘ng soliq to‘lovchi 15 kun ichida soliq organiga hisobotlar, soliq hisobini taqdim etishi shart.
Foyda solig‘i bo‘yicha hisobotlar, hisob-kitoblar qonun hujjatlarida belgilangan shaklda taqdim etiladi.
Yuridik shaxslar foyda solig‘ini foyda solig‘i bo‘yicha hisoblarni topshirish uchun belgilangan kundan boshlab 5 kun ichida to‘laydilar.
Yilning hisobot choragida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan eng kam ish xaqining 200 barobaridan ko‘proq miqdorda foyda olgan yuridik shaxslar foyda solig‘i bo‘yicha joriy to‘lovlarni har oyning 15-kunida yilning choragi bo‘yicha foyda solig‘i summasining uchdan bir qismi miqdorida to‘laydi.
Yuridik shaxslar avans to‘lovlar summasini hisoblab chiqarish uchun yilning joriy choragi birinchi oyining 5-kunigacha soliq ro‘yxatdan o‘tgan joydagi soliq organiga yilning tegishli choragida taxmin qilinayotgan foyda hamda belgilangan foyda solig‘i stavkasi asosida ma‘lumotnoma taqdim etadilar.
Joriy to‘lovlar belgilangan muddatlargacha budjetga to‘lanmasa ularga nisbatan soliq qonunchiligida ko‘zda tutilgan har bir kechiktirilgan kun uchun hisoblangan soliq summasiga nisbatan 0,033 foiz miqdorida penya (moliyaviy jarima) qo‘llaniladi.
Taxmin qilinayotgan soliq solinadigan foydadan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i summasi hisobot davri uchun budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i summasiga nisbatan 10 foizdan ko‘proq kamaytirilgan tahdirda, davlat soliq xizmati organi joriy to‘lovlarni foyda solig‘ining xaqiqiy summasidan kelib chiqib penya (0,033 foiz) hisoblagan holda qayta hisoblab chiqadi.
Hisobot davrida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotishdan olgan foyda 200 karrali minimal ish haqidan kam bo‘lgan korxonalar chorakda bir marta soliq to‘laydilar. Ular avans (joriy) to‘lovlarni to‘lamaydilar. Avvalgi choraklarda to‘lagan soliqlari esa hisobga olib boriladi.
Soliq to‘lovchilar birinchi chorak, yarim yil va yil o‘tishi bilan yil boshidan hisoblangan yakun bilan soliqni haqiqiy olingan foydadan kelib chiqib foydaga soliqni mustaqil o‘zlari hisoblab chiqadilar. Yil mobaynida to‘lagan soliqlari hisobot yilida hisoblangan soliq summasidan hisobga olinadi.
Haqiqiy olingan foydaga qarab hisoblangan soliq summasi (farqi) budjetga choraklik va yillik moliya hisoboti topshirish mo‘ljallangan kungacha to‘lanadi.
Ortiqcha to‘langan soliq summasi kelgusi to‘lovlarga o‘tkaziladi yoki soliq to‘lovchiga boshqa soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlardan qarzi bo‘lmasa undan yozma ariza olgan kundan boshlab 30 kun ichida korxonaga qaytariladi.
Foydadan soliqni hisoblash va budjetga o‘tkazish javobgarligi foydalaridan soliq to‘lashni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar zimmasiga tushadi.
Dividend va foizlar to‘lovchi yuridik shaxslar qo‘yidagi shaklda soliq hisobini topshiradilar va to‘lov amalga oshirilgan oydan keyingi oyning 5 kuni ichida soliq summasini budjetga o‘tkazadi.